Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Do‘zax: Robbim, o‘z-o‘zimni yeb yubordim-ku!” deb Robbiga shikoyat qildi. Shunda Alloh unga ikki marta – qishda bir, yozda bir nafas olishga izn berdi. Sizlar ko‘radigan eng qattiq issiq, sizlar ko‘radigan eng qattiq sovuq shudir”.
Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “Ulamolar hadisda kelgan “zamhariyr”ni – “shiddatli, qattiq sovuq” deb sharhlaganlar”.
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh: “Zamhariyr”dan murod – “qahraton sovuqdir”, deganlar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Do‘zax ahli jahannamning jazirama issig‘idan najot so‘raydilar va ularning so‘roviga suyaklari sinib ketadigan darajada kuchli bo‘lgan sovuq shamol beriladi. So‘ngra do‘zax ahli yana yolvorib issiqlik so‘rashadi”.
Shunday ekan, qishning sovuq kunlarini g‘animat biling, Alloh taologa ko‘proq duo qiling. Xususan, ushbu duoni o‘qish tavsiya etiladi.
اللَّهُمَّ أَجِرْنِي مِنْ زَمْهَرِيرِ جَهَنَّمَ
O‘qilishi: Allohumma ajirniy min zamhariyri jahannama.
Ma’nosi: Allohim meni jahannamning qattiq sovug‘idan asra.
Allohim, bizni do‘zaxning issiq va sovuq azobidan O‘zing asra.
Allohim, bu sovuq kunlarda har bir bandangni, xususan, uy-joyi, boquvchisi yo‘q miskinlarni O‘z panohingda asra.
Allohim, dardga duchor bo‘lgan bemorlar va Sendan yordam so‘ragan jamiki muhtojlarni O‘zingga omonat. Dunyoyu oxiratda O‘zing himoya qil. Ularga rahmating bilan rahm qil, ey rahmlilarning rahmlisi.
Allohim, O‘zingsan yagona iloh, Sendan o‘zga iloh yo‘q. O‘zing boysan, biz esa kambag‘almiz. Sen behojat va hojatbarorsan, biz hojatmandmiz. Ustimizga yog‘diradigan qorni xayrli qilgin. Allohim, Sendan uning yaxshiligini va undagi yaxshilikni hamda sen yuborgan narsaning yaxshiligini so‘raymiz. Sendan uning yomonligidan va undagi yomonlikdan hamda Sen yuborgan narsaning yomonligidan panoh so‘rayman. Allohim, g‘azabingga duchor, azobingga mubtalo bo‘lishdan asra.
Davron NURMUHAMMAD
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH