O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida Oksford Islom tadqiqotlari markaziga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Markaz vakillari va olimlari bilan uchrashuvda mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmonov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov va boshqalar ishtirok etdi.
Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, dolzarb ilmiy tadqiqotlar haqidagi, shuningdek, bu boradagi xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishga oid taqdimotlar tinglandi.
O‘z navbatida, Oksford Islom tadqiqotlari markazi vakillari ham qator davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Islom olami tarixi atlasi" loyihasini taqdim etdi. Loyihada dunyoning har bir mintaqasining Islom sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni, muhim kashfiyotlar, olimlar hayoti va faoliyati, shuningdek, islom sivilizatsiyasining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi ko‘rib chiqildi. Muzokaralar chog‘ida ushbu loyiha turkumida Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bag‘ishlangan jildni yaratish bo‘yicha ikki tomonning sa’y-harakatlarini birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro tadqiqot markazlari va Oksforddagi islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi bilan yakunlandi. Tadbir doirasida so‘nggi yillarda chop etilgan kitob va albomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Oksford islom tadqiqotlari markaziga Katta Langar Qur’oni faksimilesi, shuningdek, "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar sovg‘a qilindi.
– O‘zbekiston boy tarix va betakror madaniy merosga ega qadimiy mamlakat, – dedi Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy. – Men O‘zbekistonga ko‘p marotaba borganman. Ammo so‘nggi yillarda mamlakatingiz tashqi dunyo bilan aloqalari tobora kengaya boshladi. Yangi O‘zbekiston rahbari barcha xorijiy hamkorlar qatori biz olimlar, xorijiy tadqiqotchilar uchun ham eshiklar ochiq ekanini aytmoqda. Jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan birgalikda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar kutilgan natijalarni berishiga ishonaman.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari dunyoning eng qadimiy kutubxonalaridan biri bo‘lgan Oksforddagi Bodlean kutubxonasida bo‘ldi va u yerda O‘zbekistonga oid nodir qo‘lyozmalar bilan tanishishdi.
–O‘zbekiston buyuk allomalar, shoir va mutafakkirlar yurti, – deydi Bodlean kutubxonasi Sharq qo‘lyozmalari bo‘limi kuratori Nikolas Kontovas. – Jumladan, hazrat Alisher Navoiyning ul zot hayotligi davrida ko‘chirilgan qo‘lyozmalari kutubxonamiz fondining nodir javohirlaridan sanaladi. Bunday bebaho asarlarni bemalol butun insoniyatning xazinasi deyish mumkin.
Kutubxonada o‘zbekistonlik olimlar O‘zbekiston madaniy merosiga oid o‘ndan ortiq qo‘lyozmalar bilan tanishdilar. Ayniqsa, Alisher Navoiyning shaxsiy dastxati bo‘lgan "Xamsa" qo‘lyozmasi katta taassurot qoldirdi. Mirzo Ulug‘bekning "Ziji Ko‘ragoniy" asari ham o‘ziga xos tarixga ega. Uni salkam uch asr ilgari oksfordlik olim Jon Geyvs sotib olgan va kitob hoshiyasida zarhal qaydlar kiritgan. Kitob sahifalarida usmonli turk tilidagi bitiklar ham uchraydi.
O‘zbekiston ilmiy delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!