Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ba’zi odamlar «Allohning biror valiysi bizga nazar solsa, ko‘ngliga yaqin tutsa, nuridan bersa va buning natijasida gunohlardan xolos bo‘lsak», deb o‘ylaydi. Yodda tuting, bu ish hech qachon bo‘lmaydi! Kim shunday xayol qilsa, u aldovdadir. Agar shunday bo‘lganda edi, dunyoda bitta ham kofir qolmagan bo‘lardi.
Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy qoddasallohu sirrohning huzurlariga bir kuni bir janob kelib: «Hazrat! Biroz nasihat qiling», dedi.
Hazrat nasihat qildilar. Keyin u janob jo‘nab ketayotib «Hazrat, menga siz o‘zingizning ko‘ksingizdan biror narsa bering», deya o‘tina boshladi. Ya’ni, ko‘ksingizdan biror nur chiqib, bizning ko‘ksimizga kirsa va natijada ishlarimiz o‘ngidan kelsa, gunohlar xohishi tugab ketsa, demoqchi edi.
Shunda hazrat: «Ko‘ksimdan nima berayin? Mening ko‘ksimda balg‘am bor. Kerak bo‘lsa olib qol», deb javob berdilar.
Biror ulug‘ zotning nazari tushsa yoki ko‘ksidan biror narsa o‘tsa, barcha yomonliklar bartaraf bo‘ladi, degan o‘y bekordir. Albatta, Alloh taolo ulug‘ zotlarning suhbatini ta’sirli qilib qo‘ygan, u orqali insonning o‘y-fikri o‘zgaradi. Buning natijasida to‘g‘ri yo‘lda yuradi. Lekin ishni aynan o‘zi o‘z xohishi ila qilishi shart.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati