Davlat rahbariga ijtimoiy muhitni mustahkamlash hamda diniy ma’rifatni rivojlantirish borasidagi ishlar haqida axborot berildi.
O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Konstitutsiyamizda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Ming shukrki, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti hukm surmoqda. Barcha din vakillari ibodat amallarini emin-erkin ado etmoqda.
Oxirgi besh yilda diniy-ma’rifiy sohaga oid 3 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni va ko‘plab qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilishda ularning ijrosi din vakillariga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Xususan, yurtimiz musulmonlari uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida 100 dan ortiq masjid barpo etildi, 555 tasi ta’mirlandi. Diniy tashkilotlar uchun bino qurilishiga yer ajratish tartibi joriy qilindi.
Haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirildi. Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajardi. Umra safarlarini tashkil qilish qonuniy tartibga solindi.
Sohada malaka va ilm masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy-tadqiqotlarga zamin bo‘lmoqda. Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasida malakali mutaxassislar tayyorlanayapti. Shuningdek, 30 ming fuqaro “Qur’oni karim va tajvid” kurslarini tamomladi.
Qabristonlarni obod qilish – savobli ish. So‘nggi yillarda Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari obod qilindi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida bunyodkorlik davom etmoqda. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham 90 ta ziyoratgoh ta’mirlanib, obodonlashtirildi.
Islom ma’rifatini keng yoyish va tajriba almashish maqsadida xalqaro aloqalar ham kengaytirilmoqda. Jumladan, bu yil yurtimizda “Islom – ezgulik va tinchlik dini” hamda “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazildi.
Ma’lumki, bugun kibermakonda xavf-xatarlar kuchayib bormoqda. Chegaralar va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal g‘oyalar ham kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholining nisbatan zaif qatlamlari, jumladan, yoshlar turli noqonuniy guruhlar ta’siriga tushib qolayotgani afsuslanarli. Butun jamoatchilik bundan ogoh bo‘lishi, ulamolar va nuroniylar to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi kerak.
Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari tajribasi asosida mahallalarda “Oqsoqollar va ota-onalar kengashlari” tuzilgani bunda muhim o‘rin tutmoqda. Yurtimiz hojilarining “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan tashabbusi ham ijtimoiy vaziyatni yaxshilashda ijobiy qadam bo‘ldi.
Bunday xayrli ishlarni davom ettirib, mahallalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni ilmu hunarga chorlash muhimligi aytildi. Mutasaddilarga ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish, bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mamlakatimizdagi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati