Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Yaxshi so‘z sadaqadir", dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
2. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Har bir yaxshilik sadaqadir", dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
3. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Yo‘ldan aziyat yetkazovchi narsalarni olib tashlash sadaqadir", dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
4. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Birodaring yuziga tabassum bilan qarashing sadaqadir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
5. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish (amru ma’ruf va nahiy a’nil munkar) sadaqadir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
6. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo‘lidan adashganga yo‘l ko‘rsatish sadaqadir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
7. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Chelagingdagi suvdan birodaringni chelagiga quyib berishing sadaqadir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
8. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Ko‘zi ojiz kishiga yordam berishing sadaqa", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
9. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Ko‘ringanga salom berish sadaqadir", dedilar.
10. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Salomga alik olish sadaqadir", dedilar.
11. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kim birodarining oldiga zimmasidagi haqni ado etish uchun yurib borsa, har bir qadamiga sadaqa yoziladi", dedilar.
12. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Alloh azza va jallani zikr qilish sadaqadir", dedilar.
Davron NURMUHAMMAD
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir janoza olib o‘tildi, shunda u zot alayhissalom: "Tin oluvchi va undan tin olinuvchi", dedilar.
"Yo Allohning Rasuli, tin oluvchi va undan tin olinuvchi nima?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Mo‘min banda (vafot etsa) dunyoning qiyinchiliklaridan istirohat oladi. Fojir banda (o‘lsa) undan bandalar, elu yurtlar, dov-daraxtlar va jonzotlar qutuladilar", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz vafot etganida unga o‘rni ertayu kech ko‘rsatib turiladi: agar jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan ekani, do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan ekani. "Alloh seni qiyomat kuni qayta tiriltirgunicha sening o‘rning mana shudir", deyiladi", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).