Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Aprel, 2025   |   26 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:30
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:16
Xufton
20:37
Bismillah
24 Aprel, 2025, 26 Shavvol, 1446

Bir namozni o‘qiyotganida ikkinchi namozning vaqti kirishi

04.12.2024   4688   1 min.
Bir namozni o‘qiyotganida ikkinchi namozning vaqti kirishi

Cavol: Men peshin namozini uyda o‘qiyotgan edim. To‘rtinchi rakatida asrga azon aytildi. O‘qigan peshin namozim durustmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, o‘qigan peshin namozingiz durust, uni qayta o‘qilmaydi. Bu haqida Imom Qo‘histoniy bunday zikr qilganlar: “Vaqtlik namozni o‘qiyotganida, ushbu namozning vaqti chiqib ketsa, namozi buzilmaydi. Eng to‘g‘ri gap shudir. Mazkur namoz ado, ya’ni o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi, qazo hisoblanmaydi. Eng sahih gap shudir. “Zohidiy”ning qazo bobida ham shunday zikr qilingan. Ammo bundan bomdodni o‘qiyotganida, uning vaqti chiqishi istisno qilinadi. Chunki u (bomdod vaqtining chiqishi) namozni buzuvchidir” (“Jomeur-rumuz” kitobi).

Demak, bir farz namozini o‘qiyotganida, ushbu namozning vaqti chiqsa, namoz buzilmaydi. Chunki ikkinchi farz namozining vaqti kiradi. Masalan: peshinni o‘qiyotganida, asrga azon aytilsa, peshinning vaqti chiqishi bilan asrning vaqti kiradi.

Shuningdek, asrning vaqti chiqishi bilan, shomning vaqti kiradi, shomning vaqti chiqishi bilan, xuftonning vaqti kiradi. Shunga ko‘ra, namozni bir farz namozining vaqtida boshlab, ikkinchi farz namozining vaqtida tugatgan bo‘ladi.

Shuning uchun uning namozi durust va ado, ya’ni o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi. Faqat bomdod namozi bundan mustasno. Chunki bomdodning vaqti chiqqanidan keyin peshinning vaqti kirmaydi. Shuning uchun bomdodni o‘qiyotganida, quyosh chiqib qolsa, uning namozi buziladi va qazosini o‘qish vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dorul Arqam

23.04.2025   721   2 min.
Dorul Arqam

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Mushriklar muhim masalalarini “Dorun Nadva” deya atalmish kengashlarida hal qilsalar, ilk musulmonlar kengashadigan makon “Dorul Arqam” edi. Bu muborak uy Ka’baning g‘arbida, hozirgi kunda hojilar Safo bilan Marva o‘rtasida haj arkonlarini amalga oshiradigan juda gavjum joyda joylashgandi. Arqam Banu Maxzum qabilasidan bo‘lgan 16 yoshli makkalik yigit edi. Islomni qabul qilgan birinchi odamlardan biri bo‘lgan Arqam o‘z uyini xursandchilik bilan musulmonlarning yashirin yig‘inlari uchun taqdim etgan. Uch yil davomida Arqamning uyi musulmonlar uchun uchrashuv joyi bo‘lib xizmat qildi. Bu uyda Hamza, Ammor, Mus’ab, Suhayb va boshqa ko‘plab taniqli sahobalar (roziyallohu anhum) shahodat kalimasini aytganlar.

Ushbu muborak uy hazrati Umardek islomning zabardast siymolaridan birining hidoyat topganiga guvoh bo‘lgan. O‘shanda Arqamning uyida suhbatlashib o‘tirgan musulmonlarga: “Uyga Umar ibn Xattob qurollangan holda yaqinlashib kelyapti”, degan xabar keldi. Sahobalar sergaklanishdi, hazrati Hamzaning qo‘li beixtiyor qilich dastasiga yugurdi. Umar ibn Xattob uyga kirgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga yaqinlashdilar va: “Ey Xattob o‘g‘li, Islomga kelsang bo‘lmaydimi?!” – dedilar. Bunga javoban Umar shahodat kalimasini aytib, islomni qabul qildi.

Shu voqeadan keyin musulmonlar Makkada emin-erkin yuradigan bo‘ldilar. 
Arqam keyinchalik Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan Madinaga hijrat qilgan ilk musulmonlardan edi. U yerda u islomiy jamiyat va davlatni yaratishda va mustahkamlanishida ishtirok etdi. Badr, Uhud, Xandaq va boshqa janglarning qatnashchisi, savodli odam edi. Shu sababdan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning kotiblaridan biri bo‘lib, nozil qilingan vahiylarni yozgan.

Arqam o‘g‘li va yaqinlarining ehtiyojlari uchun vaqf qilgan, keyinchalik bir necha qo‘lga o‘tgan ushbu imorat o‘rta asrlarda Haramning kengaytirilishi munosabati bilan buzilgan va masjidga qo‘shib yuborilgan.

Arqam ibn Abu Arqam hijriy 54 yoki 55 yilda 80 yoshida vafot etadi. U zot Badr qatnashchilarining dunyodan eng oxirgi ko‘z yumganidir. Janozasi o‘z vasiyatiga ko‘ra sodiq do‘sti Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu tomonidan o‘qilib, Baqi’ qabristoniga qo‘yilgan.

Yoqub Umar tayyorladi

Maqolalar