Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446
Maqolalar

Nasiyaga sotgan narsasini arzonroqqa qayta sotib olishning hukmi

2.12.2024   1575   2 min.
Nasiyaga sotgan narsasini arzonroqqa qayta sotib olishning hukmi

Cavol: Bir odam mashinasini 1 yilda bo‘lib to‘lashga 17 mingga sotdi. Xaridor ma’lum muddatdan keyin o‘sha mashinani bozorga olib chiqib, 12 mingga sota olmabdi. Keyin o‘sha mashinani birinchi sotgan odam o‘zi qayta savdo qilib, naqdga 12 mingga sotib olibdi. Shu savdo shar’an to‘g‘ri bo‘lganmi? Agar to‘g‘ri bo‘lmagan bo‘lsa, bular qanday yo‘l tutishlari kerak?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bunday savdo durust emas. Chunki bunday holatda xaridor hech narsaga ega bo‘lmasdan qarzdor bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Alloma Haskafiy bunday deganlar: “Kishi o‘zi yoki vakili sotgan narsaning pulini to‘liq olmasdan avval xaridordan avvalgi narxdan arzonga sotib olishi – shar’an fosid savdodir (ya’ni, joiz emas). Bunday savdoning ko‘rinishi: Sotuvchi 10 ga bir narsa sotdi va pulini qo‘liga olmadi. Keyin uni 5 ga o‘zi qaytib sotib olsa, joiz emas” (“Durrul-muxtor” kitobi).

Demak, sotuvchi sotgan narsasini hamma pulini olishidan avval uni arzonroqqa sotib olishi joiz emas va bunday savdoni buzish lozim bo‘ladi. Lekin, sotuvchi nasiyaga sotgan narsasini avvalgi narxda yoki undan ko‘proq narxga sotib olishi joiz.

Shuni ham qo‘shimcha qilish joizki, mazkur savdo ko‘rinishida agar mahsulot xaridorning mulkidan chiqib, yana yangi mulk bo‘lib qaytib kelsa: masalan, uchinchi shaxsga sotsa va savdoni bekor qilib qaytarib olsa, yoki uchinchi shaxs o‘sha mahsulotni sotib olgandan keyin unga sovg‘a qilsa, ana o‘shanda avvalgi sotuvchi avvalgi narxidan ozrog‘iga qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Alloma Ibn Nujaym bunday deydilar:

“Agar tovar xaridorning mulkidan chiqib, yangi mulk hukmida o‘ziga yana qaytib kelsa, masalan savdoni bekor qilish bilan qaytsa (bunda qabzdan oldin yoki keyin bo‘lishning ahamiyati yo‘q) yoki kimgadir sotib, yana qaytib sotib olsa, yoki kimdandir sovg‘a sifatida qabul qilib olsa yoxud meros orqali qaytib kelsa, xaridordan o‘sha mahsulotning birinchi egasi avvalgi narxidan oziga sotib olishi joiz bo‘ladi” (“Al-Bahrur-roiq” kitobi).

Xulosa qilib aytganda, savolda so‘ralgan masalada ikkinchi savdoni buzish lozim bo‘ladi. Buning yechimi sifatida o‘sha mashinani bozorda avvalgi egasidan boshqa odamga sotib, undan tushgan pulni birinchi savdodan yuzaga kelgan muddatli qarzni to‘lash va qolgan summani kelishilgan muddatda bo‘lib to‘lash mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Vafotingdan keyin ham yasha

7.01.2025   1186   1 min.
Vafotingdan keyin ham yasha

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.

Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.

Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.

Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.

Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV