Ogohlik
O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida din va ta’lim sohasida muayyan tartib va qonun-qoidalariga ega. Mamlakatda diniy ta’lim berish huquqiy asoslar orqali tartibga solingan bo‘lib, mazkur jarayon davlat tomonidan tasdiqlangan muassasalarda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, dinning noto‘g‘ri talqini va turli xil radikal oqimlarning tarqalishi, ayniqsa noqonuniy diniy ta’lim berish orqali jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘diradi.
Odatda noqonuniy diniy ta’lim asosan diniy fanlar bo‘yicha ma’lumoti yetarli bo‘lmagan shaxslar tomonidan berilib, ular jamiyatda turli xil qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, noqonuniy diniy ta’lim ko‘pincha radikal g‘oyalarning tarqalishiga xizmat qilib, ekstremizm va terrorizm kabi xavfli oqimlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu kabi jarayonlar jamiyatda nizolar, murosasizlik holatlarini kuchaytiradi, natijada mavjud barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumki, yoshlar jamiyatda faol, ammo hayotiy tajribasi kam bo‘lgan aholi qatlami hisoblanadi. O‘z navbatida, yoshlar noqonuniy diniy ta’limga ham tez beriluvchan toifa sanaladi. Jamiyatda noqonuniy diniy ta’lim bo‘yicha “takliflar” ortib borgani sayin, yoshlarning turli xil manbalar orqali taqdim etilgan yolg‘on ma’lumotlarga ishonish xavfi ortib boradi. Bu esa ular o‘rtasida diniy oqimlar yoki aqidaviy radikalizmga berilish xavfini kuchaytiradi. Natijada salbiy mafkuraviy ta’sirlarga uchrab, jamiyatda buzg‘unchilik rolini bajarib berish darajasi ham ortib boradi.
O‘zbekiston ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat bo‘lib, barcha millatlar va diniy oqimlar o‘rtasida bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat yuqori qadrlanadi. Noqonuniy diniy ta’lim berish esa yoshlarda o‘zga din vakillariga nisbatan mutaassiblashuv ortishi hamda diniy bag‘rikenglikni zaiflashtirib, millatlararo totuvlikka putur yetkazishi mumkin. Radikal g‘oyalarning tarqalishi dinlararo nizolar va millatlararo tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga binoan, diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatish, diniy tashkilot tomonidan faoliyatni o‘zi turgan joydan, shu jumladan ibodat qilinadigan binolardan va diniy tashkilotga tegishli hududlardan tashqarida amalga oshirish, shuningdek, diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanishi hamda 8-moddasida har kim diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, diniy ta’lim muassasalarida o‘qishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki professional ta’lim olganidan keyin qabul qilinishlari belgilab qo‘yilgan.
Demak, fuqarolar diniy ta’lim bilan bog‘liq huquq va erkinliklarini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishlari talab etiladi. Aksincha, noqonuniy diniy ta’lim bilan shug‘ullanuvchilar belgilangan tartib-qoidalarga bepisandlik bilan qarab, o‘z xatti-harakatlari orqali qonunni buzish holatlarining ortib borishi jamiyatda qonun ustuvorligining zaiflashuviga olib keladi. Bu holatlarda nafaqat ta’lim oluvchilar, balki butun jamoatchilikning qonunga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi va qolganlar ham o‘zboshimchalik bilan harakat qilishga moyil bo‘ladi. Qolaversa, huquqiy tizimning kuchsizlanishi jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalarning izdan chiqishiga olib keladi. Shu sabab ham har bir fuqaro diniy ta’lim sohasida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilishi lozim.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida davlat noqonuniy tarzda diniy ta’limotdan saboq berish bilan bog‘liq faoliyat uchun qonunchilikda muayyan javobgarlik masalasini belgilagan. Noqonuniy tarzda diniy ta’lmotdan saboq bergan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-moddasiga (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) asosan javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, “Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek, xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”. Huquqbuzar belgilangan jazo chorasiga qaramay bu ishini davom ettirsa, Jinoyat kodeksining 2292-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shunday ekan amaldagi qonunchilikka rioya qilish barcha fuqarolar uchun muqarrarligi, diniy ta’lim olish faqatgina rasmiy diniy muassasalarda berilishi, fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida diniy ta’lim olishi mumkin emasligi amaldagi qonunchilikda qat’iy belgilangan. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning xatti-harakatlari qonun asosida qat’iy ta’qib qilinadi.
O‘z navbatida, noqonuniy diniy ta’lim berish nafaqat diniy soha, balki jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga ham jiddiy tahdid tug‘diradi. Noqonuniy shakldagi diniy ta’lim yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilib, ularning turli xil radikal oqimlar safiga qo‘shilib qolishlariga sabab bo‘ladi. Shuningdek, qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirib, jamiyat barqarorligi va diniy bag‘rikenglikka putur yetkazadi. Shunday ekan, noqonuniy diniy ta’limning oldini olish uchun davlat va jamiyat birgalikda harakat qilishi, huquqiy choralarni kuchaytirishi lozim.
Shukrullo Jo‘rayev,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i
Manba: “Ma’rifat” gazetasi 2024-yil 4-dekabr, 49-son
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.
Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...
Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan