Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Dinni to‘g‘ri anglash deganda, Qur’on va Sunnatni sahobalar, tobe’inlar va mujtahid imomlarning tutgan yo‘li orqali tushunish nazarda tutiladi. Bu esa fiqh, aqiyda va axloq mazhablari vositasida amalga oshadi. Bu ummat xatodan muhofaza qilingan, bu haqda Qur’on va Sunnatda sahih xabarlar vorid bo‘lgan. Demak, bu yo‘l muhofaza qilingan ekan. Ummatimiz esa Islom tarixi davomida aynan shu yo‘ldan yurib keldi. Agar biz bu yo‘lni muhofaza qilingan, demasak, Qur’onni yolg‘onga chiqargan bo‘lib qolamiz.
Ahli sunnaning afzalligi shundaki, u faqat mustahkam ilmlarga ergashadi va shu yo‘ldan ketadi. Biz Islom tarixidan bilgan barcha buyuk davlatlar – umaviylar, abbosiylar, usmoniylar, saljuqiylar, g‘aznaviylar va boshqalar mazhab yo‘lidan yurishgan. Agar ularni haq demasak, demak, botil degan bo‘lib qolamiz. Endi ayting-chi, siz bu ummatning zalolatdagi ummat deyilishiga rozi bo‘lasizmi?
Tahallul va tashaddud maktablari mazhablarni umumiy ma’noda tan olishmaydi, ummatni haq yo‘lda deb hisoblashmaydi ham. Aslida esa ming yildan oshdiki, ularda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog‘langan sanad ham yo‘q. Mazhablar orqali, mazhab ulamolari vositasida u zotga yetib boradigan yo‘llari ham mavjud emas. Ular o‘zlari faxrlanadigan ummatga tegishli ham emas.
Biz esa bu ummat bilan faxrlanamiz, boshqa hech bir ummatning bunday sharafli tarixi yo‘q deb bilamiz. Ular esa tarixga shubha bilan qarashadi, din peshvolari haqida noloyiq gaplar aytishadi, aqiyda borasida ayblar to‘qishadi. Biz esa barcha ulamolar haqida faqat yaxshi gumonda bo‘lamiz.
Bu buyuk zotlarda tarbiyaviy-tasavvufiy maktablar bo‘lgan; hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy fiqhiy mazhablari bo‘lgan; moturidiya va ash’ariya aqiydaviy mazhablari bo‘lgan. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir. Mana shu yo‘ldan yurib, musulmonlar yer yuziga hukmron bo‘lishdi, rahbar bo‘lishdi, ustoz bo‘lishdi. Islom o‘zining beqiyos o‘rniga ega bo‘ldi.
Yuqorida aytganlarimning barchasidan shunday xulosa qilamanki, Allohning dushmanlari tahallul va tashaddud maktablarini bu ummatni bugungi ahvolga keltirish uchun o‘ylab chiqarishdi. Natijada din g‘arib bir ko‘rinishga kelib qoldi, bir maktab sababli hamma narsa «halol» bo‘lib qoldi, boshqasi sabab hatto g‘uluvga ketib, qon to‘kishgacha borildi. Shuning uchun odamlar dindan uzoqlashib, dunyo bilan ovora bo‘lib ketishdi. Ummat barchamiz ko‘rib turgan holatga mahkum bo‘ldi...
Biz ushbu ma’lumotlardan nimani o‘rganamiz? Aytilgan barcha muqaddimalardan kelib chiqib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zamonlaridan, sahobalar zamonidan, din peshvolarining yurgan yo‘llaridan ushbu fiqhiy manhajning haq ekaniga dalillar keltiramiz, bu mavzu doirasida kelgan shubhalarga imkon qadar javob beramiz. Shu orqali dinni tushunishdagi yagona yo‘l, haq va to‘g‘ri yo‘l fiqhiy mazhablar ekanini isbotlaymiz.
Fiqhiy mazhablarni o‘rganmay turib, faqih bo‘lishning mutlaqo imkoni yo‘q. Bu yagona haq yo‘ldir. Bu Ahli sunnaning yo‘lidir. Hanafiy bo‘lasizmi, shofe’iy yoki molikiymi, bunda muammo yo‘q. Asosiysi – mazhab haq yo‘ldir.
Biz bu ma’lumotlarda yo‘limizni zaif qilib ko‘rsatish uchun keltirilayotgan shubha va muammolarni rad qilamiz. Besh-oltita mavzu shunga bag‘ishlangan. Oxirida esa hanafiy mazhabiga amal qilib yashashga oid muhim masalalarga ham to‘xtalib o‘tamiz.
Azizlar, mana, mazhab haqida umumiy tushuncha oldik, mazhabning haq yo‘l ekani, undan boshqa yo‘l zalolat ekani borasida muqaddima qildik. Fiqh fanini fiqhiy mazhablardan ayro holda o‘rganib bo‘lmaydi. Mazhablardan ajratib olib, ellik yil o‘rgansang ham, fiqhni o‘rgangan bo‘lmaysan. Mazhab musulmonlar uchun yaxshilik yo‘lidir, musulmonlar duch kelayotgan barcha chalkashliklarning, muammolarning yechimidir. Biz mana shu manhajni mahkam tutish haqida qat’iy e’tiqodni shakllantirishimiz, internet va boshqa axborot vositalari orqali musulmonlar orasida tarqatilayotgan barcha shubha-gumonlarni rad qilishimiz kerak. Shundan keyin hanafiy mazhabining nozik jihatlarini qanday tushunish haqida ba’zi masalalarning qoidalariga to‘xtalamiz.
Demak, avvalo mazhab haqidagi fikrni shakllantirib, so‘ng uni o‘rganishga kirishish kerak.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi