Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Mastning gapi haqida

28.11.2024   4841   9 min.
Mastning gapi haqida

Bismillahir Rohmanir Rohiym

48 - وَلاَ تَحْكُمْ بِكُفْرٍ حَالَ سُكْرٍ بِمَا يَهْذِي وَيَلْغُوا بِارْتِجَالِ

 

Ma’nolar tarjimasi:

Mastlik holatida aljirashi va bema’ni gaplarni gapirishi sababli kufrga hukm qilib yubormagin.

 

Nazmiy bayoni:

Mast kimsa kufrga hukm etilmas,
O‘ylamasdan behuda aljiragan, bas.


Lug‘atlar izohi:

لاَ – nahiy harfi.

تَحْكُمْ – ko‘plab nusxalarda  يُحْكَمْ لَا bo‘lib g‘oib siyg‘asida kelgan. Ammo ushbu muxotob nusxasi mo‘tabar hisoblanadi.

بِ – zoida jor harfi.

كُفْرٍ– jor va majrur maf’ullikka ko‘ra nasb o‘rnida turibdi.

حَالَ – zarf, muzof. 

سُكْرٍ – muzofun ilayh. Mastlik deganda kishini aqlidan to‘sib turadigan holat tushuniladi.

بِمَا – “sababiya” va “masdariya” ma’nosida kelgan harflar.

يَهْذِي – bu fe’l “aljirash” ma’nosidagi هَذَيَانٌ masdaridan olingan.

يَلْغُوا – bu fe’l “bema’ni gaplarni gapirish” ma’nosidagi لَغْوٌ masdaridan olingan.

ارْتِجَالِ – “tayorlanmasdan gapirish”, “o‘ylamasdan gapirish” ma’nolarini bildiradi. 


Matn sharhi:

Harom qilingan ichimliklarni iste’mol qilish gunohi kabira bo‘lib, uning dunyodagi zararlaridan biri insonni aytayotgan so‘ziga parvo qilmaydigan, qilayotgan ishlariga javobgarlikni his etmaydigan darajaga tushirib qo‘yishidir. Agar biror kimsa ana shunday ayanchli holatga tushsa, uning aytayotgan so‘zlari ham boshqalar tarafidan inobatga olinish darajasidan pastga tushadi. Hamma uning aytayotgan so‘zlari e’tiborga olinishga arzimasligini yaxshi biladi. Ammo ana shunday mast kishi shariatda kufr hisoblangan kalimani aljirasa-chi, u kufrga hukm qilinadimi, yo bunda ham uning so‘zlari e’tiborga olinmaydimi? O‘shiy rahmatullohi alayh ana shu masalaga javob qilib,

Mast kimsa kufrga hukm etilmas,
O‘ylamasdan behuda aljiragan bas
,

degan. Abdulhamid Mahmud Tohmoz “Fiqhul hanafiy fi savbihil jadid” kitobida quyidagilarni yozgan: “Mast kishi dindan qaytsa, murtadlikka hukm qilinmaydi. Chunki murtadlik kufrga e’tiqod qilish jihatidan yoki din hukmlarini arzimas hisoblash jihatidan yuzaga keladi. Mast kishida esa, to‘liq idrok etish bo‘lmagani uchun, kufrga e’tiqod qilish ham, arzimas hisoblash ham bo‘lmaydi. Chunki bular idrok etish bilan bo‘ladigan narsalardir. Ushbu so‘z zohiriy jihatdan chiqarilgan hukmdir. Ammo uning qalbidan nima o‘tayotgani Alloh taologa ma’lum, agar kufr kalimasining ma’nosini bilib turib, qasddan aytgan bo‘lsa, kofir bo‘ladi. Agar bilmasdan aytib qo‘ygan bo‘lsa, kofir bo‘lmaydi”[1].

 

Nomavjudning “shay” emasligi bayoni

49 - وَمَا الْمَعْدُومُ مَرْئِيًّا وَشَيْئًا لِفِقْهٍ لاَحَ فِي يُمْنِ الْهِلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi:

Nomavjud ko‘rilgan ham, “shay” ham emas, (bu ma’no) fahm uchun hilolning barakasida zohir bo‘lgandir.


Nazmiy bayoni:

Nomavjud ko‘rilmas, “shay” ham emas bil,

Hilol nurlarida zohirdir dalil.


Lug‘atlar izohi:

مَا – nafiy harfi.

الْمَعْدُومُ – nafiy harfining ismi. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosini anglatadi.  

مَرْئِيًّا – nafiy harfining xabari. 

شَيْئًا – Sibavayh “shay”ni shunday ta’riflagan: “Shay – uni bilish va u haqida xabar berish mumkin bo‘lgan barcha narsadir”.

لِ – “ta’liliya” (izohlamoq) ma’nosida kelgan jor harfi.   

فِقْهٍ – “fahm” va “dalil” ma’nolarini anglatadi.

لاَحَ – “ko‘rindi”, “zohir bo‘ldi” ma’nolaridagi moziy fe’li.

فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.

يُمْنِ – “baraka” ma’nosida kelgan. Jor majrur لاَحَ fe’liga mutaalliq.  

الْهِلاَلِ – yangi oyning avvalida ingichka bo‘lib ko‘ringani uch kungacha “hilol” deyiladi, undan keyin to oyning oxirigacha “qomar” deyiladi. Chunki هَلَّ fe’li “zohir bo‘ldi”, “kuchaydi” ma’nolarida ishlatiladi. Oy yangi chiqqan paytda  odamlarning “oy chiqibdi” degan ovozlari kuchaygani uchun uch kungacha hilol deyiladi. 

 

Matn sharhi:

Ushbu baytda Alloh taologa hali vujudga keltirmagan narsalari ko‘rinish-ko‘rinmasligi, va ularga “shay” deyish mumkin yo mumkin emasligi to‘g‘risida so‘z yuritilgan.  

O‘shiy rahmatullohi alayh mazkur narsalar to‘g‘risida Ahli sunna val- jamoaning e’tiqodi qanday ekanini bayon qilgan. “Hilol nurlarida zohirdir dalil”, ma’nosidagi degan so‘zlari bilan mutakallimlar aniq bayon kelmagan va biror qoidaga ham xilof  bo‘lmaydigan paytda qo‘llashadigan qiyosiy dalilga ishora qilgan. “Tuhfatul aoliy” kitobida bu haqida quyidagilar aytilgan: “O‘shiy ushbu so‘zlari bilan mutakallimlar huzurida “yashirinni ko‘rinib turganga qo‘shish” deb nomlanadigan dalilga ishora qilgan. Mutakallimlar biror aniq bayon kelmagan  va uni qo‘shishda biror qoidaga xilof chiqish ham bo‘lmagan paytda ushbu dalilni ishlatganlar. Dalil shuki, oy  mavjud bo‘lib turgan vaqtida kunma-kun nuri ziyoda bo‘lib boradi. Oyni nomavjud vaqtda ko‘rib bo‘lmaydi, faqat vujudga kelgan paytdagina ko‘rib bo‘ladi. Shunday ekan, oydan boshqa narsalar ham ko‘rilishda u kabi, balki undan ham avloroq bo‘ladi. Chunki nur ko‘riladigan narsalarning eng yorqinrog‘idir. Modomiki, shunday nurli oy nomavjud holida ko‘rilmay mavjud holida ko‘rildimi, bundan ko‘rishning illati mavjud bo‘lish ekani bilinadi. Xuddi guvohlikning illati o‘sha yerda hozir bo‘lishi shartligi kabi. Mazkur illat bandalarga zohir bo‘lib turgan narsalarda shunday bo‘lganidan keyin, ularga zohir bo‘lmagan narsalarda ham  shunday bo‘ladi. Chunki illatlar zohir bo‘lgan va zohir bo‘lmagan  narsalarda farqli bo‘lmaydi”[2].

Nomavjudning narsa deb atalish yo atalmasligi ham Ahli sunna val-jamoa va mo‘taziliy firqasi orasidagi farqlardan biridir.  Mo‘taziliylar nomavjud “shay” deyiladi, chunki narsalarning “shay”ligi ya’ni mutlaqo borligi  Allohning yordami bilan bo‘lmaydi, balki ularning yo‘qlikdan borliqqa chiqarilishi Allohning yordami bilan bo‘ladi, deyishgan. Ushbu so‘zlariga oyatdan dalil keltirishgan: “Albatta, soat (qiyomat) zilzilasi ulkan “shay” (narsa)dir”[3].

Ushbu oyatda hali vujudga kelmagan qiyomat zilzilasi ulkan “shay”[4] deyilmoqda, bu esa nomavjudning “shay” deb atalishiga ochiq dalildir, deyishgan.     

 Ularning bu qarashlariga, qiyomat zilzilasi vujudga kelgan vaqtda ulkan “shay” bo‘ladi, Alloh taoloning ilmida uning vujudga kelishi aniq bo‘lganidan shu tarzda xabar berilgan deya javob berilgan. 

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh mo‘taziliylarga raddiya qilib quyidagilarni yozgan: “Mo‘taziliylar: “Nomavjud ham “shay” deyiladi. Chunki narsalarning “shay” bo‘lishi Allohning yordami bilan bo‘lmaydi. Balki ularning yo‘qlikdan borliqqa chiqarilishi Allohning yordami bilan  bo‘ladi”, deyishgan.  Ularning bunday deyishlari maxluqotlar azalda bo‘lgan-u, lekin yo‘qlikdan borliqqa chiqarilmagan, so‘ngra borliqqa chiqarilgan, deb tasdiqlashga o‘xshab qoladi. Bunday tasdiqlash esa tavhidni inkor qilish bo‘ladi”[5].

Mo‘taziliy firqasining mazkur qarashi yunon falsafasidan ta’sirlanishlari natijasida paydo bo‘lgan.


Keyingi mavzular:

Takviyn sifati haqida e’tiqodimiz;
Rizq tushunchasi haqida e’tiqodimiz.

 


[1] Abdulhamid Mahmud Tohmoz. Fiqhul Hanafiy fi savbihil jadid. – Damashq: “Dorul Qalam”, 2009. – B. 283.
[2] Muhaqqiqlar guruhi. Tuhfatul aoliy. – Misr: “Axtar bosmaxonasi”, 1887. – B. 80.
[3] Haj surasi, 1-oyat.
[4] “Shay” kalimasi arab tilida ikki xil ma’noda ishlatiladi:

1. Masdar ism;
2. Jomid ism.

Masdar ism ham ikki xil ma’noda qo‘llanadi:

1. Ismi foil;
2. Ismi maf’ul.

“Shay”ni ismi foil ma’nosida Alloh taologa nisbatan qo‘llash joiz hisoblanadi. Ismi maf’ul ma’nosida esa joiz bo‘lmaydi.

“Shay”ni jomid ism deb e’tiborga olinganda “mutlaqo bor” ma’nosini ifodalaydi. Bu ma’noda uni boshqa “bor narsalarga” qaraganda Alloh taologa nisbatan qo‘llash haqli bo‘ladi.

[5] Imom Abu Mansur Moturidiy. Kitab Tavhid. – Bayrut: “Dorul kutubil ilmiya”, 2006. – B. 64.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   1520   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi