Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam jumada xutba qilib turganlarida bir odam huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli, chorvalar halok bo‘ldi, yo‘llar kesildi. Allohga duo qiling!» – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qildilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«U zot qo‘llarini ko‘tarib: «Allohim! Bizga najot (yomg‘iri) ber! Bizga najot (yomg‘iri) ber! Bizga najot (yomg‘iri) ber!» – dedilar. Jumadan jumagacha yomg‘irda qolishdi. Shunda haligi odam kelib: «Ey Allohning Rasuli, uylar yiqildi. Yo‘llar qirqildi. Chorvalar halok bo‘ldi», – dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohim! Tog‘lar va adirlar ustiga, vodiylar ichiga va daraxtlar o‘sadigan joylarga», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Allohim! Atrofimizga, bizning ustimizga emas!» – dedilar. O‘shanda (bulutlar) Madinadan xuddi kiyim yechilgandek sug‘urilib ketdi. Uning atrofiga yog‘a boshladi. Unga bir qatra ham yog‘may qo‘ydi. Madinaga nazar solsam, xuddi gul bilan o‘ralgan toshdek bo‘lib turgan ekan», deyilgan.
Beshovlaridan Termiziy rivoyat qilmagan.
“Juma haqidagi oyat va hadislar” kitobidan
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV