Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Muqaddas dinimiz Islomda jamiyatning har bir a’zosiga alohida e’tibor bilan munosabatda bo‘linadi. Zero, xoh kichik, xoh katta bo‘lsin, har bir inson hurmat-ehtiromga loyiqdir.
Ma’lumki, har qanday jamiyatda turli tabaqa vakillari mavjud. Ular ichida o‘zgalar tomonidan e’tibor, mehr-muruvvatga muhtoj toifalardan biri yetimlardir.
Afsuski, oramizda ota-onasi vafot etib ketgan haqiqiy yetimlar bilan bir qatorda tirik yetimlar ham yetarlicha topiladi. Ularning ota-onasi ma’lum sabablarga ko‘ra o‘z farzandlarini tashlab ketadilar. Biroq unutmaslik kerakki, ular oxiratda buning javobini beradilar, farzandlaridan nima sabab tonganlari, unga mehr-muruvvat ko‘rsatmaganlari sabab so‘roqqa tutiladilar.
Dinimiz Islomda yetim-yesirlarga alohida g‘amxo‘rlik qilish, ularning boshini silash, yetimning haqqini yemaslik lozimligi bot-bot ta’kidlab kelinadi. Jumladan, Alloh taolo An’om surasining 152-oyatida bunday degan: “Yetimning moliga to u voyaga yetgunicha eng chiroyli yo‘llar bilangina yaqinlashing!”.
Ushbu oyatda yetimga valiy bo‘lgan kishilarga qarata: yetimning molini zoye qilmanglar, uni yaxshilik yo‘li bilan tasarruf qilinglar, uning molini ko‘paytirib, yetimning tarbiyasi, ta’limi va taom-libosi uchun sarflanglar! –deb ta’kidlanmoqda.
Muhammad ibn Qays oyatdagi voyaga yetish yoshi o‘n besh yosh ekanini aytgan (Ibn Abu Hotim rivoyati).
Zayd ibn Aslamdan rivoyat qilinishicha, bola ehtilom bo‘ladigan yoshga to‘lganida voyaga yetgan hisoblanadi (Abu Shayx rivoyati).
Yetimning molidan ehtiyot bo‘lish haqida boshqa oyatda shunday deyilgan: “Yetimning moliga to u balog‘at yoshiga yetgunicha yaqinlashmanglar, magar eng chiroyli yo‘sinda (unga biron ziyon yetkazmasdan yaqinlashinglar – tasarruf qilinglar)!” (Isro, 34).
Yetimning molini yeyish qanchalik gunoh ekani quyidagi oyatda ta’sirchan uslubda ifodalangan. Alloh taolo aytadi: “Yetimlarning molini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar hech shak-shubhasiz, qorinlariga olovni yegan bo‘ladilar. Va ular, albatta do‘zaxga kiradilar!” (Niso, 10).
Ushbu oyat ikki xil ta’vil qilinadi:
1. Ular qiyomat kuni jahannamga tushishlariga sabab bo‘ladigan narsani yegan bo‘ladilar;
2. Ular yetimning molini yeganlari bois do‘zaxda qorinlarini olov bilan to‘ldiradilar.
Alloh taolo barchamizni bunday holga tushishdan saqlasin!
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “To‘rt toifani jannatga kirgizmaslik va uning ne’matlaridan bahramand qilmaslik Alloh ustidagi haqdir. (Bular:) xamr ichishga mukkadan ketgan kimsa, riboxo‘r, yetimning molini adolatsizlik bilan yeyuvchi va ota-onasiga oqq bo‘lgan kimsa” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan).
Ota-onasi ham, yaqin qarindoshlari ham bo‘lmagan bechora yetimlar molidan uncha-buncha odamlar tiyilishi mumkin. Ammo otasi vafot etib, onasi hayot, uch-to‘rt yoki olti-yetti yoshli bolalari qiyin ahvolda bo‘lishiga qaramay, o‘zgalar qistovi bilan o‘tkaziladigan “ehson”larga borib, u yerda yetimga tegishli bo‘lgan moldan, taomdan iste’mol qilishdan har qanday odam ham saqlana olmaydi. Balki ko‘pchilik bu narsani bilmas yoki e’tibor bermas. Lekin atrofimizda bunday holatlar ko‘p kuzatiladi. Biz bu narsaga ahamiyatli bo‘lib, bechorahol yetimlar taomidan yeyish o‘rniga ularga yordam berishga harakat qilishimiz kerak. Balki ushbu marosimni yetimning amakisi yoki tog‘asi qilib berayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq o‘sha marosimni qilish o‘rniga pulni yetimning ta’limi, ust-boshi va boshqa zarur ehtiyojlar uchun ishlatish kerakligi ko‘pchiligimizning xayolimizga kelmaydi.
Alloh taolo hayotda bo‘ladigan sinovlarga sabr qilmay, shoshqaloqlik qiladigan kimsalarga qarata shunday xitob qiladi: “Yo‘q, sizlar yetimni izzat-ikrom qilmaysizlar! Miskin-bechoraga taom berishga bir-birlaringizni targ‘ib qilmaysizlar! Merosni esa (o‘zlaringizning ulushingizga o‘zgalarnikini ham) qo‘shib yeyish bilan yeyaverasizlar!” (Fajr, 17-19).
Quyidagi oyatda yetimlarni kimlar xorlashi ochiq-oydin bayon qilingan: “Dinni (oxiratda bo‘ladigan hisobni) yolg‘on, deydigan kimsa(ning qanday kimsa ekanini) ko‘rdingizmi? Bas, bu yetim-yesirni (qo‘pollik bilan) haydab soladigan va (kishilarni) miskin-bechoraga taom berishga targ‘ib qilmaydigan kimsadir” (Mo’un, 1-3).
Demak, Alloh va oxirat kuniga ishongan banda yetimni hurmat qiladi, unga mehr ko‘rsatadi. Imoni yo‘q, Allohga ishonmaydigan kimsagina yetimni xo‘rlaydi, unga zulm qiladi, qo‘pol munosabatda bo‘ladi.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bergan ne’matlarini zikr qilib, u zotga shunday amr qilgan: “Bas, endi Siz ham yetimga qahr qilmang!..” (Zuho, 9).
Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam ona qornida ekanlaridayoq otalaridan yetim qoldilar, hali balog‘atga yetmay turib onalaridan ham ayrildilar. Agar Alloh marhamat qilmaganida u zot shuncha ne’matlarga erishmagan bo‘lardilar. Shu sabab ham mazkur oyatda Alloh O‘z Rasulini yetimga mehribon bo‘lishga chaqirmoqda.
Yetim-yesirlarga g‘amxo‘rlik qilish borasida Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar keltirilgan.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ أَحَبَّ الْبُيُوتِ إِلَى اللهِ بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ مُكْرَمٌ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ وَالطَّبَرَانِيُّ وَأَبُو نُعَيْمٍ وَالْقُضَاعِيُّ.
Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uchun uylarning eng yaxshisi unda izzat-ikrom qilinadigan yetim bor uydir”, deganlar (Bayhaqiy, Tabaroniy, Abu Nuaym va Quzo’iy rivoyati).
Qaysi xonadon yetimni asrab olib, unga yaxshi munosabatda bo‘lsa, o‘sha xonadon Alloh uchun eng sevimli maskanlardan biri bo‘ladi.
وَعَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: خَيْرُ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُحْسَنُ إِلَيْهِ وَشَرُّ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُسَاءُ إِلَيْهِ أَنَا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ فِي الْجَنَّةِ كَهَاتَيْنِ يُشِيرُ بِإِصْبَعَيْهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الأَدَبِ الْمُفْرَدِ وَابْنُ مَاجَهْ وَالطَّبَرَانِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonlarning eng yaxshi uyi unda yaxshilik ko‘radigan yetim istiqomat qiladigan uydir. Musulmonlarning eng yomon uyi unda yetimga yomonlik qilinadigan uydir. Men va yetimni kafiliga olgan kishi jannatda mana shunday bo‘ladi”, deb barmoqlari bilan ishora qildilar (Buxoriy , Ibn Moja va Tabaroniy rivoyati).
Demak, yetim asragan xonadon ahllari unga yaxshi muomalada bo‘lishlari kerak. Aks holda bu uy Alloh nazdida eng yomon xonadon hisoblanadi. Bunday uy Allohning rahmati va yaxshiliklaridan uzoq bo‘ladi.
وَعَنْ أَبِي أُمَامَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ مَسَحَ رَأْسَ يَتِيمٍ لَمْ يَمْسَحْهُ إِلاَّ للهِ كَانَ لَهُ بِكُلِّ شَعْرَةٍ مَرَّتْ عَلَيْهَا يَدُهُ حَسَنَاتٌ وَمَنْ أَحْسَنَ إِلَى يَتِيمَةٍ أَوْ يَتِيمٍ عِنْدَهُ كُنْتُ أَنَا وَهُوَ فِي الْجَنَّةِ كَهَاتَيْنِ وَفَرَّقَ بَيْنَ أُصْبُعَيْهِ السَّبَّابَةِ وَالْوُسْطَى. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ لِغَيْرِهِ.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yetimning boshini faqat Alloh (roziligi) uchun silasa, qo‘li silagan sochning har bir tolasi uning uchun hasanot bo‘ladi. Kim o‘zining qaramog‘idagi qiz yoki o‘g‘il yetimga yaxshilik qilsa, men va u jannatda mana shunday bo‘ladi”, deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochganlar (Ahmad, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati).
Demak, kim jannatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qo‘shni bo‘lishni xohlasa, yetimlarga mehr-ko‘rsatib, uni yaxshi tarbiya qilishi kerak.
Rivoyatlarning birida yetimning boshini silash qalbdagi qattiqlikni ketkazishi bayon qilingan.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَجُلاً شَكَا إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَسْوَةَ قَلْبِهِ فَقَالَ لَهُ: إِنْ أَرَدْتَ تَلْيِينَ قَلْبِكَ فَأَطْعِمْ الْمِسْكِينَ وَامْسَحْ رَأْسَ الْيَتِيمِ. رَوَاهُ أَحْمَدُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga qalbining qattiqligidan shikoyat qilib kelganida, u zot: “Agar qalbing yumshashini istasang, miskinga taom ber va yetimning boshini sila”, deb aytganlar (Ahmad rivoyati).
Xalq orasida “yetim qo‘zi saqlasang, og‘zi burning moy bo‘lar, yetim bola saqlasang, og‘zi-burning qon bo‘lar” degan gap bor. Bu nima, yetimparvarlikdan qaytarishmi yoki yetimning “zulm”idan ogoh bo‘lishga da’vatmi? Aslida yetim boqib, o‘z bolasidek parvarishlab, ulardan ko‘p yashiliklar ko‘rgan ota-onalar son-sanoqsiz oramizda. Shu ma’noda xalqimiz orasida yetimparvarlik nihoyatda rivojlanganini alohida ta’kidlash joiz. O‘zbek xalqida yetimlar hech qachon ko‘chada qolmagan. Qayerda yetim bo‘lsa, uni boquvchi, tarbiyasiga oluvchi himmatli insonlar doim topilgan. Hozir ham bu ezgu an’ana davom ettirilmoqda. Jumladan, hukumatimiz tomonidan yetim bolalarga alohida g‘amxo‘rlik qilinmoqda, ularning turarjoylari ta’mirlanib, ust-bosh va oziq-ovqat bilan bekamu-ko‘st ta’minlanmoqda. Bu kelajak avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Sababi yetim bolalar vaqtida tarbiya qilinmasa, ulardan nomaqbul ko‘cha bolalari yetishib chiqishi mumkin. Hukumatimiz bu sohaga alohida e’tibor berishi bejiz emas.
Yetimga yaxshilik qilish qalbni yumshatishi haqida boshqa rivoyat ham bor.
وَعَنْ مُحَمَّدِ بْنِ وَاسِعٍ أَنَّ أَبَا الدَّرْدَاءِ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ كَتَبَ إِلَى سَلْمَانَ أَنَّ رَجُلاً شَكَا إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَسْوَةَ قَلْبِهُ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنْ أَرَدْتَ أَنْ يَلِينَ قَلْبُكَ فَامْسَحْ رَأْسَ الْيَتِيمِ وَأَطْعِمْهُ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Muhammad ibn Vose’dan rivoyat qilinadi: “Abu Dardo Salmonga yozgan maktubida aytilishicha, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga qalbining qattiqligidan shikoyat qilib kelganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar qalbing yumshashini xohlasang, yetimning boshini sila va unga taom ber”, deganlar (Ahmad va Bayhaqiy rivoyati).
Yuqorida keltirilganlardan shunday xulosa qilish mumkin: kim yetimga rahm-shafqatli bo‘lsa, imkonini topib, uni tarbiyasiga olsa, Alloh roziligiga erishadi va jannatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qo‘shni bo‘ladi. Yetimni xo‘rlash, unga zulm qilish, yetimning molini nohaq yo‘llar bilan yeyish mo‘minga yot sifat bo‘lib, bu ishni Alloh va oxirat kunidan umidi bo‘lmagan kimsalargina qiladi. Oxiratda Allohning roziligiga erishaman, jannatga kiraman, degan banda borki, yetimga g‘amxo‘rlik qiladi, unga zulm yetkazishdan saqlanadi. Agar yetimga yaxshilik qilish qo‘limizdan kelmasa, juda bo‘lmaganda unga zulm qilishdan, aziyat yetkazishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan.
Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota‑onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan bilib olamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar.
So‘ngra Abu Hurayra roziyallohu anhu «Agar xohlasangiz: «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
Ushbu muborak hadisi sharifda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur yetishi, uning buzilishi haqida so‘z ketmoqda.
“Fitrat” sof tabiat, dinni to‘g‘ri qabul qilishga bo‘lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug‘iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Alloh taoloning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug‘ilishi haqida xabar bermoqdalar.
Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo‘lasan, sen nasroniy bo‘lasan, sen majusiy bo‘lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo‘lishiga sabab bor:
«Bas, ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi».
Ya’ni, ota-onalar bolalarini o‘z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib, yahudiy, nasroniy va majusiy bo‘lib qoladilar.
Shu joyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni to‘liqroq tushuntirish maqsadida sahobai kiromlarga hissiy bir misol keltirmoqdalar.
«Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?».
Ya’ni har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘iladi. Birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘ladi. Ammo, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.
Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Och inson taom yemasa, qorni to‘ymaydi. Ota-ona qo‘shilmasa, bola tug‘ilmaydi. Xuddi shuningdek, tarbiya bo‘lmasa, inson tarbiya ko‘rgan bo‘lib voyaga yetmaydi. Shuning uchun ham Islomda bola tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: “Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam aytdilar: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan ko‘ra afzal narsa bera olmaydi”.
Albatta, farzand ilmli va odobli bo‘lsa ota–ona hurmatini va haq-huquqlarini yaxshi ado qiladi. Oilada yaxshi tarbiya topgan farzand yaxshi va yomonni farqlay oladi. Qaysi oilada, qaysi mahallada yoshlar tarbiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla, o‘sha yurt gullab yashnaydi. Bu esa jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.