Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hajarul asvad nima ekanini bilasizmi? Hajarul asvad «qora tosh» degani. Aslida mening nomim hajarul as'ad, ya'ni baxt toshi bo‘lgan. Men jannatdan tushganman. U paytda nuqradek shaffof oq tosh edim. Oh... jannat qanday joy-ki! Shu desangiz men yerga tushgandan keyin arab sahrosida yana bitta oy paydo bo‘lgandek bo‘ldi. Osmoni falakda oymoma-yu, yerda esa men. Tahoratsiz, irkit qo‘llari bilan yuzlarimni silab yuzlariga surtishar, onadan tug‘ilgandek yalong‘och xollarida tavof qilishardi. Bu sharmandaliklardan yer yorilsa-yu yerga kirib ketsam. Ammo tushgan joyim – jannatga qayta olmayman. Shunday qilib mendagi nur kundan kunga xira tortib, so‘nib boraverdi. Oxiri hajarul asvad – qop-qora toshga aylanib qoldim.
Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalom bilan Allohning uyi bo‘lmish Ka'bani tiklaganlarida meni ham e'zozlab, poydevorga o‘rnatdilar. Vaqti kelib, Ka'batullohni sel bosdi, vayron bo‘ldi. Men Ka'baning devorlari bilan tuproq tagida ko‘milib ketdim. U yerda qancha qolganimni bilmayman.
Tuproq tagida yotgan davrimda bir kuni Ka'batullohning qaytadan qurilishi haqida qandaydir xabarlarni eshitib qoldim. Quruvchilar binoning Ibrohim alayhissalom qurgan qadim poydevorini qidirishar edi. Ishqilib Allohning marhamati bilan meni topishsin-da, yangi qurilajak Ka'batullohdan men ham joy olayin-da deb ichki hayajonda yorug‘likka chiqadigan kunlarimni kutib yotardim. Voh, ana meni topishdi! Quruvchilar shunaqangi sevinib ketishdiki... Ulardan ko‘ra mening xursandchiligimning chek-chegarasi yo‘q edi.
Lekin shu payt bir muammo paydo bo‘ldi. Hajarul asvadni eski o‘rniga men qo‘yaman, yo‘q uni qo‘yishga bizning qabila haqli, deguvchilar ko‘paydi. O‘rtada janjal chiqdi. Qon to‘kilishi aniqqa o‘xshab qoldi. Yo Allohim, meni deb bandalaringni qoni to‘kilmasin, deb Yaratganga iltijo qilardim. Bunday xunrezlikka sabab bo‘lgandan ko‘ra tuproqqa qorishib, jimgina yotganim ming marta yaxshi edi. Ana shunday tang bir paytda Alloh taolo odamlar orasida bir kishining diliga soldi. U yig‘ilganlarga yuzlanib:
– Bunday qilsak, mana bu eshikdan biz tomon kim kirib kelsa, bu sharafli ishni o‘shanga topshiramiz. Shunda hech kimning bir-biridan gina qilishga haqqi qolmaydi, – dedi.
Bu taklif hammaga ma'qul tushdi. Hammaning ko‘zi eshikka qaratilgan edi. Baxti chopgan odam kim bo‘lar ekan-a? Shuayb avlodlari qurgan eshikdan bir zot ko‘rindi. To‘planib turgan olomon behad xursand bo‘lib ketdi.
– Ana Muhammad amin kelyapti!..
– U amin rostgo‘ydir...
– Ha, oramizdagi eng halol, pok inson.
– Uni bizga Xudoning o‘zi yubordi, axir u Ibrohim payg‘ambarning naslidan-da.
– U bu ishga hammadan ham haqliroq!
Bu gaplarni eshitib, Muhammad amin kim ekan deb men ham qiziqa boshladim. U kishi mening yonimga keldilar. Qani endi men Muhammad aminning o‘rnida bo‘lib qolsam, degandek u zotga havas bilan qarab turganlardan rido berishni so‘radilar. Ridoni qo‘llariga olgach, ohista uni yerga to‘shadilar, keyin meni ko‘tardilar va haligi ridoning ustiga qo‘ydilar. Ibrohim alayhissalomdan keyin menga inson qo‘li tegmagan edi. Muhammad aminning qo‘llari shunaqayam yoqimli, shunaqayam muloyim ediki... Bu qo‘llarda bitmas-tuganmas barokat borligini sezdim. Men o‘shanda bu kishining oxirgi zamon payg‘ambari bo‘lib dunyoga tanilishlarini hali bilmasidim. Chunki payg‘ambarlik vahiyi qirq yoshlarida kelgan-da. Ka'batulloh qayta qurilayotganda u kishi o‘ttiz besh yoshlarda edilar.
Shunday qilib desangiz, hammalari u zotga qarab qolishdi. U kishi har bir qabiladan bittadan vakil chaqirdilar va hammalari baravar ridoni ushlab, meni ko‘tarib borib, Baytullohga o‘rnatishdi. Bu tadbir hozirgina urush holatida turgan qabilalar uchun bamisoli bir mo‘jiza bo‘ldi. Ham janjalning oldi olindi, ham bu qutlug‘ ishda Makkada nechta qabila bo‘lsa hammasi baravar qatnashdi. Ana shunaqa gaplar...
Mabodo haj yoki umra ibodatini ado etishga kelib qolsangiz, meni Ka'butullohning burchagiga o‘rnatilgan kumush gardish ichidan topasiz.
Erkin bobo
«Hilol» jurnali 4 (61) son