Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي قَزْعَةَ، عَنْ رَجُلٍ قَالَ: نَزَلْنَا فِي بَعْضِ الطَّرِيقِ، فَسَمِعْنَا نَهِيقَ حِمَارٍ مِنَ اللَّيْلِ، فَسَأَلْنَا عَنْهُ، فَقَالُوا: كَانَ هَذَا رَجُلًا عِنْدَنَا، وَكَانَتْ لَهُ أُمٌّ، فَكَانَتْ إِذَا قَالَتْ لَهُ شَيْئًا قَالَ لَهَا: انْهَقِي نَهِيقَكِ! فَلَمَّا مَاتَ سَمِعْنَا نَهِيقَهُ مِنَ الْقَبْرِ.
Abu Qaz’a bir odamdan rivoyat qiladi: «Yo‘lda bir yerga tushdik va kechasi eshakning hangrashini eshitdik. Bu haqda so‘ragan edik, bizga: «Bu bizning ichimizdagi odam edi. Uning onasi bor edi. U bolasiga bir narsa aytsa, u: «Eshakka o‘xshab hangrayverma», derdi. U o‘lganidan keyin qabridan eshakning hangrashini eshitdik», dedi».
Sharh: Bola onasiga behurmatlik qilgani uchun uning nazaridan qoldi va Alloh taolo uni shunday jazoladi. Mana, endi qabrida eshakka o‘xshab hangrab yotibdi. Bu juda dahshatli narsa, Allohning O‘zi saqlasin.
Mazkur nobakor farzandning onasiga qilgan oqligi jazosi qiyomatga qolmay, bu dunyoning o‘zida boshqalarning qulog‘iga eshitilib turadigan eshakning hangrashi tarzida yuzaga chiqdi.
Imom Hokim keltirgan rivoyatda aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo barcha gunohlardan istaganini qiyomat kuniga qoldiradi. Faqatgina ota-onaga oq bo‘lish unday emas. Alloh uning (bu gunohning) sohibiga jazoni bu dunyoda, vafotidan oldin tezlatib beradi», dedilar».
Ulamolarimiz ota-onasiga oq bo‘lgan farzandga holatga qarab ta’zir jazosi belgilanishini ta’kidlaganlar. Misol uchun, farzand ota-onasini yoki ulardan birini so‘ksa yoki ursa, ular unga ta’zir berishlari mumkin yoxud mas’ullarga arz qilib, ta’zir berilishini talab qilishlari mumkin.
Bunday paytda mahkama qamoq, urish yoki shunga o‘xshagan ta’zir jazolari haqida hukm chiqarishi mumkin bo‘ladi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.