Allohga beadad shukrlar bo'lsin, muborak Ramazon oyini barchamiz tinchlik-xotirjamlikda o'tkazib kelayotirmiz.
“Ramazon” so'zi besh harfdan iborat. Uning har bir harfiga ulamolar shunday ma'no berganlar: “ro” – “rahmat”, “mim” – “mag'firat”, “zod” – “zimonun liljannat” (jannatga kirish uchun kafolat), “alif” – “amanun minannar” (do'zaxdan omonlik), “nun” – “nurun minalloh” (Allohdan nur) ma'nolarini anglatadi. Ushbu fikrni Imom Termiziy rivoyat qilingan: “Ramazonning avvali rahmat, o'rtasi mag'firat, oxiri do'zaxdan ozodlik kunlaridir”, hadisi sharifi ham quvvatlaydi. Ya'ni: “ro” harfi ramazonning avvali bo'lgan rahmat kunlariga, “mim” o'rtadagi mag'firat kunlariga, “zod” va “alif” harflari oxiridagi “do'zaxdan ozod bo'lish” kunlariga, “nun” harfi esa butun ramazonning natijasida hosil bo'ladigan nurga dalolat qiladi.
Bu oyning dastlabki o'n kuni – “rahmat” dahasida ro'yi zaminga Allohning rahmati yog'iladi. Yaratganning o'zi qodir qilganicha ro'za tutib, taroveh namozlarini ado etamiz.
Ikkinchi o'n kunligi – “mag'firat” dahasida xolis niyat bilan ro'za tutgan bandalarning oldingi qilgan gunohlari kechiriladi, deyilgan.
Oxirgi o'n kunligi esa “Itqun minan-niyron”, yana “Qadr dahasi” ham deyiladi. Kim Ramazon oyining ro'zasini pok niyat bilan tutgan bo'lsa, u bandaga Alloh va'da qilgan ajrlarini ato etgay. Ramazon hayiti kuni esa Alloh taolo Ramazon ro'zasini tutgan, taroveh namozlarini o'qigan, Qadr kechasini bedor o'tkazgan bandalariga O'zi tayyorlab qo'ygan mukofotlarni ko'paytirib beradigan kundir.
Bu oyda imon-e'tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo'ladi. Chunki muborak oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duosini qabul qiladi.
Nafs tarbiyasida ro'za asosiy o'rin tutadigan ibodatdir. Ro'za nafsni o'z holiga qo'ymay, uni mahkam jilovlash deganidir. Unda imon va e'tiqod bir taraf, xohish-istak va shayton ikkinchi bir taraf bo'lib kurash olib boradi. Jannatdan quvilganidan beri shayton inson zotiga qarshi ayovsiz kurashishi haqida Alloh taolo aytadi: “U (alamidan) dedi: “Qasamyod etamanki, meni yanglishtirganing tufayli Sening To'g'ri yo'ling (Islom dini) uzra ular (odamlarni chalg'itish) uchun o'tiraman. So'ngra ularga oldilaridan, ortlaridan, o'ng tomonlaridan va so'l tomonlaridan (chalg'itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan” (A'rof, 16-17).
Alloh taolo shayton ig'vosini rad etadi: “Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo'qdir, illo senga ergashgan gumrohlarnigina (yo'ldan ozdira olursan)” (Hijr, 42).
Shayton bilan inson o'rtasidagi bu kurashda ro'za muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, inson hayoti uchun zarur bo'lgan taom va suv hamda shahvat – kurash maydonlaridir. Bularning har birida o'ziga yarasha kuch-quvvat bor. Agar inson u mayl qarshisida sobit tura olsa va nafsining ig'volariga uchmasa, albatta, imtihondan o'tadi va Parvardigori huzurida ulug' darajaga erishadi.
#Sayyor_yig‘ilish
Shu yil 12 avgust kuni Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kun davomida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha masjidlar imom-xatiblari hojilar bilan birgalikda hududdagi mahallalarga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Tadbir doirasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz holidan xabar olinib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
Adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoshlar bilan ham yakkama-yakka suhbatlar olib borildi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashdir.
100 ta oilaga kirish 100 xil muammo va shuncha yechim degani.
Tadbir ishtirokchilari yana «Niyozmat ota» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati