Cavol: Menga bir kishi kiyim hadya qilgan edi. Men u kiyimni ancha kiyib foydalandim. Endi shu kiyimni men ham kimgadir hadya qilib bersam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, hadya sifatida kelgan narsalarni o‘zgalarga hadya qilish durust. Chunki hadya qilingan narsani qo‘lga olish yoki olishga to‘liq imkoniyat berilishi bilan sovg‘a oluvchining mulkiga o‘tadi. Keyin kishi o‘z mulkini xohlaganidek ishlata oladi. Bu haqda “Muxtasarul Quduriy” kitobida bunday deyilgan:
الهبة : تصح بالإيجاب والقبول وتتم بالقبض فإذا قبض الموهوب له في المجلس بغير أمر الواهب جاز وإن قبض بعد الافتراق لم تصح إلا أن يأذن له الواهب في القبض
“Hadya ijob (“senga falon narsani hadya qildim”, deyish) va qabul (“qabul qildim”, deyish) bilan durust bo‘ladi va qo‘lga olish bilan oxiriga yetadi”. Qo‘lga kiritish ko‘chadigan mulklarda ularga munosib ko‘rinishda, ko‘chmas mulklarda esa kalitlarni olish va uyning bo‘shatib qo‘yilishi bilan bo‘ladi.
Hadyada “senga falon narsani hadya qildim” va “qabul qildim”, degan so‘zlarni talaffuz qilish shart qilinmaydi. Balki berilgan narsa hadya ekaniga dalolat qiluvchi ishlar kifoya qiladi. Masalan bir faqirga kiyim bersa va u indamay olsa ham, hadya bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Shu yil 13-16 yanvar kunlari Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud shafe’ligida o‘tkazilayotgan Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.
Jidda shahrida bo‘lib o‘tayotgan konferensiya-ko‘rgazmada 100 ga yaqin davlatdan vazirlar, muftiylar, olimlar, fan doktorlari, akademiklar, ekspertlar, tadqiqotchilar, diplomatlar hamda haj tadbirlarini tashkil etishga mutasaddi idora va kompaniyalar qatnashmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish maqsadida, anjuman doirasida Saudiya Arabistonidagi vazirliklar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazib, atroflicha o‘rganishlar va qiyosiy tahlillar olib bormoqda.
Shuningdek, haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari va yangi tartib-qoidalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘linmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirlayotgan haj va umra safarlari yo‘nalishidagi tashkiliy-huquqiy asoslar va raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Haj va umra vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan konferensiya doirasidagi sho‘balar, haj suhbatlari, ekspertlar tavsiyalari, turli soha mutaxassislari seminar-treninglari, xorijiy delegatlar bilan tajriba almashish va zamonaviy xizmatlar taqdimotlari foydali bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Haj konferensiyasi to‘rtinchi marta yirik masshtabda bo‘lib o‘tmoqda. Innovatsion dasturlar, ilg‘or tashabbuslar, tajriba almashish, haj safarini yuqori saviyada o‘tkazishga oid bilimlarni oshirish va muborak ziyoratlarni chiroyli bajarish uchun mustahkam poydevor hozirlashi bilan ushbu tadbir ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Eng yirik ko‘rgazma esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish orqali xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati