Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446
Maqolalar

Isrof qilish — saxiylik emas

29.11.2024   3897   9 min.
Isrof qilish — saxiylik emas

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratib, ularni Yer yuzini makon tutib, undagi ne’matlardan foydalanib hayot kechirishga buyurdi. Yana bandalariga behisob ne’matlarni ato etib qo‘ydiki, bularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Alloh taoloning O‘zi bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat etadi:

“Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Robbiga) juda noshukrdir”.

“Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, Alloh kechirimli va rahmlidir”.

Ammo insonlarga shuncha ne’matlarini ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Bu borada Qur’oni karim bunday ta’lim beradi: 

“...Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmas”.

Boshqa bir oyati karimada esa bunday marhamat etadi: “U (Alloh) shunday zotki, (so‘ritoklarga) ko‘tarib qo‘yiladigan va ko‘tarib qo‘yilmaydigan (uzumzor) bog‘larni, ta’mi turlicha (bo‘lgan) xurmo va mevali daraxtlarni, (rang va ta’mda) o‘xshash va o‘xshamas zaytun va anorlarni paydo qildi. Meva hosil qilganda, mevasidan tanovul qilingiz! Hosil yig‘ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini) beringiz va isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”.

 

Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Qur’oni karimda isrofning zarari, isrofgarning mazammati haqida bir necha oyati karimalar bor. Alloh taolo aytadi: (Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz”.

Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning sifatlarini zikr etar ekan, ularning isrofgar ham, xasis ham bo‘lmasliklarini bayon etadi: “(Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir”.

Abdulloh ibn Abbosdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver», deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati). Faxri koinot aytganlaridek: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga o‘tmanglar»; «Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi”. Yana bir hadisda: “Isrofgar jannatga kirmaydi”, deyilgan. 

Lekin taassuflar bo‘lsinki, bugungi kunga kelib aksariyat hollarda  isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay birvarakayiga isrof qilinyapti. Xonadonlarimizda ortib qolgan taomlar tashlab yuborilmoqda. Axlat uyumlari orasida eng aziz ne’mat bo‘lmish non ham paydo bo‘lgani ayniqsa achinarli holat. 

To‘ylar, bayramlar, tantanalar va boshqa marosimlardagi isrofgarchiliklar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Yeyishga yaroqli qancha ne’matlar uvol bo‘lib ketadi.   Borgan sari to‘yhashamlarimiz dabdabali tus olib boryapti, kundan-kunga yangi-yangi turdagi tantana va marosimlar, yangi-yangi turdagi isrofli, dabdabali odatlar paydo bo‘lmoqda. Agar ahvol bu ketishda bo‘lsa, kelajakda bunday marosimlar xalqimiz boshiga ne kulfatlarni solarkin, deb o‘ylab qolasan kishi. 

Bitta nahorga osh berish uchun ba’zilar kamida yigirma-o‘ttiz ming dollarlik pul sarflaydi. Undan keyin yoki undan oldin yana bir talay marosimlar ham bor. To‘y kelar, sabzi to‘g‘rar, nikoh bazmi deymiz. Bu hali hammasi emas. Charlar, chaqiriq, hayit undan keyin qovurdoq, beshikto‘y va hokazolar bor. Yana boshqa turli-tuman xarajatlar ham bor o‘rtada. Dabdabali mebellar, hashamatli pardalar, turli-tuman qimmatbaho sarpolar. Xullas, aql bovar qilmas darajada katta mablag‘lar talab qiladigan mana shunday o‘tkinchi marosimlar uchun umrimizni ketkizib ishlaydigan bo‘lib qolayapmiz. Umr bo‘yi topgan-tutganlarimizni sog‘ligimizni tiklashga emas, yaxshi yeb, yaxshi ichishga emas balki, yuqoridagi dabdabali marosimlarni o‘tkazish uchun yig‘adigan bo‘lib qolyapmiz. 

Undan ko‘ra mazkur marosimlarimizni biroz qisqartirsak, biroz ixchamlashtirsak o‘zimizga yaxshi emasmi? Bahonada qanchaqancha mablag‘ isrof bo‘lmasdan qora kunlarimizga yarardi. Ozgina o‘zimizga ham tuzukroq qarashga, sog‘ligimizni tiklashga, farzandlarimizga tuzukroq e’tibor qaratishga qo‘limizda imkoniyat paydo bo‘lardi. Katta-katta qarzlarga botib, ahvolimiz parishon bo‘lib yurmasdi. Nima uchun foniy bu dunyoda, sinov dunyosida o‘zimizni bu qadar qiynashimiz kerak? Nimadan qo‘rqamiz? Odamlarni gapirishidanmi? G‘iybatlardan qo‘rqmaylik birodarlar. Odamlarni gapidan qo‘rqib, qarzga botib, dabdabali maroismlarni o‘tkazganimizdan so‘ng ertaga ahvolimiz tang bo‘lib qolsa, o‘sha odamlar qutqaradimi bizlarni?! O‘sha odamlar besh-o‘n so‘mdan pul berib yordam qiladimi?.. 

Bundan tashqari, ertaga bunday isrofgarchiliklardan albatta qiyomat kunida so‘ralamiz. Bitta farzandini to‘yi uchun butunboshli bir hovli-joy qilsa bo‘ladigan pullarni sovurayotganlar qiyomat kunida nima deb javob beradilar? “Undan ko‘ra o‘sha pulingni yarmini qiynalayotgan, kam ta’minlangan xonadonlarga bo‘lib bersang bo‘lmasmidi, qarindosh-urug‘ingdagi hojatmandlarning hojatini chiqarsang bo‘lmasmidi,  molu dunyoni senga nima uchun berdik, mana shunday dabdababozliklar uchunmi?”, - deya so‘roqqa tutilsa, isrofgar banda nima deb javob beradi?! Hech shu haqda o‘ylab ko‘rganmizmi? Azizlar mana shu haqda yaxshilab o‘ylab qo‘yaylik. Ertang qiyomat kunida beriladigan savolga javob topib qo‘yaylik. Javobimiz ham to‘g‘ri bo‘lsin, shar’an o‘rinli javob bo‘lsin...  Agar aytadigan javobimiz o‘rinli javob bo‘lmasa, holimizga voylar bo‘ladi, na’uvzu bilaah... 

Alloh taolo bizga hayot, sog‘liq, oila, mol-mulk kabi ne’matlar in’om etgan. Biz ulardan qanday foydalanganimiz, qayerga sarf qilganimiz haqida oxiratda so‘ralamiz. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi 

 «So‘ngra ana o‘sha Kunda, albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursizlar!» (Takosur, 8).

Bizning bugungi kunda qilayotgan dabdabali marosimlarimizni saxovat ham deb bo‘lmaydi. Saxovat deb darhaqiqat ehsonga muhtoj bo‘lgan odamga qilinadigan yaxshilikka aytiladi. Ochlarga beriladigan taomga saxovat deyish mumkin. Bizning to‘ylarimizga keladigan minglab kishilardan nechtasi qorni och odamlar? Menimcha, qorni ochlar umuman aytilmasa kerak bunday marosimlarimizga. To‘g‘rirog‘i, qorni ochlarni nafaqat ziyofatga aytish, balki ularni umuman tanimaymiz, undaylar bilan tanish-bilish bo‘lishni o‘zimizga or deb bilamiz. 

 

Xayr-ehson va ziyofat berishdan asosiy maqsad muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘lmog‘i darkorligi to‘g‘risida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Taomlarning yomoni qorni ochlar qolib, qorni to‘qlar chaqirilgan ziyofatdir”.

Hazrat Navoiy "O‘t ishi — qovurmoq, yel ishi — sovurmoq", deydilar. Yana deydilarki: «Isrof saxo emas va itlofni (yo‘qotish, barbod qilishni) ma’no ahli saxo demas». Ya’nikim, isrof qilish — saxiylik emas, o‘rinsiz sovurishni aqlli odamlar saxiylik demaslar. Halol molni kuydirganni devona derlar. Yorug‘ joyda sham’ yoqqanni aqldan begona derlar.

Xudo molig‘a qilmoq isrof ne?
Junun ahlidek muncha itlof ne?

Islomda mol-ashyo ham izzatlidir. Molni isrof qilgan, talofot bergan jazosini oladi. Alloh taolo bizga molu dunyo ato etgan ekanmi, uni isrof qilmasdan, baxillik ham qilmasdan, me’yorida ishlatsak, me’yorida saxovat qilsak, birovga muhtoj bo‘lib qolmaymiz, qarzga ham botib qolmaymiz, yuzimizning suvi ham to‘kilmaydi inshoalloh...  

Muqaddas dinimiz barqaror hayot kechirish uchun tejamkor bo‘lish va isrofdan saqlanishga buyuradi. Bunga amal qilgan ota-bobolarimiz har bir ne’matni e’zozlashgan, uni isrof qilishmagan, uvolidan qo‘rqishgan. Ammo so‘nggi paytlarda ba’zilar to‘y-ma’raka marosimlarida kimo‘zarli qilishga, o‘zini ko‘z-ko‘zlashga va isrofgarchilikka o‘tib ketyapti. Asli amallarni bajarishda haddan oshib, savob emas, gunoh orttirib olishyapti.

Azizlar, mana shunday holatlarda bashariyat sayyidi bo‘lmish suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning kechirgan hayotlarini ozgina esga olaylik. Ul zot qanday yeb-ichdilar? Hech to‘yib ovqatlanganmilar? Arpa unidan tayyorlangan nonga qornilari to‘yganmi? Oq non degan narsani ko‘rganmilar? Subhanalloh... Allohning eng aziz bandasi bo‘lmish Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallam ko‘pincha qorinlari ochligidan oshqozonda paydo bo‘lgan ochlik alangasini so‘ndirish uchun qorinlariga tosh bog‘lab yurardilar.    

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotidan yillar o‘tib, bir kuni Abu Hurayra roziyallohu anhuni qovurilgan qo‘y go‘shtiga taklif qilishganda, ko‘zlariga yosh kelib, Allohning elchisi bu dunyodan bunday taomni ko‘rmasdan o‘tdilar, deya burilib ketgan ekanlar... 

Isrofgarchilikka berilgan paytlarimizda shu narsalarni ham birrov esga olsak foydadan xoli bo‘lmasdi...

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   6904   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.