Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Kishilarning fiqhdan uzoqlashish sabablari

29.11.2024   8244   9 min.
Kishilarning fiqhdan uzoqlashish sabablari

Tarixdan saboq olaylik

Aziz va muhtaram dindoshlar. Siz bilan biz musulmonlar o‘z millatimiz, ummatimiz tarixini yaxshi o‘rganishimiz va bu muhtasham tarixdan o‘zimiz uchun kerakli saboqlar olib borishimiz lozim. Jumladan, bir marta sodir etilgan xatoni qayta takrorlamasligimiz kerak. Ana shunday takrorlanmasligi lozim ishlardan biri o‘zaro ixtilof qilmaslikdir. Tariximizga nazar soladigan bo‘lsak, ixtilof doimo katta musibatlarga sabab bo‘lgan.

Tariximizni yaxshi o‘rgangan har bir kishi hozirgi kundagi ixtiloflar va ular tufayli kelib chiqayotgan musibatlarni ko‘rib, eski hodisalar aynan takrorlanayotganini bilib, qattiq afsus qiladi.

Qadimgi tariximizga nazar solishni davom ettiradigan bo‘lsak, musulmon ummati ayni o‘zaro ixtiloflarga chek qo‘yish uchun omma xalq fiqhiy mazhablarga ergashishi lozimligini qattiq ta’kidlagan edi. Hamma bir xil bo‘lishi, bir xil o‘ylashi mumkin bo‘lmaganidan ham bir emas, to‘rt fiqhiy mazhabni haq, deb tan olgan edi. Shu bilan birga e’tirof qilingan mazhablarga ergashuvchilar bir-birlarini hurmat qilishlari lozimligi qayta-qayta ta’kidlangan edi. Qolaversa mazhablararo ixtilof qilish haromligiga alohida ahamiyat berilgan edi.

O‘tgan azizlarimiz o‘zlarining yashab turgan holatlaridan kelib chiqib, xususan, o‘sha zamonning mustabid hokimlari shariatni o‘z xohishlariga burishga tama’ qilmasinlar, deb ijtihod eshigini berkitgan, hamma muayyan fiqhiy mazhabga ergashsin, degan ittifoqqa kelgan edilar. Butun boshli Islom ummati bu ijmo’ni mamnuniyat bilan qabul qilgan edi.

 

Kishilarning fiqhdan uzoqlashish sabablari

Ammo yaxshi niyat bilan qilingan bu ish zamon o‘tishi bilan suiiste’mol qilindi. Mazhablarga hurmat-ehtirom o‘rniga noo‘rin mutaassiblik qilingan hollar ham bo‘ldi. Natijada turli fiqhiy mazhablar atbo’lari orasida har xil ixtiloflar, kelishmovchiliklar va noqulay holatlar vujudga keldi. Juda oz bo‘lsa ham sodir bo‘lgan bu noqulay holat hozirgacha mazhab muxoliflari tomonidan, mazhab oraga tafriqa soluvchi eng bosh omil, degan ma’noda ishlatilib kelmoqda.

Ammo fiqhiy mazhablarga noo‘rin taassub qilishlikning zarari bu bilan tamom bo‘lib qolmaydi. Salafi solih ulamolarimizning ijtihodning kelajagi haqidagi ko‘rsatmalariga ham noo‘rin mutaassiblik qilindi. Ularning bu nozik masala mustabid hukmdorlar va ularga yoqish uchun har narsaga tayyor chalamullalarga o‘yinchoq bo‘lib qolmasligi yo‘lida qabul qilgan ijmo’lari o‘z o‘rnida ishlatilmadi. Ma’lum usuliy qoidalar va muhim ijtihodlar daxlsizligi haqidagi ko‘rsatmalar jamiki fiqh kitoblaridagi hamma so‘zlar daxlsizdir, degan ma’noda talqin qilindi. Natijada asrlar osha fiqh masalalari o‘rta asrdan oldingi holida muzlab qotib qoldi. Zamon, makon va omillar o‘zgarishi bilan musulmon ummati hayotida ham sodir bo‘ladigan turli yangi masalalarni hal qilishi lozim bo‘lgan ulkan omil harakatsiz qoldi. Borib-borib fiqh kitoblarimizni yillab diniy tahsil olgan kishilar ham osonlikcha tushuna olmaydigan holga yetildi. Kishilar malomatdan qo‘rqib fiqhiy kitoblarimizdagi zamon o‘tishi bilan eskirib, istilohdan chiqib ketan so‘zlar o‘rniga boshqa murodif so‘zni almashtirishga ham jur’at qila olmas edilar.

Hozirga kelib barcha islomiy ilmlarda zamon ruhi esib turibdi. Tafsir, Hadis, Siyrat, Ulumul Qur’on, Ulumul Hadis va boshqa bir qancha Islomiy ilmlar bo‘yicha ko‘plab yangi asarlar bitildi va bitilmoqda. Mazkur asarlarda o‘quvchi o‘zining barcha zamonaviy savollariga javob topadi. Bu asarlar kishilarni jalb qilishning hamma uslublarini hisobga olib bitilgandir. Ammo fiqh haqida bu gaplarni ayta olmaymiz. Bir-ikkita juz’iy va o‘ta sodda urinishlarni hisobga olmaganda deyarli hech narsa qilingani yo‘q. Ulkan Islomiy ilm bo‘lmish fiqh ilmidagi asrlardan buyon davom etib kelayotgan bu turg‘unlik oqibatida kishilarda fiqhdan chetlash yuzaga keldi. O‘zining zamonaviy muammosi haqida javob izlab fiqhga murojaat qilgan odam unda bir necha asrlik gapni ko‘rganidan keyin shundoq bo‘lishi ham tabiiy bir hol. Nahotki o‘tgan mujtahidlarimiz rahmatullohi alayhimlarni ko‘z qorachig‘imizdek e’zozlagan, ularni bosh ustiga qo‘ygan holimizda, ularning ijtihodlariga til tegizmay turib, ba’zi masalalarimizni hal qila olmasak. Hech bo‘lmasa, eski kitoblarimizni zamonaviy istilohlarga o‘girib, xalq ommasiga tushunarliroq tilda taqdim qilsak bo‘ladi-ku!

Kamina xodimingiz bundan bir necha yillar avval bir maqolamda ushbu ma’noga bir oz ishora qilib o‘tgan edim. O‘shanda ba’zi ahli ilmlar buni mujtahidlar maqomiga jur’at emasmikin, deya mulohaza ham qilgan edilar. Men ularga bundoq xayoldan umuman yiroq ekanimni bayon qilib bergan edim. Endi esa ko‘pchilik ulamolar bilan bo‘lgan suhbat va bahslarda ushbu fikr hamda mulohazalarni qo‘llash holati ko‘payib bormoqda. Ba’zi kishilar fiqhga yangicha yondashmoq zarurligi haqida kitob ham yozdilar. Kelajakda fiqh ilmida ham avvalgi paytlar kabi jozibadorlik paydo bo‘lsa ajab emas, degan umiddamiz.

Demak, diniy masalalardagi ixtiloflarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar faqat bir tomonlama emas ekan. Fiqhni mahkam ushlashlik chegaradan chiqib, mutaassiblikka o‘tib ketishi ham bu ishda qo‘l keldi, desak xato bo‘lmasa kerak. Hozirda ayni shu narsa odamlarni, ayniqsa yosh avlodni fiqh ilmidan uzoqda qolishlariga sabab bo‘layotgani ham ehtimoldan xoli emas. Bir narsani bilmagan odam unga yaqin bo‘lishi qiyin. Fiqhdan uzoqda qolgan kishilar uni tanqid qilishi ham shundan kelib chiqayotgan bo‘lsa ajab emas. Musulmonlar hayotidagi barcha muammolarni o‘z vaqtida shariat yuzasidan hal qilib, hukmini aytib berishi lozim bo‘lgan buyuk ilm – fiqh ilmi bugungi kunimizda hayotdan orqada qolib turgani afsuslanarli bir holdir. Xuddi ana shu holat hozirda fiqhni ba’zi hukmdorlar va chalamullalar o‘ziga xos xizmat qildirishiga ham sabab bo‘lmoqda.

 

Nima qilmoq kerak?

Ushbu va bu yerda aytilmagan yana boshqa omillarni e’tiborga olgan holda fiqh ilmini o‘rganish, o‘tgan buyuk faqihlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy merosdan unumli foydalanish va musulmonlar ommasiga bu ilmni zamon ruhiga mos ravishda yetkazishni ilmiy va to‘g‘ri ravishda yo‘lga qo‘ymoq zarur. Ana shunda fiqh haqidagi ixtiloflar ham barham topishi uchun katta bir qadam qo‘yilgan bo‘ladi, inshaalloh.

Umuman olganda esa musulmonlar iloji boricha diniy savodlarini o‘stirish ustida ishlamoqlari lozim. Ahli ilmlar esa ilmni puxta egallash payida bo‘lishlari, kishilarni ixtilofga solish o‘rniga ularni ixtilofdan chiqarish haqida qayg‘urishlari lozim. Agar ba’zi bir masalada turli fikrda bo‘lib qolsalar, uni darrov xalq ommasi ichiga olib chiqmasdan, avval o‘zlari ilmiy majlislarda hal qilib olib, bir fikrga kelganlaridan keyingina ko‘pchilikka e’lon qilishlari lozim. Qisqasini aytadigan bo‘lsak, hammamiz bir tan, bir jon bo‘lib, ixtilofga qarshi kurashmog‘imiz zarur. Ixtilofga olib boradigan har bir yo‘lni, so‘qmoqni yaxshilab to‘smog‘imiz lozim.

Har bir musulmon banda Alloh taoloning: «Albatta, mo‘minlar birodardirlar. Bas ikki birodaringiz orasini isloh qiling», degan oyatiga doimiy ravishda og‘ishmay amal qilmog‘i kerak. Hamma din qardoshlari bilan birodarlik aloqalarini borgan sari mustahkamlab bormog‘i lozim va lobuddir. Shuningdek, har bir musulmon banda ikki birodari orasiga ixtilof tushib qolganini bilishi bilan darhol ularning orasini isloh qilishga o‘tmog‘i darkor.

Aziz dindoshlar! Bizlar o‘zaro ixtiloflarimiz barcha muvafaqiyatsizliklarimiz manbai ekanini tushunib yetmog‘imiz lozim.
Alloh Subhanahu va Taolo O‘zining abadiy dasturi, Qur’oni Karimda biz musulmon bandalariga xitob qilib: “O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadi” degani bejiz emas. Ha, Ulug‘ Alloh to‘g‘ri aytadi, ixtilof musulmonlarni tushkunlikka uchratadi, kuch-quvvatlarini ketkazadi. Agar tushkunlikka uchramaylik, kuch-quvvatimiz ketmasin, desak ixtilof qilmaylik.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Siz bilan biz ummatlariga xitob qilib: «Ixtilof qilmanglar. Albatta, sizdan avvalgilar ixtilof qildilar va halok bo‘ldilar», deganlar. Agar o‘tgan ummatlarga o‘xshab halokatga duchor bo‘lmaylik, desak ixtilof qilmaylik.

Bir-birimiz ila ixtilof qilish uchun sarf qilayotgan aql-zakovat, ilm-ma’rifat, kuch-quvvat hamda vaqtu imkoniyatlarimizni boshqalarni dinimizga, ibodatga da’vat qilishga sarflaylik.

Ushbu kamtarona satrlarga nuqta qo‘yishdan oldin, tarix davomida Allohning inoyati ila ko‘plab qiyinchiliklarni sharaf bilan yengib chiqqan musulmonlar bu safargi qiyinchiliklarni ham yenga olishlariga ishonchimiz komil ekanini ta’kidlamoqchiman.

Alloh biz bilan! Alloh musulmonlar jamoasi bilan! Va oxirgi duoimiz, olamlarning Robbisi Allohga hamd bo‘lsin, demoqdir.

 

Keyingi mavzular:

Afsus;
Ixtilofchilarning ish uslubi;
Ixtilofchi bemazhablar;
Qur’on va sunnatdan shar’iy hukmlarni chiqarish usullari.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Alloma tug‘ilib o‘sgan yurtda uning ta’limoti o‘rganilmoqda (+video)

29.04.2025   7067   3 min.
Alloma tug‘ilib o‘sgan yurtda uning ta’limoti o‘rganilmoqda (+video)

 

29-30 aprel kunlari Samarqandda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.


Davlatimiz rahbarining shu yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda dunyoning o‘ttizga yaqin davlatidan muftiylar, islomshunos va dinshunos olimlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etmoqda.


Anjuman munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi Ilhom Ma’rupov konferensiya va uning doirasidagi tadbirlar haqida ma’lumot berdi.


– Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi I.Ma’rupov. – Ushbu ezgu ishlarning uzviy davomi sifatida 2025 yil 29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.


So‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonda moturidiyshunoslik ilmiy maktabi shakllandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.


Konferensiyaning ahamiyati va dolzarbligi haqida gapirganda bugungi kunda quyidagi omillar Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etayotganini alohida qayd etish lozim:


– muqaddas islom dini niqobi ostida faoliyat yuritayotgan radikal guruhlar harakati kuchayib borayotgan bugungi sharoitda xalqaro maydonda Imom Moturidiy ta’limotini o‘rganishga e’tibor oshmoqda;


– moturidiylik maktabining bag‘rikeng g‘oyalari, asrlar davomida mintaqamiz xususiyatlariga mos holda shakllangan insonparvar ta’limoti radikalizmga qarshi kurashning ta’sirchan va samarali vositasi sifatida baholanmoqda.


Konferensiya 3 ta shu’bada faoliyat olib boradi:


Birinchi shu’ba “Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Imom Moturidiy, moturidiy allomalari va izdoshlari hayot yo‘li, Movarounnahr kalom ilmi maktabi rivojlanish tarixi haqida bahs-munozaralar, ilmiy muzokaralar bo‘lib o‘tadi.


Ikkinchi shu’ba “Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini” mavzuida bo‘lib, u Moturidiylik ta’limotida ilgari surilgan g‘oyalar, jumladan, bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat nazariyalarining shakllanishiga oid munozaralarni o‘z ichiga oladi.


Uchinchi shu’ba “XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati” mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, u Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosida ko‘tarilgan mavzularning bugungi kundagi dolzarb muammolarni hal qilishdagi ilmiy va nazariy ahamiyatiga oid bahs-munozaralarni qamrab oladi.


Anjuman yakunida Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha nufuzli olimlarning taklif va tashabbuslari asosida yakuniy deklaratsiya qabul qilinadi. 


Bugun anjuman qatnashchilari uchun Samarqand shahridagi muqaddas qadamjolar va tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohat ko‘zda tutilgan. 

G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), O‘zA muxbirlari

O'zbekiston yangiliklari