Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Dinni to‘g‘ri anglash nima degani?

4.12.2024   3007   4 min.
Dinni to‘g‘ri anglash nima degani?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Dinni to‘g‘ri anglash deganda, Qur’on va Sunnatni sahobalar, tobe’inlar va mujtahid imomlarning tutgan yo‘li orqali tushunish nazarda tutiladi. Bu esa fiqh, aqiyda va axloq mazhablari vositasida amalga oshadi. Bu ummat xatodan muhofaza qilingan, bu haqda Qur’on va Sunnatda sahih xabarlar vorid bo‘lgan. Demak, bu yo‘l muhofaza qilingan ekan. Ummatimiz esa Islom tarixi davomida aynan shu yo‘ldan yurib keldi. Agar biz bu yo‘lni muhofaza qilingan, demasak, Qur’onni yolg‘onga chiqargan bo‘lib qolamiz.

Ahli sunnaning afzalligi shundaki, u faqat mustahkam ilmlarga ergashadi va shu yo‘ldan ketadi. Biz Islom tarixidan bilgan barcha buyuk davlatlar – umaviylar, abbosiylar, usmoniylar, saljuqiylar, g‘aznaviylar va boshqalar mazhab yo‘lidan yurishgan. Agar ularni haq demasak, demak, botil degan bo‘lib qolamiz. Endi ayting-chi, siz bu ummatning zalolatdagi ummat deyilishiga rozi bo‘lasizmi?

Tahallul va tashaddud maktablari mazhablarni umumiy ma’noda tan olishmaydi, ummatni haq yo‘lda deb hisoblashmaydi ham. Aslida esa ming yildan oshdiki, ularda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog‘langan sanad ham yo‘q. Mazhablar orqali, mazhab ulamolari vositasida u zotga yetib boradigan yo‘llari ham mavjud emas. Ular o‘zlari faxrlanadigan ummatga tegishli ham emas.

Biz esa bu ummat bilan faxrlanamiz, boshqa hech bir ummatning bunday sharafli tarixi yo‘q deb bilamiz. Ular esa tarixga shubha bilan qarashadi, din peshvolari haqida noloyiq gaplar aytishadi, aqiyda borasida ayblar to‘qishadi. Biz esa barcha ulamolar haqida faqat yaxshi gumonda bo‘lamiz.

Bu buyuk zotlarda tarbiyaviy-tasavvufiy maktablar bo‘lgan; hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy fiqhiy mazhablari bo‘lgan; moturidiya va ash’ariya aqiydaviy mazhablari bo‘lgan. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir. Mana shu yo‘ldan yurib, musulmonlar yer yuziga hukmron bo‘lishdi, rahbar bo‘lishdi, ustoz bo‘lishdi. Islom o‘zining beqiyos o‘rniga ega bo‘ldi.

Yuqorida aytganlarimning barchasidan shunday xulosa qilamanki, Allohning dushmanlari tahallul va tashaddud maktablarini bu ummatni bugungi ahvolga keltirish uchun o‘ylab chiqarishdi. Natijada din g‘arib bir ko‘rinishga kelib qoldi, bir maktab sababli hamma narsa «halol» bo‘lib qoldi, boshqasi sabab hatto g‘uluvga ketib, qon to‘kishgacha borildi. Shuning uchun odamlar dindan uzoqlashib, dunyo bilan ovora bo‘lib ketishdi. Ummat barchamiz ko‘rib turgan holatga mahkum bo‘ldi...

Biz ushbu ma’lumotlardan nimani o‘rganamiz? Aytilgan barcha muqaddimalardan kelib chiqib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zamonlaridan, sahobalar zamonidan, din peshvolarining yurgan yo‘llaridan ushbu fiqhiy manhajning haq ekaniga dalillar keltiramiz, bu mavzu doirasida kelgan shubhalarga imkon qadar javob beramiz. Shu orqali dinni tushunishdagi yagona yo‘l, haq va to‘g‘ri yo‘l fiqhiy mazhablar ekanini isbotlaymiz.

Fiqhiy mazhablarni o‘rganmay turib, faqih bo‘lishning mutlaqo imkoni yo‘q. Bu yagona haq yo‘ldir. Bu Ahli sunnaning yo‘lidir. Hanafiy bo‘lasizmi, shofe’iy yoki molikiymi, bunda muammo yo‘q. Asosiysi – mazhab haq yo‘ldir.

Biz bu ma’lumotlarda yo‘limizni zaif qilib ko‘rsatish uchun keltirilayotgan shubha va muammolarni rad qilamiz. Besh-oltita mavzu shunga bag‘ishlangan. Oxirida esa hanafiy mazhabiga amal qilib yashashga oid muhim masalalarga ham to‘xtalib o‘tamiz.

Azizlar, mana, mazhab haqida umumiy tushuncha oldik, mazhabning haq yo‘l ekani, undan boshqa yo‘l zalolat ekani borasida muqaddima qildik. Fiqh fanini fiqhiy mazhablardan ayro holda o‘rganib bo‘lmaydi. Mazhablardan ajratib olib, ellik yil o‘rgansang ham, fiqhni o‘rgangan bo‘lmaysan. Mazhab musulmonlar uchun yaxshilik yo‘lidir, musulmonlar duch kelayotgan barcha chalkashliklarning, muammolarning yechimidir. Biz mana shu manhajni mahkam tutish haqida qat’iy e’tiqodni shakllantirishimiz, internet va boshqa axborot vositalari orqali musulmonlar orasida tarqatilayotgan barcha shubha-gumonlarni rad qilishimiz kerak. Shundan keyin hanafiy mazhabining nozik jihatlarini qanday tushunish haqida ba’zi masalalarning qoidalariga to‘xtalamiz.

Demak, avvalo mazhab haqidagi fikrni shakllantirib, so‘ng uni o‘rganishga kirishish kerak.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Boshqa maqolalar

Dam olish kunlaringizni qanday o‘tkazasiz?

27.12.2024   18429   3 min.
Dam olish kunlaringizni qanday o‘tkazasiz?

1. Diniy ibodatlarni bajarish

1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.

1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.

1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).

 

2. Oilaga yaxshilik qilish

2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).

2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

 

3. Ilm olish, kitob o‘qish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.

 

4. Tafakkurga vaqt ajratish

Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.

 

5. Muhtojlarga yordam berish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).

 

6. Silai rahm qilish

Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin) (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).

 

7. Sport bilan shug‘ullanish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.

 

8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish

Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).


Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!

Davron NURMUHAMMAD