Cavol: Odamlar o‘rtasida doim sovg‘a-salom almashish bo‘lib turadi. Ba’zi odamlar turli sabablarga ko‘ra bergan sovg‘alarini qaytarib olishadi, shu ish to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bergan hadyasini qaytarib olish hadya olganning roziligi bilan joiz bo‘ladi. Lekin hadyasini qaytarib oluvchi gunohkor bo‘ladi. Chunki hadisi sharifda bergan hadyasini qaytarib olish, it o‘zining qayt qilgan narsasini qaytarib olishiga o‘xshatilgan. Endi hadya oluvchi norozi bo‘lsa, hadyani qaytarib olish o‘zganing mulkini nohaq olishdir va bu aslo joiz emas.
Bu haqda “Muxtasarul Quduriy” kitobida bunday deyilgan:
وإذا وهب هبة لأجنبي فله الرجوع فيها إلا أن يعوضه عنها أو تزيد زيادة متصلة أو يموت أحد المتعاقدين أو تخرج الهبة من ملك الموهوب له وإن وهب هبة لذي رحم محرم منه فلا رجوع فيها وكذلك ما وهب أحد الزوجين لآخر
“Begona kishiga hadya qilsa, undan qaytishi joiz (lekin makruh bo‘ladi), quyidagi holatlarda esa hadyani qaytarib olish durust emas:
- Hadya evaziga biror narsa olgan bo‘lsa;
- Hadya qilingan narsaga ajratib bo‘lmaydigan ziyodalik qo‘shilgan bo‘lsa;
- Hadya beruvchi yoki oluvchidan biri vafot etgan bo‘lsa;
- Hadya qilingan narsa uni olgan kishining mulkidan chiqib ketgan bo‘lsa;
- Mahram qarindoshiga hadya qilgan bo‘lsa;
- Er-xotin o‘rtasidagi hadyalarda ham, undan qaytish yo‘q”.
Demak, ushbu oltita holatda hech ham hadyani qaytarib olib bo‘lmaydi.
Shuni ta’kidlash kerakki, ko‘p o‘rinlarda sadaqa qilish hadyaning hukmida bo‘ladi. Masalan sadaqa ham qabz (qo‘lga olish) bilan oxiriga yetadi. Lekin farqli tomoni, sadaqadani hech qachon qaytarib olish joiz emas.
Boyga berilgan sadaqa hadya deb hisoblanadi, kambag‘alga berilgan hadya esa sadaqa bo‘ladi. Kambag‘al kishiga berilgan sovg‘a va hadyalarni qaytarib olib bo‘lmaydi. Hatto kambag‘alga mayda pul deb o‘ylab adashib, qiymati katta pulni berib qo‘ysa ham uni qaytarib olmaydi.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Buyuk mutafakkir va faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning yetuk shogirdi, hanafiy olim Imom Zarnujiy rahimahullohning "Ta’limul muta’allimi toriqot ta’allumi" kitobi asosida ilm olishning foydalari, odoblari, inson va jamiyat taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni haqida so‘z boradi. Sakkiz asrdan beri ilm ahli, talabalar va ziyolilar orasida keng foydalanib kelinayotgan mazkur asar haqida Alloma Laknaviy rahimahulloh haqida "Ko‘p foydalarga ega, nafis, manfaatli kitob", deya ta’rif bergan.
Abduvohid domla Ahmadaliyev,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi.