Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Yevropaliklarda, yuqoridagi safsatalardan so‘ng, ilm-fan Xudo yo‘qligini isbot qildi, unda din qayerdan paydo bo‘lgan, dinga qanday munosabatda bo‘lish kerak kabi savollar kelib chiqdi. Bu va bunga o‘xshagan savollarga Xudoni yo‘q degan toifalar javob bera boshladilar.
Ular avvalo dinning «paydo bo‘lishi» haqidagi quyidagi safsatani to‘qidilar:
«Avvalgi odamlar ilmsiz, johil bo‘lganlar. Ular momaqaldiroq, chaqmoq, dovul kabi tabiatdagi hodisalarning asl mohiyatini anglab yetmaganlar. Bu narsalarni qandaydir oliy kuch qilayotgan bo‘lsa kerak degan xayolga borganlar. Keyinroq o‘sha oliy kuchga xudo degan nom qo‘yganlar. Uni hammadan kuchli va bilag‘on deb o‘ylaganlar. Keyin odamlar ichidan ba’zi epchil va uddaburonlari, Xudo menga xabar yubordi, deb, boshqa odamlarni aldab o‘zini payg‘ambar qilib olgan. Xudoning nomidan gapirib odamlarni o‘ziga qaram qilgan. Bundan kishilarni ezuvchi sinflar unumli foydalanganlar va odamlarni ekspluatasiya qilishda dinni o‘zlariga qurol qilib olganlar. Nima bo‘lsa Xudodan deb odamlarni sabrga chaqirganlar».
Xudosizlarning dohiylarining eng kattalaridan biri Karl Marks «Din xalqlar uchun afyundir» dedi.
O‘sha paytda din haqida eng qo‘pol va eng sharmsiz gaplarni aytganlar qahramonga aylanishi turgan gap edi. Ular din deganda o‘zlarini Yevropada asrlar osha jaholatda, qoloqlikda, azob uqubatda, zulmatda ushlab ushlab kelgan buzuq din asosidagi cherkovni tushunishar edi. Ammo o‘zlarining bu gaplari keyinchalik barcha dinlarga, jumladan, ularning uyg‘onishiga va ozodlikka chiqishiga sabab Alloh taoloning haqiqiy va barkamol dini Islomga ham tamg‘a bo‘lib qolishini xayollariga ham keltirmas edilar.
O‘sha paytda o‘z fikrini bildirishga imkoni bor barcha toifalar; yozuvchilar, adiblar, muallimlar, jamiyatshunoslar, siyosatchilar va boshqalar bir ovozdan dinni qoralashar va moddaparastlikni haddan tashqari ulug‘lashar edilar. Ammo ular har qancha urinmasin oddiy xalq ichida dindan butunlay voz kechishga tayyor emaslari ko‘pligi e’tiboridan keyinroq bir oz shashtlaridan tushdilar. Mekofelliga o‘xshash ba’zi siyosatchilar va ularning hamfikrlari, agar din bo‘lishi kerak bo‘lsa, har kimning shaxsiy ishi bo‘lishi lozim, dedilar. Yana birlari, menimcha, din unday bo‘lishi kerak, dedi. Uchinchilari, menimcha, din bunday bo‘lishi kerak, dedi. Oxir oqibat ko‘plashib, din qanday bo‘lishi kerakligiga kelishdilar.
Dinni cherkov binosi ichiga olib kirib joylashtirdilar. Unga o‘sha yerdan tashqariga chiqmaslikni yaxshilab uqtirdilar. Dindorlikni istagan kishi, yakshanba kuni cherkovga kelib xohlaganicha dindorlik qilish hurriyatiga ega bo‘ldi. Shundan keyin dindorlik qilishni istaganlar, haftaning olti kunida dollar, funt va boshqa pul birliklariga ibodat qilib, yakshanba kuni istasa, cherkovdagi haykallarga cho‘qinadigan bo‘ldi.
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman", dedilar.