Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2025   |   18 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:39
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2025, 18 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Ey Oisha, Allohning ne’matlariga yaxshi munosabatda bo‘l!

04.12.2024   4228   13 min.
Ey Oisha, Allohning ne’matlariga yaxshi munosabatda bo‘l!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

“Isrof” so‘zi asli arabcha bo‘lib, “hisobsiz tarzda ishlatish”, “haddidan oshish” kabi ma’nolarni anglatadi. Isrofga yo‘l qo‘ygan odam Alloh belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zotning ne’matlarini o‘rniga sarflamagan yoki hojatdan tashqari ishlatgan bo‘ladi. Tilimizda ushbu so‘z “nest-nobud qilish”, uvol qilish”, “ne’matni qadrlamaslik” kabi ma’nolarni anglatadi.

Muqaddas dinimiz Islomda isrof qattiq qoralangan. Alloh taolo O‘z Kalomi majidida:

وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلاَ تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ

"Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas", deb aytgan (A’rof, 31).

Bundan kelib chiqadiki, Alloh bergan ne’matlarni isrof qilish, ularni qadriga yetmaslik gunohdir.

Isrof nematlar bilan bog‘lik ekan, demak o‘z-o‘zidan u bir necha turlarga bo‘linadi:


Suvni isrof qilish

Alloh taolo  Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata bunday marhamat qiladi:

أَفَرَأَيْتُمُ الْمَاءَ الَّذِي تَشْرَبُونَ (68) أَأَنْتُمْ أَنْزَلْتُمُوهُ مِنَ الْمُزْنِ أَمْ نَحْنُ الْمُنْزِلُونَ (69) لَوْ نَشَاءُ جَعَلْنَاهُ أُجَاجًا فَلَوْلاَ تَشْكُرُونَ

“Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (Voqea, 68-70).

Darhaqiqat, o‘tayotgan har bir kunimizni suvsiz tasavvur qila olmaymiz. Ma’lumotlarga qaraganda, Yer yuzasining 70 foizidan ko‘proq qismi suv bilan qoplangan bo‘lsa, uning bor yo‘g‘i 3 foizigina ichimlik (chuchuk) suv hisoblanar ekan. Inson tanasining ham 3/2 qismi, ya’ni 60-70 foizi suvdan iborat. Suv nafaqat insoniyat, balki butun maxluqot, hayvonot olami, o‘simliklarning  hayoti va tiriklik manbaidir.

Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Alloh taolo  Anfol surasining 11-oyatida:

وَيُنَزِّلُ عَلَيْكُمْ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً لِيُطَهِّرَكُمْ بِهِ

“Sizlar poklanishingiz uchun U osmondan suv tushirur”, deya xabar bergan.

Suvni isrof qilishning har xil ko‘rinishlari bor. Aksariyat kishilar tarvuz-qovun, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun juda ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadilar. Bu isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘q bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish ham mumkin-ku, axir.

Suv bizlarga Alloh bergan buyuk ne’matlardan biridir. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash dunyoviy (global) muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, Oxiratda esa Allohning roziliga sazovor bo‘lamiz.


Tahoratdigi isrof

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’minan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy  sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya  unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda esa, maxsus truba va kranlar orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda juda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.

Aslida vodoprovod jo‘mragini bir oz jildiratib tahorat qilsa bo‘ladi. Lekin, afsuski ko‘pchiligimiz suvni sharillatib oqizib qo‘ygan holda tahorat qilamiz. Axir, bu isrofgarchilikdan boshqa narsa emas-ku! Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bu sohada qilgan nasihatlariga quloq tutilsa, aholini suv bilan ta’minlashdagi ko‘pgina muammolar o‘z yechimini topgan bo‘lar edi.


Oziq-ovqatdagi isrof

Alloh taolo  aytadi: "Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).

Ba’zi salaf ulamolar, Alloh ushbu oyatda tabobat ilmining yarmini jamlagan, deyishgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Taom va ichimlikni isrof qilmagan holda iste’mol qilsang, Alloh senga halol qiladi”.

Amr ibn Shu’ayb otasidan, otasi bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Isrofga yo‘l qo‘ymay va takabburlik qilmagan holda ye, ich, kiyin va sadaqa qil”, deganlar” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Isrof qilmagan holingizda yenglar, ichinglar, kiyininglar, chunki Alloh O‘z ne’matlarini bandalarida ko‘rishni xohlaydi” (Imom Ahmad rivoyati).

Hofiz Abu Ya’lo “Musnad”da keltirishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nafsing xohlagan har narsani yeyaverishing ham isrofdir”, deb aytganlar.

Kindiy roziyallohu anhu Nabiy  sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqbordagi taom kifoya qiladi, yoki  bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati).

Zayd ibn Aslam: “Isrof qilmanglar” oyatini “Alloh harom qilgan narsalarni yemanglar, bu isrofdir”, deya tafsir qilgan.


Nonning qadriga yetish

Ota-bobolarimiz qadimdan nonni e’zozlashga, uni isrof qilmaslikka chaqirib kelganlar, bir dona uvoqni ham terib yeyishga da’vat qilganlar. Buning asosida ham dinimiz ta’limotlari muhim o‘rin tutadi.

Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladi: “Nabiy  sollallohu alayhi vasallam uyga kirdilar va to‘satdan ko‘zlari to‘kilgan uvoqlarga tushdi. Ularni terib oldilar va tozalab yedilar. So‘ngra: “Karim (sifatli Alloh taolo bergan ne’matlar)ni qadrlagin! Zero, u (ne’matlar) biron qavmdan olib qo‘yilsa, boshqa qaytib berilmaydi!” dedilar” (Ibn Moja rivoyati).

Hakim Termiziy “Navodirul usul”da rivoyat qilgan hadisda: “Ey Oisha, Allohning ne’matlariga yaxshi munosabatda bo‘lgin! Agar u ne’matlar biron qavmdan olib qo‘yilsa, kamdan-kam hollarda qaytib keladi”, deb keltirilgan.

Alloh taolo bergan ne’matlarning katta-kichigi bo‘lmaydi. Barchasi U Zotning yaxshiligi, lutfu karamidir. Kim mana shu narsaga amal qilsa, ne’matlarni katta-kichikka ajratmay, barchasini birdek qadrlasa, Allohning ne’matlarini tan olgan va U Zotga shukr qilgan bo‘ladi. O‘z navbatida Alloh taolo bunday bandaga ne’matlarni bardavom va ziyoda qiladi.

Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir, xolos. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan o‘rganishimiz kerak. U zot bu borada ham bizga o‘rnakdirlar.

Umuman olganda, non bandalarning eng asosiy rizqi hisoblanadi. Hadislarning birida nonni e’zozlash, uni uvol qilmaslik lozimligi ta’kidlangan. Muso at-Toifiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Nonni hurmatlanglar (ya’ni, qadriga yetinglar). Chunki Alloh uni osmonning barakotidan tushirgan va Yerning barakotidan chiqargan” (Ibn Abu Hotim rivoyati).

Bizda ortib qolgan ovqatlarni tashlab yuborish isrof, degan tushuncha bor. Bu to‘g‘ri. Ammo qorin to‘ygandan keyin ortiqcha taom yeyish ham isrof ekanini bilamizmi?!


Kiyimdagi isrof

Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.


 Sadaqa, infoq-ehsondagi isrof.

Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandagi ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshilsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.

وَلاَ تَجْعَلْ يَدَكَ مَغْلُولَةً إِلَى عُنُقِكَ وَلاَ تَبْسُطْهَا كُلَّ الْبَسْطِ فَتَقْعُدَ مَلُومًا مَحْسُورًا (سورة الإسراء ، 29)

وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا (سورة الفرقان ، 67)

Saxovat yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.


Tabiiy resurslar (gaz, elektr toki va shu kabi)larni isrof qilish.

Bu ne’matlarni isrof qilish bizda nisbatan olib qaraganda ozroq. Sababini bilsizmi? Bizda bir tushuncha bor. Qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin. Narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ridir. Sababi Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi. Bizda gaz va shu kabi ne’matlar, odatda tejab ishlatiladi. Sababi ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularni qadriga yetaylik.

Bir yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga asosan quyidagi ikki narsa kiradi:


Umrni isrof qilish

Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. O‘tgan kun boshqa qaytib kelmaydi. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘lishmiz lozim.

 

Ilm va iste’dodni isrof qilish

Ilm egallash ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tadbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda o‘zgalarga o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.

Biz Allohga suyukli xalqlardan, Allohga mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik, Alloh taolo bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan qadriga yetaylik. Shunda Alloh taolo ne’matlarini yanada ziyoda qilib beradi.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Muhammad Said Ramazon al-Butiy

16.05.2025   1559   5 min.
Muhammad Said Ramazon al-Butiy

Muhammad Said ibn Ramazon ibn Umar ibn Murod al-Butiy 1929 yilda Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo‘lgan, bugungi kunda Turkiya Respublikasi hududiga kiruvchi Jizre (arabcha: Jazirat ibn ‘Umar, kurdcha: Cizîrê Botan) viloyatiga qarashli Jalka qishlog‘ida tavallud topgan. Ushbu hudud tarixan boy ilmiy va madaniy merosga ega bo‘lib, ko‘plab yetuk shaxslar, ayniqsa islom olimlari bilan mashhur bo‘lgan. Jizre hududi o‘zining uzoq yillik ilm-fan va ma’rifat an’analari bilan ajralib turadi. Tarixiy manbalarda bu yerda yashab o‘tgan ko‘plab olimlarning ismlari tilga olinadi. Jumladan, buyuk musulmon tarixchisi va "al-Kamil fī’t-Tarix" asari muallifi Ibnul-Asir (1160–1233), mashhur qiroat olimi Abul-Xoyr Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy, mexanika va texnika sohasida kashshof sifatida tanilgan, "al-Jami' baynaal-'ilm val-'amal an-nafi' fī ṣina'at al-ḥiyal" asari muallifi Abul-‘Izz ibn Isma‘il ar-Rozzaz al-Jazariy (vafoti 1206-yil) shular jumlasidandir.

Muhammad Said Ramazon al-Butiy ana shunday yuksak martabali olimlardan biridir. U Islom olamida asosan fiqh, da’vatchilik faoliyati, asarlari va siyosat bilan aloqasi sababli mashhur bo‘lgan. Uning ilmiy merosi, asarlari va ilgari surgan g‘oyalari ko‘pincha G‘azoliy bilan qiyoslanadi [1].

Muhammad Said Ramazon al-Butiy 1934-yilda oilasi bilan Suriyaning Damashq shahriga hijrat qilgan. Ular asosan kurdlar istiqomat qiladigan Ruknuddin mahallasiga joylashadilar. Butiy bolaligidan Qur’on ta’limini boshlaydi va atigi olti oy ichida Qur’onni to‘liq xatm qiladi. Keyinchalik otasi bosh-qoshligida turli madrasalarda diniy ilmlar bilan shug‘ullanadi. 1953-yilgacha Shayx Hasan Habanka al-Maydoniy boshchiligidagi "At-tavjih al-islomiy" kollejida nahv, mantiq, balog‘at, usul va boshqa diniy fanlarni o‘rganadi.

1953-yilda Misrning Azhar universiteti Shariat fakultetiga o‘qishga kirib, 1956-yilda tamomlaydi. 1957-yilda Humus shahrida diniy madaniyat o‘qituvchisi sifatida faoliyat boshlaydi. 1960-yilda Damashq universitetining Shariat fakultetida yordamchi lavozimiga tayinlanadi. 1965-yilda Azhar universitetida "Islom huquqida "Maslaha" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini "Mumtaz" (juda a‘lo) bahosi bilan himoya qiladi. Shundan so‘ng u Damashq universitetida professor unvoniga erishib, islom huquqi, fiqh, aqida va siyrat fanlaridan saboq beradi.

1970-yilda dotsent, 1975-yilda professor, 1977-yilda esa Shariat fakulteti dekani lavozimiga tayinlanib, 1993-yilgacha bu lavozimda ishlaydi. U arab, kurd, turk va ingliz tillarini yaxshi bilgan. Akademik faoliyati davomida u kitoblari, televideniya, radio va internet orqali keng ommaga diniy ta’lim yetkazgan. Uning Damashqdagi yirik masjidlardagi va’zlari ko‘p sonli kishilarni jamlagan.

Yevropalik tadqiqotchi Andreas Christmann ta’kidlaganidek, diniy amallarga rioya qilmaydigan hatto musulmon bo‘lmagan kishilar ham uning ma’ruzalariga qiziqish bildirgan [2]. 2005-yilda Dubay Qur’on Xizmat Kengashi uni "Namunali Islom Olimi" deb e’tirof etgan. 2012-yilda esa Iordaniya Qirollik Akademiyasi tomonidan tuzilgan eng nufuzli 500 musulmon ro‘yxatida 22-o‘rinni egallagan.

Butiy aqidada Ash’ariy kalom maktabiga ergashgan bo‘lib, salafiylik oqimiga tanqidiy yondashuvi bilan mashhur edi. Fiqhiy yo‘nalishda esa Shofi’iy mazhabiga mansub bo‘lgan.

Butiyning ilmiy faoliyatida birinchi yirik yutug‘i sifatida "ad-Davabitu’l-Maslaha fi’sh-Shari‘ati’l-Islamiyya" nomli doktorlik dissertatsiyasi bo‘lib, bu asar Islom huquqidagi "Maslaha" masalasini chuqur tahlil qilgani sababli tadqiqotchilar tomonidan muhim manba sifatida qadrlanadi.

Uning asl shuhrati esa "Fiqhus-siyra" asari orqali keng tarqalgan. Ushbu kitobda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlari asosida shar’iy va fiqhiy xulosalar chiqarilib, yangicha ilmiy uslubda taqdim etilgan.

Tahrirchi Bot, [16.05.2025 12:30]
Butiy 70 ga yaqin kitob va ko‘plab maqolalar muallifi bo‘lib, Islom ummati muammolariga bag‘ishlangan "Abhas fi’l-Kimme" nomli o‘nta risoladan iborat to‘plami ham e’tibor qozongan. Bu risolalarda u muammolarga yechimlarning o‘zini emas, balki ularning asl sabablari, xususan, G‘arb qarshisida musulmonlarning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan orqada qolish omillarini ochib berishga intilgan.

U butun umri davomida islomiy fikr, axloq va ma’rifatni targ‘ib etishda fidokorona xizmat qilgan. Afsuski, bu yuksak ilm va taqvo sohibi 2013 yil 21 mart kuni Damashqdagi Imom masjidida dars berayotgan paytida shahid bo‘ldi. Uning vafoti nafaqat Suriyada, balki butun Islom olamida chuqur iztirob bilan qabul qilindi. Shu tariqa Ramazon Butiy o‘zining boy ilmiy merosi va mardonavor xizmatlari bilan musulmon ummatining qalbida chuqur iz qoldirdi.

Muhammaddiyor MO‘MINOV,
Toshkent Islom instituti 402-guruh talabasi.
 

[1] Mahsum Aslan. Muhammed Said Ramazan el-Bûtî’nin hayatı, eserleri, ilmî kişiliği ve fıkıhçılığı "Muhammad Said Ramazon al-Butiyning Hayoti, Asarlari, Ilmiy Shaxsiyati va Fiqhchilig‘i" nomli magistrlik dissertatsiyasidan. Dijla Universiteti, Sotsial fanlar instituti, Diyarbakir, qisqartirma, 2014.–  J.1. — B.1.

[2] Andreas Christmann. Islamic scholar and religious leader: A portrait of Shaykh Muhammad Sa’id Ramadan al-Būti “Musulmon Olim va Diniy Yetakchi: Shayx Muhammad Said Ramazon al-Butiy”, tarj. Muammer İskenderoğlu, Usul islomiy tadqiqotlar jurnali, Son: 2, Iyul-Dekabr, 2004. – 129-154, - B.130.