Yordamga muhtojlarga ko‘maklashish, mehr va muruvvat ko‘rsatish azaliy qadriyatlarimizdan biri sanaladi. Zero, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini kuchli himoya qilish loyihalariga alohida e’tibor qaratilishida ham katta ma’no mujassam.
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov shahrimizning bir qator imom-xatiblari bilan birgalikda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdilar.
Shifo maskanida davolanayotgan bemor bolajonlardan hol-ahvol so‘rab, samimiy suhbatlashib, ularning ko‘ngligiga iliqlik olib kirdilar.
Homiylarni jalb qilgan holda markazga nogironlik aravachalari va yana bir qancha zarur bo‘lgan tibbiy asbob-uskunalar hadya qilindi.
Shuningdek, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Olmazor tumanidagi 36-sonli jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uyiga tashrif buyurdi.
Murg‘ak qalb egalari bilan samimiy muloqot qilib, ularga kiyim-kechaklar, shirinliklar va turli hil sovg‘a-salomlar ulashdilar.
Bolajonlarning qalbiga quvonch kirgani ularning shundoqqina yuz-ko‘zlaridan sezilib turardi. Zotan, dunyoda bola quvonchidan ko‘ra beg‘ubor shodlik bo‘lmasa kerak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Joriy yil 2025 yil 13-23 aprel kunlari Iordaniya vaqflar, Islomiy ishlar va Muqaddas ziyoratgohlar vazirligi podshoh Abdulloh II nomidagi Voizlar tayyorlash va malakasini oshirish institutida navbatdagi o‘quv bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mas’ul xodimi Yorqin domla Jumabayev ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash lozimki, Ammon murojaatnomasining mazmuni 200 dan ortiq musulmon ulamolar hamda 50 dan ortiq mamlakatdan kelgan bayonotlar bilan umumiylashtirildi.
Murojaatnomada insonlar orasidagi o‘zaro hurmat va tinchlikni saqlash muhimligiga e’tibor qaratilgan. Bu hujjat islomda murosa va birlikka chaqiruvchi muhim qadam bo‘lib, musulmonlar orasida o‘zaro hurmat va yordamni ta’minlash uchun ishlatilgan g‘oyalardan biri hisoblanadi. Ushbu 2025 yilgi malaka oshirish kursi 46-davra hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida Ammon murojaatnomasi 2004 yil 9 noyabrda (Ramazon) Iordaniya podshohi Abdulloh II tomonidan Islom dunyosida yaxshilik, o‘zaro hurmat va birlikni ta’kidlab e’lon qilingan. Har yili "Ammon murojaatnomasi" va uning mazmunini yetkazish bo‘yicha voizlar malakasini oshirish kurslari tashkil etib kelinadi.
O‘tgan yillarda o‘tkazilgan malaka oshirish kurslarida musulmon dunyosining 20 dan ortiq davlatdan vakillar ishtirok etgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati