Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

Odamlardagi xorg‘inlikning 8 sababi

2.12.2024   4845   6 min.
Odamlardagi xorg‘inlikning 8 sababi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hozirgi taraqqiy etgan va ayni paytda muammo va tashvishlar ko‘paygan bir zamonda ko‘pchilik o‘zini xorg‘in va toliqqan his qilmoqda. Hatto miriqib dam olgandan keyin ham kishidan charchoq tarqamagandek tuyuladi. Aslida buning ma’naviy va moddiy sabablari bor. Quyida biz bu sabablarni ko‘rib chiqamiz.

Odamlardagi xorg‘inlikning eng birinchi sababi, bu:

1. Orzu-havasning ko‘pligi.

Inson orzu-havasining chegarasi yo‘q. Nafs hech qachon to‘ymaydi. Unga qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Orzu-havaslar borib-borib bandani o‘zining quliga aylantirib qo‘yadi.

Qalbdagi orzular faqat shirin xayol surish bilan ro‘yobga chiqmaydi. Buning uchun ko‘p mablag‘, pul kerak. Pul topish uchun esa, ko‘p sa’y-harakat qilish kerak. Ayniqsa, birovlardan ortda qolmay deb dang‘illama to‘y qilish, qo‘shnisidan kam joyi yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yish uchun baland-baland imoratlar qurish va boshqa ishlar uchun ozmuncha sarf-harajat va harakat kerak bo‘ladimi?! Imkoni yetadiganlar qiynalmay qiladi bu ishlarni. Ammo qurbi yetmaydiganlar ming bir chiranib, orzulari ortidan quvishlari ularning umrlarini o‘tkazib, o‘zlarini xorg‘in, hayotlarini g‘am-tashvishlarga ko‘mib tashlayotganini tushunarmikanlar?!

2. Gunoh-ma’siyatlarga mukkadan ketish.

Zino, o‘g‘rilik, qalloblik va shu kabi gunohlar kishi tanasini charchatibgina qolmay, inson qalbini qoralaydi, ko‘nglini g‘ash qiladi, o‘zini ruhiy tushkunlik va bezovtalikka olib boradi. Ayniqsa, birovning dilini og‘ritish, o‘zgalar molini nohaq yo‘llar bilan yeyish kabi gunohlar bandaning ruhiy va moddiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

3. Ko‘p gapirish.

Foydali so‘zlarni me’yorida so‘zlash kishi uchun fazilatdir. Biroq haddan tashqari ko‘p gapirish, bekorchi so‘zlar bilan ovora bo‘lish odamni charchatadi. Buni tibbiy tarafdan tushuntirishga harakat qilamiz. Ovoz hosil qiluvchi apparatning asosiylari xiqildoqda joylashgan. Ovoz hosil bo‘lishida til, ikki lab, og‘iz bo‘shlig‘i, burun bo‘shlig‘i, yuz, peshana suyuklari orasida joylashgan qo‘shimcha kovaklar, halqum, traxeya, bronxlar va o‘pka ishtirok etadi. Qarang, bir og‘iz gap aytish uchun qancha a’zo harakatlanadi? Agar me’yoridan ortiqcha so‘zlansa, bu a’zolar ish faoliyati insonni charchatadi, uni holdan toydiradi. Ustiga-ustak, ko‘p gapirish banda qalbini qoraytiradi.

4. Ko‘p miqdorda ovqat yeyish va noto‘g‘ri ovqatlanish.

 Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bizlarga taomni me’yorida iste’mol qilishni tayinlaganlar. Shifokorlar ham haddan tashqari ko‘p ovqatlanishdan qaytaradilar. Sababi me’yoridan ortiqcha taom asab tizimini zaiflashtiradi, ichaklarga ortiqcha og‘irlik yuklaydi va ovqat hazm bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rasatadi.

Biz baquvvat bo‘lish uchun ko‘proq ovqat yeyishga harakat qilamiz. Aslida ortiqcha ovqat insonga quvvat bag‘ishlamaydi, aksincha uni kuchsizlantiradi. Sababi jigar va oshqozon ovqat hazm qilish uchun ko‘p kuch sarflaydi.

Ovqatni me’yorida yeyishga e’tibor qaratish bilan bir qatorda uni o‘z vaqtida iste’mol qilishga ham katta ahamiyat berish kerak. Ko‘pchilik kechki ovqatni juda kech iste’mol qiladi. Bizning sharoitda kechki ovqat xuftondan oldin yeyiladi. Ustiga-ustak, odatda kechki ovqatga osh va shu kabi sekin hazm bo‘ladigan taomlar tayyorlanadi. Aslida yotishdan kamida 2-3 soat oldin ovqatlanish tavsiya qilinadi. Ota-bobolarimiz kechki taomni asr bilan shom orasida tanovul qilishgan. Bu inson sog‘lig‘i uchun har taraflama foydali.

Kechki ovqat ortiqcha miqdorda va kech yeyilsa, hazm qilish jarayoni sekinlashadi. Sababi inson harakati sekinlashgani sari ovqat hazm qilish jarayoni ham qiyinlashadi va uzoq davom etadi. Bu narsa yomon tush ko‘rish, tez-tez uyg‘onish va alahsirash kabi noxush holatlarga sabab bo‘ladi.

Agar yotishdan oldin ko‘p miqdorda taom yeyilsa, uyqudan xuddi dam olmagandek bo‘lib tanballik bilan turiladi. Bu kishining ish faoliyatiga yomon ta’sir qiladi. Shu sabab kechki ovqatni barvaqt va oz miqdorda yeyishga odatlanish kerak.

5. Hasad, nosog‘lom raqobat, bir-biridan o‘zishga harakat qilish.

O‘z mavqe’ini oshirish va mol-dunyosini yanada ko‘paytirish uchun odamlar bir-birlari bilan tinimsiz raqobatlashadilar, birlari boshqalaridan o‘zishga, zinhor ortda qolmaslikka tirishadilar. Bu ishlar risoladagidek, ijobiy ma’noda va me’yorida bo‘lsa, mayli. Ammo ko‘p hollarda o‘zaro raqobat hasad va ko‘ra olmaslik oqibatida kelib chiqadi. Doim raqobatlashish asab tolalarini charchatadi, inson tanasini holdan toydiradi. Nosog‘lom raqobat kishidan juda ko‘p kuch talab qilishini unutmaylik.

6. Hasad, gina-kudurat, qo‘rquv va vahima.

Qo‘rquv, tushkun kayfiyat, vahimachilik, dushmanlik, hasad va shu kabi illatlar tana va miyaning toliqishiga olib keladi. Oqibatda quvvat kamayadi, asabiy holatlar yuzaga keladi.

7. Ikkiyuzlamachilik, yolg‘onchilik.

Tilida bir so‘z aytib, dilida boshqa narsani o‘ylash ayni ikkiyuzlamachilikdir. Bu illat insonning asl xilqatiga teskari, uning sog‘lig‘iga zarar keltiradi. Zero, tana va ong, til va dil uyg‘un bo‘lgandagina qalb xotirjam va tana sog‘lom bo‘ladi.

8. Rizq haqida xavotirli o‘ylar, umidsizlikka tushish.

Insonning ruhiy holati uning moddiy holatidan ustun turadi. Zero, umidsizlik har qanday baquvvat tanini ham charchatadi. Ruhan sog‘lom odamning tanasi harchand zaif bo‘lsa-da, u o‘zida kuch topa oladi.

Banda rizq harakatida bo‘lib, Alloh taolo har bir tirik jonga rizqini yetkazib turishiga aniq ishonishi kerak. Rizqi haqida xavotirli o‘ylar shaytonning vasvasasi bo‘lib, bu narsa insonni qanoatdan ayro qiladi, o‘zini ortiqcha urintirib, butun umrini tirikchilikka bag‘ishlashga majbur qiladi. Bu o‘z-o‘zidan bezovtalik va xorg‘inlikka sabab bo‘ladi. Qolaversa, faqat tirikchilik ketidan yelib-yuguradigan odam sekin-asta ma’naviy olamdan uzilib qoladi. Ma’naviyatsiz, ilm-ma’rifatsiz inson qalbi hech qachon huzur-halovat topa olmaydi.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bizdan faqat yaxshilik qoladi

13.01.2025   16   1 min.
Bizdan faqat yaxshilik qoladi

Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!

Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi. 

Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz. 

ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik! 

Akbarshoh RASULOV

Ibratli hikoyalar