50 - وَغَيْرَانِ الْمُكَوَّنُ لاَ كَشَيْءٍ مَعَ التَكْوِينِ خُذْهُ لإِكْتِحَالِ
Ma’nolar tarjimasi:
Mukavvan takviyn bilan bir narsa emas, boshqa-boshqa narsalardir buni (ushbu so‘zni) ko‘zga surma qilib olgin.
Nazmiy bayoni:
Mukavvan boshqadir, boshqadir takviyn,
Buni sen ko‘zingga surmadek olgin.
Lug‘atlar izohi:
غَيْرَانِ – bu kalima غَيْرَ ning tasniyasi. Mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.
الْمُكَوَّنُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Mukavvan lug‘atda “yaratilgan”, “tuzilgan” ma’nolarini anglatadi.
لاَ – ma’tufdan hukmni nafiy qiladigan atf harfi.
كَشَيْءٍ – bu jumla غَيْرَانِ ni ta’kidlash uchun keltirilgan.
مَعَ – bu kalimaning ism yoki harf ekani to‘g‘risida nahv olimlari ixtilof qilganlar. Ism ekani haqidagi qavl kuchliroq hisoblanadi. Undan keyin kelgan ism muzofun ilayhlikka ko‘ra majrur bo‘ladi.
التَكْوِينِ – muzofun ilayh. Takviyn fe’liy sifatlarning umumiy nomidir.
خُذْهُ – fe’l va maf’ul. Taqdiriy اَنْتَ foili.
لاِكْتِحَالِ – jor majrur خُذْهُ ga mutaalliq.
Matn sharhi:
Takviyn lug‘atda “paydo qilmoq”, “vujudga keltirmoq” ma’nolarini anglatadi. Istilohda: “Nomavjudni yo‘qlikdan borliqqa chiqarish – takviyn deb ataladi”.
Demak takviyn deganda Alloh taoloning narsalarni yo‘qlikdan borliqqa chiqarishi ya’ni paydo qilishi tushuniladi. Ushbu sifat hayotga taalluqli bo‘lishi e’tiboridan “ihyo” (hayotni paydo qilish), o‘limga taalluqli bo‘lish e’tiboridan “imota” (o‘limni vujudga keltirish), suratga taalluqli bo‘lish e’tiboridan “tasviyr” va hakozo nimaga taalluqli bo‘lsa o‘sha narsani paydo sifati deya nomlanadi. Ushbu son-sanoqsiz sifatlarning umumiy nomi takviyn sifati deyiladi.
Moturidiya mazabiga ko‘ra takviyn sifati Alloh taoloning azaliy sifati hisoblanadi. Bunga naqliy va aqliy dalillar bor. Naqliy dalil: “Qachon biron narsani iroda qilsa, Uning ishi “Bo‘l” demoqlikdir, xolos. Bas, u narsa bo‘lur”[1].
Oyatda kelgan كُنْ Allohning takviyn sifati bayonidir. Ya’ni, ushbu كُنْ amri ك va ن harflarini aytish emas, balki Alloh taoloning narsalarni vujudga keltirishining qisqa va lo‘nda bayonidir.
Aqliy dalil: Alloh taolo butun olamning mukavvini ya’ni yaratuvchisidir. Ushbu “Mukavvin” ismi Alloh taologa nisbatan qo‘llaniladi. Bu ism aslida “takviyn” masdaridan ishtiqoq qilib olingan ismi foildir. Ishtiqoq qilib olingan ismni esa faqat uning masdari unda bo‘lsagina qo‘llash to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan birovga olim sifatini berish to‘g‘ri bo‘lishi uchun, unda “olim” ishtiqoq qilib olingan “ilm” masdari bo‘lishi lozim bo‘ladi. Shu ma’noda Alloh taologa “Mukavvin” nisbatini berishning o‘zi Unda “takviyn” sifati borligini taqozo qiladi.
Takviyn sifati haqida Umar Nasafiy rahmatullohi alayh “Aqoidun Nasafiy”da shunday yozgan:
وَالتَّكْوِينُ صِفَةٌ لِلَّهِ تَعَالَى اَزَلِيَّةٌ وَهُوَ تَكْوِينُهُ لِلْعَالَمِ وَلِكُلِّ جُزْءٍ مِنْ اَجْزَائِهِ لِوَقْتِ وُجُودِهِ وَهُوَ غَيْرُ الْمُكَوَّنِ عِنْدَنَا.
“Takviyn Alloh taoloning azaliy sifatidir. U olamni va uning har bir juzini vujudga keltirish vaqtidagi yaratishidir. U bizning nazdimizda mukavvandan boshqadir”.
Ushbu matnlarni alloma Taftazoniy birma-bir batafsil sharhlab quyidagilarni aytgan: “Takviyn azaliy va abadiy boqiy turuvchidir. Mukavvan esa keyin vujudga kelishga taalluqli bo‘lish e’tiboridan yangidan paydo bo‘luvchidir. Takviyn sifati ham xuddi ilm, qudrat va bulardan boshqa qadim sifatlar kabidir. Bu sifatlarning qadim bo‘lganligi sababli ularga taalluqli narsalarning ham qadim bo‘lishi kelib chiqmagani kabi, takviyn sifatiga taalluqli narsalarning hodisligi sababli takviyn sifatining ham hodis bo‘lishi kelib chiqmaydi. Ushbular bu haqida aytilgan so‘zlarning tahqiqidir. Zero, olamning vujudga kelishi Alloh taoloning zotiga yoki sifatlaridan bir sifatiga taalluqli bo‘lmagan bo‘lsa, mantiqan Yaratuvchining sifatlarini inkor qilish va vujudga keladigan narsalarni vujudga keltiruvchidan behojat deb bilish yuzaga kelib qoladi. Bu esa mumkin emas”[2].
Ash’ariya mazhabida “takviyn” hodis deb qaralgan va uning hodisligiga shunday dalil keltirilgan: «Takviynni (fe’liy sifatlarni) qadim deyish, “mukavvan” (paydo qilingan) ham qadim deyish bo‘lib qoladi. Chunki “Takviyn” bo‘lganu lekin “mukavvan” bo‘lmagan deyish xuddi zarba bo‘lgan-u lekin “mazrub” (zarba berilgan) bo‘lmagan deyishga o‘xshab qoladi. Bu esa muhol narsadir. Shuning uchun takviynni hodis deb e’tiqod qilishimiz kerak, – deganlar.
Moturidiylar bu qarashlariga shunday javob berganlar: Agar fe’liy sifatlar hodis bo‘lganida Alloh taoloning zoti azalda bu sifatlardan xoliy bo‘lib so‘ngra ular bilan sifatlangan bo‘lar edi. Bu narsa esa U zotda o‘zgarish bo‘lganiga dalolat qilib qoladi. U zotda o‘zgarish bo‘lishi esa mumkin emasdir. Shuning uchun “takviyn” qadimdir, uning “mukavvan”ga ta’sir o‘tkazishi hodisdir, deb e’tiqod qilishimiz kerak, – deganlar.
Mana shu nuqtada moturidiylar va ash’ariylar orasidagi farq oydinlashadi. Ya’ni ash’ariylar “takviyn” deganda “qudrat” va “iroda” sifatlarining maxluqotlarga ta’sir o‘tkazishini nazarda tuganlar va ana shu ta’sir o‘tkazishning o‘zini nazarda tutib uni hodis deganlar. Moturidiylar esa bu sifatning borligi mukavvanga ta’sir o‘tkazishdan oldin ham mutlaqo ibtidosiz bo‘lganini nazarda tutganlar.
Xulosa shuki, agar ikkala tarafning qadim yo hodis deb aytayotgan narsalarida nimani nazarda tutayotganlari aniqlashtirib olinsa, o‘rtadagi ixtilof faqat lafziy ekani ma’lum bo‘ladi.
Rizq tushunchasi haqida e’tiqodimiz
51 - وَإِنَّ السُّحْتَ رِزْقٌ مِثْلُ حِلٍّ وَإِنْ يَكْرَهْ مَقَالِي كُلُّ قَالِي
Ma’nolar tarjimasi:
Albatta harom mol agarchi so‘zimni barcha yomon ko‘ruvchilar yoqtirmasa ham halol moldek rizqdir.
Nazmiy bayoni:
Harom mol haloldek rizqdir begumon,
Rad etuvchi so‘zimni ko‘rsa ham yomon.
Lug‘atlar izohi:
إِنَّ – “hurufu mushabbahatu fe’l”dan biri bo‘lgan ta’kid harfi.
السُّحْتَ – bu kalima إِنَّ ning ismi. Lug‘atda “poraxo‘rlik”, “o‘g‘rilik” singari nopok yo‘llar bilan topilgan harom molga nisbatan qo‘llaniladi.
رِزْقٌ – xabar. Rizq lug‘atda “undan manfaat olingan narsa” ma’nosini anglatadi.
مِثْلُ – arab tilida biror narsani boshqasiga o‘xshatish uchun شَبِيه ,نَظِير ,كَ ,مِثْ نَدِيد kabi bir-biriga yaqin ma’nodagi kalimalar ishlatiladi. Ushbu kalimalar orasida nozik farqlar bor:
كَ – faqat ba’zi bir sifatlarni boshqa sifatlarga o‘xshatish uchun ishlatiladi;
مِثْل – ulamolar bu kalimani ikki xil ma’noda tushuntirganlar:
1. Misl – haqiqati bir xil narsalardir. Masalan, inson insonga misldir;
2. Misl – bir-birining o‘rnini bosa oluvchi narsalardir. Ushbu ma’noning o‘zi yana ikkiga bo‘linadi:
a) ba’zi sifatlari bir-biriga mos keluvchi narsalar;
b) barcha sifatlari bir-biriga mos keluvchi narsalar.
Moturidiya mazhabida birinchi qarash mo‘tabar hisoblanadi.
شَبِيه – ko‘p jihatlari bir-biriga o‘xshash zotlarga nisabatan ishlatiladi;
نَظِير – qaysidir jihati bir-biriga o‘xshash zotlarga nisabatan ishlatiladi. Bu kalima ko‘pincha qiladigan ishlarining haqiqati o‘zaro o‘xshash zotlarga nisbatan qo‘llaniladi;
نَدِيد – bir-biriga qarshi tura olishda o‘zaro o‘xshash zotlarga nisbatan ishlatiladi.
حِلٍّ – muzofun ilayh.مِثْلُ حِلٍّ kalimalari رِزْقٌga sifat.
وَإِنْ – shart harfi وَ harfi bilan birga وَاِنْ shaklida ishlatilsa, “garchi bo‘lsa ham” ma’nosini anglatadi.
يَكْرَهْ– majzum fe’li. كَرِهَ fe’li yoqimsiz narsalarga nisbatan ishlatiladi.
مَقَالِي – foildan oldin keltirilgan maf’ul.
كُلّ – foil. Bu kalima sanalmishning har birini to‘liq qamrash uchun ishlatiladigan ismdir. Doimo lafziy yoki taqdiriy muzof holatda ishlatiladi.
قَالِي – bu kalima قِلًى (yomon ko‘rish) masdaridan olingan ismi foildir.
Matn sharhi:
Rizq so‘zi lug‘aviy jihatdan “rizq”, “kunlik ovqat”, “ulush”, “in’om” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “Alloh taolo jonzotlarga yetkazgan va ular iste’mol qilgan narsa rizq deb ataladi”[3].
Dunyodagi hamma jonzotlarning rizqi Alloh taolo tomonidan oldindan belgilab qo‘yilgan. So‘fi Ollohyor bobomizning joylari jannatda bo‘lsin, rizq haqida qanday e’tiqodda bo‘lishni qisqa va lo‘nda bayon qilib qo‘ygan:
Qidirg‘on birla rizqing qatra toshmas,
Ketar qadring, qadardin hargiz oshmas.
Belgilab qo‘yilgan rizq ziyoda va kam bo‘lmaydi, barcha xaloyiq o‘ziga qancha rizq belgilangan bo‘lsa, o‘shani olmasdan qolmaydi, albatta to‘liq oladi. Chunki bu uning oldindan belgilab qo‘yilgan nasibasidir:
“Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz taqsimlaganmiz”[4].
Shunga ko‘ra, insonning iste’mol qilgan barcha narsasi halol bo‘lsin, harom bo‘lsin, rizqi hisoblanadi. Mo‘taziliy firqasi rizq mutlaqo Alloh taolo tarafidan ato qilinadigan narsadir, shu bois U zot ato qilgan narsani harom deb bo‘lmaydi, – deyishgan. Bu so‘zlariga quyidagicha javob berilgan: rizq Alloh taolo tomonidan ato etilishiga nisbatan aslo harom deyilmaydi, balki banda uni man qilingan yo‘l orqali istemol qilgani va dunyo-yu oxiratda unga zarar keltirgani uchun harom deyiladi. Chunki hamma narsa Alloh taoloning mulki bo‘lib, U zot O‘z mulkida xohlagan narsasiga hukm qiladi.
Mo‘taziliylarning da’volari noto‘g‘ri ekani aqlan ham sobitdir. Ya’ni agar haromni rizq deyilmasa, bir inson uzun umri davomida faqat harom yo‘l bilan mol topib yegan bo‘lsa, ularning da’volariga ko‘ra o‘sha odamga Alloh taolo rizq bermagan bo‘lib qoladi. Qur’onda esa o‘rmalagan jonzot borki, barchasining rizqi Alloh taolo tomonidan ato qilinishi bayon qilib qo‘yilgan:
“Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir”[5].
Ya’ni insonlarning ham, boshqa hayvonlarning ham, umuman barcha jonzotlarning rizqini Alloh taolo O‘z zimmasiga olgan. Zero, Alloh taolo ularning Yaratuvchisi bo‘lgani kabi rizqlarini ham beruvchisidir.
Shu o‘rinda harom ham Alloh taolo tomonidan berilgan rizq ekan nega uni yegan odam jazo olishi kerak, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bu savolga javob quyidagicha bo‘ladi: haromni yegan odam halolni qo‘yib, haromni tanlagani uchun jazolanadi. Chunki Alloh taolo mutloq rizqni va’da qilgan va bandalarga uni halol yo‘l bilan topishga buyurgan:
“Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz”[6].
Agar banda shaytonga va nafsu havosiga ergashib, Alloh taolo buyurgan halol yo‘ldan rizq topishga urinmasdan harom yo‘ldan topishga urinsa, Alloh taolo o‘sha yo‘ldan ham unga erishtirib qo‘yaveradi. Lekin buyrug‘ini bajarmasdan man etilgan yo‘lni tanlagani uchun jazoga giriftor qiladi. Shunga ko‘ra, harom yegan banda Alloh taoloning bergan rizqini yegani uchun emas, balki U zotning buyrug‘ini bajarmasdan shaytonga ergashgani uchun jazolanadi.
Rizq haqidagi masala “Aqoidun Nasafiy”da quyidagicha bayon qilingan:
الْحَرَامُ رِزْقٌ وَكُلٌ يَسْتَوْفِي رِزْقَ نَفْسِهِ حَلاَلاً كَانَ اَوْ حَرَامًا وَلَا يُتَصَوَّرُ اَنْ لَا يَأْكُلَ اِنْسَانٌ رِزْقَهُ اَوْ يَأْكُلَ غَيْرُهُ رِزْقَهُ.
“Harom ham rizqdir. Hamma o‘z rizqini halol bo‘lsin, yo harom bo‘lsin, to‘la-to‘kis oladi. Inson o‘z rizqini yeya olmay qolishi yoki boshqa birov uning rizqini yeb qo‘yishi tasavvur ham qilinmaydi”.
Ya’ni Alloh taolo biror kishiga iste’mol qilishni taqdir qilib qo‘ygan narsani boshqa birov ustamonlik yoki ayyorlik bilan ilib ketishi mumkin emas. Har bir kishi o‘z rizqu nasibasini albatta oladi. Ammo rizq mulk ma’nosida qo‘llanganda, uni boshqalar ham olishi mumkin:
“Ular g‘aybiy xabarlarga (payg‘ambarim Muhammad keltirgan xabarlarga) iymon keltiradigan, namozni barkamol o‘qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir”[7].
Ushbu oyatdagi rizq qilib berilgan narsalardan ehson qilishlari, ularga mulk qilib berilgan narsalardan boshqalarga infoq-ehson qilishlari ma’nosini anglatadi.
Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhning “Hikamul Atoiya”da aytgan so‘zlari to‘g‘ri tafakkur yuritgan har bir mo‘min bandaning qalbini sururga to‘ldiradi: “(Alloh taoloning) senga yetarlicha rizq berib, haddingdan oshib ketishinga sabab bo‘ladigan (narsalar)ni sendan to‘sib turishi, senga ne’matlarni to‘liq qilib berganidir”.
Sharh: Alloh taoloning bandaga yetarlicha jismoniy va ruhiy ozuqalarni berib, (bandaning nafsi xohlagan) ba’zi zohiriy va botiniy narsalarni unga ato qilmasligi aslida unga berilgan to‘liq ne’mat hisoblanadi. Chunki tirikchiligi uchun yetarli narsani topa olmaslik kishini bandalar oldida xorlanishiga sabab bo‘lsa, tug‘yonga ketkazadigan narsalarning ato qilinishi uning dunyosini ham, oxiratini ham boy berishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun kimga tirikchiligiga yetarli narsalar berilgan va tug‘yonga ketkazadigan narsalar berilmagan bo‘lsa, unga ne’matlar to‘liq qilib berilgan bo‘ladi.
Keyingi mavzular:
Qabr imtihoni haqida e’tiqodimiz;
Qabr azobi haqligi bayoni.
[1] Yasin surasi, 82-oyat.
[2] Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 69.
[3] Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 93.
[4] Zuxruf surasi, 32-oyat.
[5] Hud surasi, 6-oyat.
[6] Baqara surasi, 168-oyat.
[7] Baqara surasi, 3-oyat.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi