Robi’a ibn Ka’b Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men ko‘pincha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga tunab qolar edim. Bir kuni u zotga tahorat suvi va boshqa kerakli narsalarni olib keldim. U zot menga «So‘ra», dedilar. «Jannatda siz bilan hamroh bo‘lishni so‘rayman», dedim. «Bundan boshqa narsani emasmi?» dedilar. «Yo‘q, shuning o‘zini», degan edim, «Unda ko‘p-ko‘p sajda qilib, bu ishda menga yordam bergin», dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Buning ma’nosi «Alloh so‘ragan narsangni ro‘yobga chiqarishi uchun menga yordam berib, farz va nafl namozlar o‘qib, ko‘p sajda qil. Ana shu sajdalar jannatga kirib, menga hamroh bo‘lishingga vasila bo‘ladi», deganidir.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov