Yordamga muhtojlarga ko‘maklashish, mehr va muruvvat ko‘rsatish azaliy qadriyatlarimizdan biri sanaladi. Zero, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini kuchli himoya qilish loyihalariga alohida e’tibor qaratilishida ham katta ma’no mujassam.
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov shahrimizning bir qator imom-xatiblari bilan birgalikda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdilar.
Shifo maskanida davolanayotgan bemor bolajonlardan hol-ahvol so‘rab, samimiy suhbatlashib, ularning ko‘ngligiga iliqlik olib kirdilar.
Homiylarni jalb qilgan holda markazga nogironlik aravachalari va yana bir qancha zarur bo‘lgan tibbiy asbob-uskunalar hadya qilindi.
Shuningdek, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Olmazor tumanidagi 36-sonli jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uyiga tashrif buyurdi.
Murg‘ak qalb egalari bilan samimiy muloqot qilib, ularga kiyim-kechaklar, shirinliklar va turli hil sovg‘a-salomlar ulashdilar.
Bolajonlarning qalbiga quvonch kirgani ularning shundoqqina yuz-ko‘zlaridan sezilib turardi. Zotan, dunyoda bola quvonchidan ko‘ra beg‘ubor shodlik bo‘lmasa kerak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati