Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir qiz aytadi: «O‘rta maktabda o‘qigan paytimda nihoyatda asabiy edim, bir kunda bir necha martalab yig‘lar edim. G‘am, qayg‘u tinimsiz meni ta’qib qilar, shu yoshimdayoq hayotdan sovib bo‘lgan edim. Umidsizlik, tushkunlik botqog‘iga botib, hayotning yoqimli ta’mini unutayozgandim. Bunday qattiq tushkunlik qarshisida onam nye qilarini bilmay, meni ruhiy bemorlar shifokoriga olib borishga majbur bo‘ldi. Shifokor ayol o‘z ishining ustasi, hammaning ishonchini qozongan ayol ekan. Bunga o‘zim ham guvoh bo‘ldim. U meni sinchkovlik bilan tekshirib ko‘rib, hayotda aziyat chekib yashashimning sabablarini tushuntirib berdi. So‘ngra shunday dedi: «Senga tinchlantiruvchi dorilar yozib berish men uchun juda oson! Lekin undan ham samarali yo‘l bor. Bu – namoz! Bu muolajani senga o‘xshagan juda ko‘p bemorlarimda sinab ko‘rganman, natija juda yaxshi bo‘lgan. Qiladigan ishing – qachon salgina bo‘lsa-da, g‘am-tashvish cheksang, tahorat qilib, ikki rak’atgina namoz o‘qiysan. Lekin namoz o‘qiyotganda Alloh taoloning «Ular – iymon keltirgan, qalbi Allohning zikri bilan orom topganlardir. Bilingki, qalblar Allohning zikri ila orom topur!» degan oyatiga ishonishing kerak (Ra’d surasi, 28-oyat). Lekin namoz o‘qiganda Alloh g‘amlaringni ketkazishiga, qalbing Allohning zikri bilan orom topishiga to‘liq ishongan holingda o‘qishing kerak. Chunki iymon keltirgan odam qalbi Allohga doimo bog‘liq ekanini his qiladi. Bunday qalb dunyoda hamma narsa Allohdan ekanini yaxshi biladi. Bundan tashqari, namozning har bir qismi zikrdir. Buni Allohning «Men – Allohman, Mendan o‘zga iloh yo‘q. Menga ibodat qilgin, Meni zikr qilish uchun namozni qoim qilgin» degan so‘zi ham tasdiqlaydi (Toho surasi, 14-oyat)».
Shifokor ayol so‘zida davom etdi: «Birinchi navbatda farz namozlarga mahkam bo‘lasan, lekin g‘am-qayg‘uga qarshi dorini ham to‘xtatmaysan – ikki rak’at nafl namozni ham kuniga kamida uch marta, ikki hafta o‘qiysan. Ikki haftadan keyin yana kelasan».
Men uning tavsiyalaridan qanoat hosil qildim. To‘g‘risi, aslida farz namozlarga ham beparvo edim. Shuning uchun birinchi navbatda ularga qat’iy rioya qila boshladim. Bundan tashqari, qayg‘uga tushgan vaqtimda ham kuniga uch mahal nafl namoz o‘qishga bel bog‘ladim. Avvaliga u qadar katta o‘zgarish sezilmadi. Keyingi uchrashuvimizda shifokorga holatimni aytgan edim, kulib, «Demak, sen sifatsiz yoki qalbaki dori ichyapsan ekan», dedi. Men hayron bo‘lib, beixtiyor «Qanaqasiga?» deb yubordim. Shifokor sal jiddiylashdi: «Namozingni shosha-pisha, xushu’siz o‘qiyotgan bo‘lsang, oyatlarning ma’nosini tafakkur qilmayotgan bo‘lsang, namozning ta’siri ham shunga yarasha bo‘ladi. Xuddi doriga o‘xshab, namoz tarkibida ham faol moddalar bor – xushu’ va tadabbur. Mayli, boshida shunaqa bo‘ladi. Bu dorini yana ikki hafta sinab ko‘raylik. Lekin bu safar xushu’ bilan o‘qishga harakat qilgin! Har doim o‘qiydigan suralaringni emas, yangilarini o‘qigin. Inshaalloh, albatta foydasini ko‘rib, xursand bo‘lasan».
Men uning so‘zlaridan ta’sirlanib, chuqur o‘yga tolgancha uyga qaytdim. Namozlarni sokinlik bilan, xushu’ bilan o‘qiy boshladim. Rostdan ham, avvallari namozni xuddi shifokor aytganidek, qush don cho‘qigandek shoshilib, tez o‘qir edim, maqsadim go‘yo namozni tezroq tugatish bo‘lar edi, xolos. Undan tashqari, bu safar yangi suralar, yangi oyatlarni o‘qiy boshladim. Avvallari esa, shifokor aytganidek, har namozda Fotihadan keyin faqat Ixlos bilan Falaq suralarini o‘qiyverardim. Namozning halovatini mana endi his qila boshladim. Uning g‘am-alamlarimga ham ta’sir qilayotgani ich-ichimdan seza boshladim. Ikki hafta o‘tgach, shifokorning oldiga avvalgidan butunlay boshqa kayfiyatda, shahdam qadamlar bilan kirib bordim. Bu safar mutlaqo xotirjam edim, hayotga ishonch bilan, ochiq yuz bilan qarayotgan edim. Shifokor ham meni tabassum bilan qarshi olib, «Hayotimda uchratgan eng yaxshi bemor sen bo‘lding! Judayam qat’iyatli qiz ekansan. O‘zingga ishonching kuchli ekan, shuning uchun ham Alloh senga tezda shifo berdi. Inshaalloh, bugundan boshlab endi hech qachon psixologga ishing tushmaydi. Sharti shuki, farz va sunnat namozlarga mahkam bo‘l! Zarurat tug‘ilganda esa kuniga uch marta qayg‘u dori ichasan, ya’ni namoz o‘qiysan», dedi. U meni maqtab-maqtab, namozga, ibodatga yanada shijoatlantirib yubordi.
Bu voqeaga ancha yillar bo‘ldi. Parvardigorga hamdlar bo‘lsinki, o‘shandan beri ruhiy holatim a’lo darajada. Endi men faqat namozlarga beparvo bo‘lib qolsam yoki namozni xushu’siz o‘qisamgina qayg‘uga tushaman. Qayg‘ularimning sababi darhol yuzaga chiqadi, shunda xushu’ bilan, xuzu’ bilan namoz o‘qishga turaman. Qarabsizki, qayg‘ularim chekinib, qalbimga xotirjamlik inadi».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi