Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: “Ey imon keltirganlar, qachon namozga tursangiz yuzlaringizni va qo‘llaringizni tirsaklarigacha yuvingiz, boshlaringizga mas'h tortingiz va oyoqlaringizni ham to‘piqlarigacha (yuvingiz)!” (Moida, 6).
Tahoratda qaysi a’zolar yuvilishi lozimligi mana shu oyatdan olingan. Jumladan, hanafiy mazhabi ulamolari mazkur oyatdan kelib chiqib, tahoratning to‘rtta farzi borligini aytishgan.
Ushbu oyatda Alloh taolo bandalariga tahoratning shartlarini bayon qilib, agar betahorat bo‘lsalar, namoz o‘qishdan oldin tahorat qilishlari lozimligini ta’kidlamoqda. Kimning tahorati bo‘lsa, namoz o‘qishdan oldin tahoratni yangilab olishi mustahabdir.
Zayd ibn Aslam ushbu oyatni “agar uyqudan uyg‘onib, namozga tursangiz...” deb izohlagan (Molik, Ibn Jarir va Ibn Munzir rivoyati).
Tahorat yuvish va mas'h tortishdan iborat. Unda uchta a’zo (yuz, qo‘l, oyoq) yuviladi va boshga mas'h tortiladi. Yuvish a’zolarda suvni oqizishdir. Mas'h esa a’zoni nam qo‘l bilan silash. Tahoratda a’zolardan kamida ikki yoki uch tomchi suv oqishi shart. Agar xuddi yog‘ surtgan kabi a’zolaridan suv oqmasa, bunday tahorat to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Agar qor bilan tahorat qilsa va a’zolaridan biron tomchi suv oqmasa, uning tahorati to‘g‘ri bo‘lmaydi. Qor bilan tahorat qilganda ham ikki yoki uch tomchi suv oqishi kerak. Aks holda yuvilgan emas, mas'h tortilgan bo‘ladi.
Yuqoridagi oyatdan tahoratning farzi to‘rtta [1] ekanini bilib olamiz. Ular:
1. Yuzni yuvish;
2. Qo‘lni tirsaklar bilan qo‘shib yuvish;
3. Boshning to‘rtdan biriga mas'h tortish;
4. Oyoqlarni to‘piqlari bilan qo‘shib yuvish.
Tahoratda mazkur to‘rt a’zoni yuvish farz qilinishi behikmat emas. Aynan shu a’zolar eng ko‘p kir bo‘ladi.
Tahoratda mazkur to‘rt a’zoni bir marta yuvish farz. Chunki oyatda takror ma’nosi yo‘q. Ikki va uch marta yuvish sunnatdir.
Tahoratda yuvish farz bo‘lgan biron a’zo yuvilmasa yoki chala yuvilsa, tahorat qilinmagan hisoblanadi. Shu sabab bu to‘rt a’zoni yuvishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Endi tahoratning ushbu to‘rt farzini batafsilroq ko‘rib chiqamiz.
1. Yuzni yuvish.
Yuzning chegarasi haqida rivoyat yo‘q. Faqih ulamolar lug‘atlardan foydalanib uning chegarasini belgilaganlar. Ibn Mas’ud Kosoniy “Badoye’”da bu sahih chegara ekanini aytgan.
Yuzning uzunasiga chegarasi boshning soch chiqqan joyidan iyak ostigacha, kengligi ikki quloq yumshog‘ining orasigacha bo‘lgan joydir. Ba’zi ulamolar quloqning ichki tarafi yuzdan, tashqi tarafi boshdan sanaladi, deyishgan.
Yuzning chegarasini belgilashda mazhablar orasida turlicha fikrlar bor. Sababi yuz bosh va bo‘yin bilan chegaradosh bo‘lib, uning ma’lum hududi yo‘q. Shu sabab yuzni to‘liq yuvish, biroz belgilangan chegaradan o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Tahoratda ikki ko‘z ichiga suv kirgizish vojib emas. Chunki ko‘zning ichi yuzdan hisoblanmaydi. Bu ish bandaga qiyinchilik tug‘diradi. Ustiga-ustak tahoratda doimiy ko‘ziga suv kirgazganlar ko‘zi ojiz bo‘lib qolganlari haqida rivoyatlar bor [2].
Yuz yuvilayotganda ko‘z ochish ham, qattiq yumib olish ham kerak emas, balki ko‘z yengil yumib turilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Agar boshning old qismida soch bo‘lmasa, ya’ni tepakal bo‘lsa, boshning soch to‘kilib ketgan qismiga suv yetkazish shart emas.
Ikki lab, burunning tashqi qismi, qosh, kiprik, mo‘ylab, chakkadagi tuklar ham yuzdan hisoblanadi. Lab o‘rtasidan pastga qarab o‘sadigan yung hamda soqolning yuz qismidan chiqqan joylarini ham yuvish farz. Lab yumilganda tashqarida qolgan qismi yuzdan, ichkaridagisi esa og‘izdan hisoblanadi.
Agar mo‘ylab uzun bo‘lsa, uning ostiga suv yetkazish shart emas. (Aslida musulmon erkaklar mo‘ylabni uzun qilib o‘stirishlari mumkin emas, balki uni qisqartirib yoki tagi bilan olib yurish kerak).
Siyrak soqol ostiga suv yetkazish shart. Agar soqol yuz terisi ko‘rinmaydigan darajada qalin bo‘lsa, soqol xilol qilinadi. Qalin soqolni xilol qilish sunnat. Agar qalin soqol ostiga suv yetkazish vojib bo‘lganida, bu narsa bandalarga mashaqqat tug‘dirardi. Xuddi boshni yuvish lozim bo‘lmaganidek, qalin soqol ostiga suv tegishi ham shart emas.
Abu Hanifa va Zufardan rivoyat qilinishicha, agar soqolning uchdan yoki to‘rtdan biriga [3] mas'h tortsa [4], ya’ni xilol qilsa, joiz. Bundan kamini xilol qilish joiz emas.
Hanafiy va molikiylarga ko‘ra, soqolning yuz doirasidan tashqariga chiqib, osilib turgan qismini yuvish shart emas. Sababi u yuvish farz bo‘lgan chegaradan chiqdi. Endi u yuzdan hisoblanmaydi [5].
Dahan ustidagi soqolga suv yetkazgach, uni ustara bilan qirsa, dahanni yuvish shart emas. Shuningdek, mo‘ylabini olsa, boshiga mas'h tortgandan keyin sochini oldirsa yoki tirnog‘ini qisqartirsa ham, qayta tahorat qilish shart emas.
2. Ikki qo‘lni tirsak bilan qo‘shib yuvish.
Qo‘lning bo‘g‘imlarini yaxshilab yuvish va barmoq uchini to‘sadigan darajadagi uzun tirnoqlar ostiga suv yetkazish lozim.
Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammad nazdida, qo‘l tirsaklar bilan qo‘shib yuviladi [6]. Ammo Zufar tirsakgacha yuviladi, tirsak yuvilishi shart emas, degan.
Agar qo‘l tirsakgacha bo‘lgan joydan kesilgan bo‘lsa, qolgan qismi yuviladi. Agar tirsakdan kesilgan bo‘lsa, bilak suyagining boshi, ya’ni kesilgan joyning o‘zi yuviladi. Agar tirsakdan tepadan kesilgan bo‘lsa, bilakning qolgan qismini yuvish mandubdir. Chunki bilak ham pok bo‘lishi kerak.
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا تَوَضَّأَ أَدَارَ الْمَاءَ عَلَى مِرْفَقَيْهِ.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilsalar, tirsaklaridan suv oqizardilar” (Doraqutniy va Bayhaqiy rivoyati).
Bu rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahoratda qo‘llarini tirsaklari bilan qo‘shib yuvishlari aytilmoqda. Bazzor va Tabaroniylar Usmon roziyallohu anhu tomonidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahoratlari sifatlangan rivoyatda: “Qo‘llarini tirsaklaridan o‘tkazib yuvdilar”, deyilgan.
To‘rt mazhabda qo‘l tirsak bilan qo‘shib yuvilishi lozimligi aytilgan. Ammo Zufar va Dovud tirsakni yuvish vojib emasligini da’vo qilishgan. Bu rivoyat ularga qarshi dalildir.
Agar qo‘lda ortiqcha barmoq yoki kaft bo‘lsa, ularni ham yuvish vojib.
Agar xamir qorilsa va tirnoqlar ichiga xamir kirib qolsa, tirnoq ostiga suv yetkazish lozim bo‘ladi. Agar tirnoq barmoq uchini yopib qo‘yadigan darajada uzun bo‘lsa, uning ostiga suv yetkazish shart. Agar tirnoq kalta bo‘lsa, shart emas. (Ya’ni, agar tirnoq uzun bo‘lsa yoki tirnoq ostiga suv yetib borishiga to‘sqinlik qiladigan narsalar bo‘lsa, u yerga suv yetkazishga alohida e’tibor berish lozim).
Tirnoqqa qo‘yilgan bo‘yoq qurib, qotib qolsa, uni ko‘chirib tashlamaguncha tahorat va g‘usl to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Agar qo‘ldagi uzuk tor bo‘lsa, uning ostiga suv yetkazish uchun qimirlatish vojib. Agar uzuk keng bo‘lsa, qimirlatib qo‘yish mustahabdir.
عَنْ عُبَيْدِ اللهِ بْنِ أَبِي رَافِعٍ عَنْ أَبِيهِ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ إِذَا تَوَضَّأَ حَرَّكَ خَاتَمَهُ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَالدَّارَقُطْنِيُّ وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.
Ubaydulloh ibn Abu Rofe’ otasidan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilsalar, uzuklarini qimirlatar edilar (Ibn Moja va Doraqutniy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kumush uzuklari bo‘lardi. Uning ustiga “Muhammadur Rasululloh” deb yozilgandi. U zot tahorat qilayotganlarida uzuk ostiga suv tegishi yoki barmoq yaxshi toza bo‘lishi uchun uzukni qimirlatib qo‘yardilar.
3. Boshning to‘rtdan biriga bir marta mas'h tortish.
“Mas'h” so‘zi “silash, tekkazish” ma’nolarini ifodalaydi. Tahoratdagi mas'h esa qo‘llarni ho‘llab, ma’lum a’zolarga tekkazishdir.
Tahoratda bosh, ikki quloq va maxsiga mas'h tortiladi. Tayammumda esa yuz va qo‘llar tuproq bilan mas'h qilinadi.
عَنْ الْمُغِيرَةِ بْنِ شُعْبَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ تَوَضَّأَ فَمَسَحَ بِنَاصِيَتِهِ وَعَلَى الْعِمَامَةِ وَعَلَى الْخُفَّيْنِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ وَالشَّافِعِيُّ وَالدَّارَقُطْنِيُّ.
Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahorat qilib, peshonalari, salla va ikki maxsiga mas'h tortganlar (Muslim, Nasoiy, Ahmad, Shofe’iy va Doraqutniy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotib, boshga mas'h tortishga kelganda sallaning bir chetidan qo‘llarini kirgizib, boshlarining old qismiga mas'h tortganlar. Keyin sallalariga mas'h tortganlar.
Ushbu rivoyatni dalil qilib, hanafiy ulamolar boshning to‘rtdan biriga mas'h tortish farz, undan kamiga mas'h tortish o‘rniga o‘tmaydi, degan fikrni bildirishgan [7].
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat qilayotganlarini ko‘rdim. Boshlarida qatariy salla bor edi. U zot salla tagidan qo‘llarini kirgizib, boshlarning old qismiga mas'h tortdilar, sallani yechmadilar” (Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).
Nofe’dan rivoyat qilinishicha, Ibn Umar roziyallohu anhu boshiga mas'h tortmoqchi bo‘lsa, do‘ppisini ko‘tarib, boshining old qismiga mas'h tortar edi. (Bayhaqiy “As-sunanul kubro”da rivoyat qilgan).
Agar boshning to‘rtdan biri yoki ko‘prog‘iga yomg‘ir tegsa, qo‘li bilan mas'h tortsa, tortmasa, bu mas'h o‘rniga o‘tadi. Bunda qo‘l bilan mas'h tortish maqsad emas, maqsad soch ustiga suv tegishidir. Vallohu a’lam!
Salla, do‘ppi va shu kabilarga mas'h tortilmaydi. Ular sochga suv yetib borishiga to‘sqinlik qiladi. Ayol kishi ro‘moliga mas'h tortmaydi. Ro‘mol tagiga mas'h tortadi. Agar ro‘mol yupqa va sochga suv o‘tkazadigan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
[1] Hanafiylar tahorat haqida kelgan oyatdan kelib chiqib, tahoratning to‘rtta farzi borligini aytishgan. Lekin boshqa mazhab ulamolari hadisi shariflardan dalillar olib, tahoratning yana boshqa farzlari ham borligini ta’kidlaganlar. Jumladan, Shofe’iy, molikiy va hanbaliylar tahoratda niyat farzligiga ittifoq qilishgan. Molikiy va hanbaliylar a’zolarni ketma-ket yuvishni, shofe’iy va hanbaliylar tartibni, molikiylar a’zolarni ishqalab yuvishni farz, deb aytishgan.
Hanafiylarga ko‘ra, tahoratning farzi to‘rtta. Bular yuz, qo‘l va oyoqni yuvish, boshga mas'h tortish. Molikiylarda yettita. Niyat, ishqalab yuvish va ketma-ketlik qo‘shimcha. Shofe’iylarda oltita. Niyat va tartib qo‘shimcha farz sanaladi. Hanbaliy, shiy’a va imomiyyalarda yettita. Niyat, tartib va ketma-ketlik qo‘shimcha farz hisoblanadi. Shuningdek, hanbaliylar og‘iz va burun yuzdan ekanini aytib, mazmaza va istinshoq qilish farzligini ta’kidlashgan. Bundan tashqari ular tahorat avvalida “bismilloh” deb aytishni ham farz deyishgan. Shundan ma’lum bo‘ladiki, tahoratning farzi ikki qismga bo‘linadi: 1) Barcha mazhablar ittifoq qilgan farzlar; 2) Ixtilof qilingan farzlar.
[2] Ibn Abbos va Ibn Umar roziyallohu anhumlar umrlari oxirida shu sabab ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgani naql qilinadi.
[3] Abu Hanifa soqolning to‘rtdan birini xilol qilish farzligini aytgan.
[4] Kitoblarda soqolni xilol qilish ba’zida “soqolga mas'h tortish” deb zikr qilinadi.
[5] Lekin, shofe’iy va hanbaliylar uni yuvish lozimligi, sababi u yuvish farz bo‘lgan joydan o‘sib chiqqanini aytishgan.
[6] Oyatda kelgan إِلَى الْمَرَافِقِ va إِلَى الْكَعْبَيْنِ dagi إِلَى chegaraning oxirigacha borishni ifodalab, مَعَ ma’nosini anglatadi.
[7] Abu Hanifa boshning to‘rtdan biriga mas'h tortilishini aytgan. Molikiy va hanbaliylar boshning hamma qismiga mas'h tortish vojib ekani, agar soch bo‘lmasa, bosh terisi ustidan mas'h tortish lozimligini aytishgan. Shofe’iy esa: “Mas'h tortish deb ataladigan darajada mas'h tortsa, bo‘ldi. Hatto uch dona soch tolasiga ham mas'h tortsa bo‘ladi”, deb aytgan.
Hanbaliylar erkak kishi boshiga to‘liq mas'h tortishi, ayol esa boshining old qismiga mas'h tortsa, kifoya qilishini ta’kidlashgan. Shuningdek, hanbaliylar nazdida, ikki quloqning tashqi va ichki tomonlariga ham mas'h tortish vojib.
Imom Molik oyatdagi “ba” harfini “baul ilsoq” (yopishtirish, qamrab olish “ba”si) sifatida olib, boshning hamma qismiga mas'h tortiladi, degan. Shofe’iy esa urfga ko‘ra mas'hni umumiy ma’noda olib, uning eng kam miqdorini amalga oshirish bilan maqsad hosil bo‘lishini aytgan.
Boshning to‘rtdan biriga mas'h tortish kifoya qilishini aytuvchilar oyatdagi “ba” harfini “tab’iyz” (ba’zini olish, bo‘laklarga ajratish) ma’nosida tushunib, وَامْسَحُوا بِرُءُوسِكُمْ ni وَامْسَحُوا بَعْضَ رُءُوسِكُمْ deb izohlashgan. Boshning hammasiga mas'h tortish lozim, deganlar esa, “ba”ni “baul ilsoq” deb olib, oyatni وَامْسَحُوا رُءُوسَكُمْ deb izohlashgan.
Hanafiylar mas'h tortish uchun bir vosita kerakligi, ana o‘sha vosita qo‘lning barmoqlari, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, uchta barmoq ekanini aytishgan. Sababi uchta barmoq qo‘lning aksar barmog‘idir. Aksar esa hammasi hukmidadir.
E’tibor beradigan bo‘lsak, hanafiylar bu borada o‘rtacha va ma’qul yo‘lni tanlashgan. Molikiylar boshning hammasiga tortish shart, shofe’iylar esa boshning ozgina qismiga mas'h tortsa bo‘ladi, degan fikrni aytishgan. Odatda mo‘tadillik, o‘rtacha bo‘lish afzal va haq bo‘ladi. Lekin har bir fikr egasining o‘z dalili va qarashlari bor. Biz bu yerda faqat hanafiylar tomoni haq, boshqalarniki noto‘g‘ri, demoqchi emasmiz. Hamma o‘z mazhabiga amal qilsa, ixtiloflar oldi olinishini eslatib o‘tmoqchimiz.
Alloh taologa cheksiz hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga mukammal salavotu salomlarimiz bo‘lsin.
Muhtaram yurtdoshlar!
Allohga shukrki, go‘zal diyorimizda har tongni tinchlik, xotirjamlik bilan qarshi olmoqdamiz. Ushbu ulug‘ ne’mat sababli, har sohada yutuqlar, yuksalishlar bo‘lmoqda, ne’matlar kundan-kun ziyoda bo‘lib bormoqda. Bu yurtda inson aziz, uning qadri yuksak ekani, o‘zining hayotiy ifodasini topib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan insonlar, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Shubhasiz, oxirgi yillarda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yordamga muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha qonuniy asoslar va xalqparvar tizim yaratildi.
Siz aziz yurtdoshlarimizga murojaat qilar ekanmiz, shuni alohida ta’kidlashni xohlardikki, ijtimoiy himoya masalasida Prezidentimizga kamarbasta bo‘lish barchamiz intilayotgan farovon kelajak, farzandlarimiz baxtu saodatini ta’minlashning eng muhim shartidir.
Islom dinida muhtojlarga yordam berish, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish eng savobli amallardan hisoblanadi. Muborak dinimiz xayr-saxovatga buyurar ekan, uni o‘z o‘rniga sarflashga amr etadi. Muhtoj insonlar haqqiga xiyonat qilish esa og‘ir gunoh sanaladi.
Yurtimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi xalqimiz qalbidagi ezgu ish bo‘ldi. Agentlik og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlayotgani, xayru ehsonlarni o‘z egalariga yetkazayotgani xalqimizni mamnun etmoqda, qalbiga xursandchilik ulashmoqda. Albatta, mana shunday mehrga muhtoj insonlarning duosi bilan yurtimiz yanada obod bo‘ladi.
Hurmatli yurtdoshlarimiz!
Yaratganga shukr, tarbiyaning asosiy poydevori bo‘lgan maktabga, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilishga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratilmoqda. Yangidan yangi maktablar, bog‘chalar qurilmoqda. Yurtimizda o‘rta hisobda yiliga bir million bola tug‘ilmoqda. Bu degani, yetti yildan keyin bir necha ming maktabga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shunday ekan, saxovatpesha kishilarimiz maktab qurish yoki ta’mirlash ishlariga ham katta e’tibor qaratishlarini tavsiya etamiz. Zotan, ma’rifat, ziyo maskani bo‘lgan ta’lim dargohlarini qurish, obod qilish ajri ulug‘ amallardan hisoblanadi. Shuningdek, ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarni moddiy tarafdan ta’minlash, ularni kontrakt-shartnomalarini to‘lab berish, o‘quv qurol va darsliklarini olib berish savobi doimiy yozilib turadigan sadaqai joriya bo‘ladi.
Aziz vatandoshlar!
Taassufki, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar, ulardagi bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!
Qadrli ulamolar va imom-domlalar!
Ijtimoiy himoya bo‘yicha Yurtboshimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz – din peshvolari quyidagi 7 ta vazifani amalga oshirishni belgilab olmoqdamiz:
Birinchi, ulamolar va imom-xatiblar “Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirish.
Ikkinchi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish.
Uchinchi, har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblari hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatish.
To‘rtinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatish va ish bilan band qilish.
Beshinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga ko‘maklashish.
Oltinchi, masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.
Yettinchi, imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.
Aziz yurtdoshlar!
Xayrli va savobli ishga hissa qo‘shgan, yetim-yesir, beva-bechoraning boshini silagan odamning amal daftariga qiyomatgacha sadaqai joriya savobi to‘xtamasdan yozilib turishini, bunday odam xalq ichida, el orasida doimo hurmat va e’zozda bo‘lishini unutmaylik!
Alloh taolo ezgu ishlarimizni O‘zi mukofotlasin, omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi raisi,
muftiy Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR
Toshkent shahri
2024 yil 26 dekabr