Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu har qanday musibatni (yomon xabarni) ikki rakat namoz bilan qarshi olar edilar. U kishining hayotida barcha musulmonlarga go‘zal o‘rnak bo‘ladigan voqea sodir bo‘lgan.
Bir kuni u kishi yo‘lda ketayotgan edilar, qizlari vafot qilgani haqida xabar kelib qoldi. Abdulloh ibn Abbos darhol ulovdan tushib, ikki rakat namoz o‘qidilar. So‘ngra boshlarini ko‘tarib, «Allohga hamd bo‘lsin! Barchamiz Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz. Alloh barcha gunohlarni yashirgan, barcha mehnatlarni munosib taqdirlagan, barchaga ajrini bergan», dedilar-da, ulovga minib, yo‘llarida davom etdilar.
Yana bir safarda Ibn Abbos roziyallohu anhuga ukalari Qusam roziyallohu anhuning shahid bo‘lgani haqidagi xabar yetib keldi. Ibn Abbos istirjo’ aytib, yo‘lning chetiga o‘tadilar. Ulovdan tushib, ikki rakat namoz o‘qiydilar. Namozdan keyin uzoq o‘tirib qoladilar. So‘ng ulovga minib, yo‘lga tushgach, bunday deydilar: «Alloh taolo «Sabr va namoz bilan yordam so‘ranglar. Namoz – chin dildan taqvo qiluvchilardan boshqalar uchun juda og‘ir narsadir» degan. Biz Alloh buyurgan amalni ado qildik» (Baqara surasi, 45-oyat).
Bir qiz aytadi:
«Men bir uslubga o‘n yillardan beri amal qilib kelaman, qayg‘ularim yengillashishiga, hayotdan yaxshiliklar kutishimga shu uslub sabab bo‘lgan. Alloh rahmat qilsin, otamdan o‘rganganman bu uslubni. Bir kuni otamdan «Hayotda qanday qilib bunchalik xotirjam yashab, o‘zingizni baxtli his qilasiz? deb so‘radim.
Otam tabassum qildilar: «Sababi oddiy – men har qanday shum xabarni, har qanday muammolarni musibatda o‘qiladigan duolar bilan, ikki rakat namoz bilan qarshi olaman».
Otamning menga juda ko‘p takrorlaydigan so‘zlari shu edi: «Qizim, bu hayotda sabrli bo‘lishing uchun, baxtli hayot kechirishing uchun barcha yomonliklarni, yomon xabarlarni duo bilan, ikki rakat namoz bilan kutib olgin!».
Otam menga ko‘pincha Ummu Salama roziyallohu anho haqida, bu onamizning musibat vaqtida aytgan duolari haqidagi qissani aytib berar edilar.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Bir musulmonga musibat yetsa, Alloh buyurganidek, «Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun. Allohumma’jurniy fiy musibatiy vaxlif liy xoyron minhaa» (Barchamiz Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz. Allohim, musibatim uchun menga ajr bergin, menga uning o‘rniga undan yaxshisini nasib qilgin) desa, Alloh buning o‘rniga undan yaxshisini beradi», deganlarini eshitgan edim. Abu Salama vafot qilganida «Abu Salamadan ham yaxshiroq musulmon bormi? Axir u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon hijrat qilgan birinchilardan bo‘lsa», dedim-da, o‘sha duoni aytaverdim. Qarangki, Alloh taolo uning o‘rniga menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni nasib qildi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z nomlaridan menga sovchilik qilish uchun Hotib ibn Abu Balta’ani yubordilar. Men: «Mening emizikli qizim bor, buning ustiga, rosa rashkchiman», dedim. U zot: «Qizining haqqiga duo qilamiz, Alloh uni behojat qiladi. Rashkni ketkazishi uchun ham Allohga duo qilaman», debdilar».
Bu hadisi sharifning boshqa rivoyatlarida Ummu Salama onamiz roziyallohu anho shunday deganlar:
«Abu Salama vafot etganida istirjo’ aytib, o‘sha aytilganidek duo qildim. So‘ngra o‘zimcha «Men uchun Abu Salamadan yaxshi er topilarmidi», dedim. Iddam chiqqanidan so‘ng esa Rasululloh kelib, kirishga izn so‘radilar. Men teri oshlab o‘tirgan edim, qo‘limni yuvib, kirishlariga izn berdim. Yonboshlariga xurmoning qobig‘i solingan yostiq qo‘ydim. U zot o‘tirgach, menga uylanmoqchi ekanliklarini aytdilar. U zot gaplarini tugatgach, «Ey Allohning Rasuli, sizga rag‘bat qilmasligim mumkin emas, lekin men juda rashkchi ayolman. Sizga yoqmaydigan ishni qilib qo‘yib, Allohning azobiga duchor bo‘lmayin, deb qo‘rqaman. Qolaversa, yoshim ham katta bo‘lib qoldi, buning ustiga yosh bolalarim bor», dedim.
Rasululloh alayhissalom: «Sen aytgan rashkni Alloh tezda ketkazadi. Yoshingga kelsak, mening ham yoshim bir yerga borib qoldi. Bolalaring esa mening ham bolalarim bo‘ladi», dedilar. Shunday qilib, duolarim ijobat bo‘ldi: Alloh menga Abu Salamaning o‘rniga undan yaxshi zotni – Rasulullohni berdi».
Shuning uchun musibatda aytiladigan duoni, istirjo’ni yaxshi ko‘raman. Har qanday yomon xabar, musibat kelsa, istirjo’ aytishga odatlanganman. Musibatlar katta yoki kichik bo‘lsin, har qanday holatda ham aytaveraman. Masalan, qalamimni yo‘qotib qo‘ysam, imtihonda past baho olsam, dugonam bilan arazlashib qolsam, onamning mendan jahli chiqsa – xullas, har qanday holatda ham istirjo’ aytaman.
Otam shunday der edilar: «Kim oddiy musibatlarda ham istirjo’ aytishga odatlansa, Alloh uni katta musibatlarda ham shunday duo qilishga odatlanish, o‘sha musibatga sabr qilish ne’mati bilan siylab qo‘yadi».
Duo qilganimdan keyin tahorat qilib, ikki rakat namoz o‘qiganimda ajib sokinlikni his qilaman, chunki Alloh taolo menga musibatga, yomon xabarlarga sabr qilishim uchun ulkan quvvat beradi. Musibat paytida istirjo’ aytishni, ikki rakat namoz o‘qishni boshlaganimga o‘n yildan oshdi. Bu go‘zal odat tufayli hayotim yanada go‘zal bo‘lyapti, Alloh meni tushkunlikdan, iztiroblardan saqlab kelyapti. Ba’zan «Qiyomat kuni Allohga yuzlanganimda menga hamroh bo‘ladigan amallarimning eng afzali shu bo‘lsa kerak», deb o‘ylab qolaman. Alloh O‘zi qabul qilsin».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Musulmonlar doimo ust-boshlariga pokiza va viqor beradigan kiyimlar kiyib keladi. Islom dini, ham tashqi, ham ichki poklikni shari’at talablariga muvofiq joriy qilgan. Alloh taolo go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi. Salla ana shu tashqi ko‘rinishdagi go‘zallikning bir qismi bo‘lib, boshqa kiyimlarga qaraganda o‘ziga xos madaniyatni anglatadi. Salla musulmonlarning uzoq tarixga ega bosh kiyimi hisoblanadi. U boshga o‘raladigan mato bo‘lib, kishilar uni vaziyatga va jamiyatdagi urfga ko‘ra o‘rab yurishgan. Garchi uni o‘rashning bir necha usullari mavjud bo‘lsa ham, ma’lum shakli va rangi talab qilinmaydi.
Salla issiqdan, sovuqdan va chang to‘zondan himoyalanadigan bosh kiyimi bo‘lib, bu haqda mashhur tobe’iyn, «Nahv» fani asoschilaridan biri Abulasvad Duvaliy aytgan: “Salla jangda qalqon, issiqda soyabon, sovuqdan himoya, voizga viqor, turli tasodiflardan saqlovchi, inson qomatiga ziynatdur”. Qadimdan salla erkaklarning muruvvatini va qavm orasidagi obro‘-e’tiborini bildirgan.
Hatto hazrati Umar roziyallohu anhu, salla arablarning tojidur, deganlar. Salla kiyish borasida kelgan hadislar shari’at talab darajasida joriy qilishga yetadigan quvvatli emas, lekin Rasululloh alayhissalomning qavmlari odatiga ko‘ra salla o‘raganliklari siyratlari va kundalik holatlari borasida kelgan rivoyatlarda aytilgan bo‘lib, ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
عن إبن عمر رضي الله عنهما مرفوعا: ” عليكم بالعمائم فإنها سيما الملائكة وأرخوها خلف ظهوركم”
Ibn Umar roziyallohu anhudan Nabiy alahissalomgacha yetib borgan sanad bilan rivoyat qilingan hadisda: “Sallalarni lozim tutinglar, zero bu farishtalarning siymosidur va uning peshini ortingizga tashlab olinglar”, deganlar.
عن ابن عباس رضي الله عنهما مرفوعا: اعتموا تزدادوا حلما
.Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alahissalom: “Salla kiyinglar, halimligingiz ziyoda bo‘ladi”, dedilar
عن ركانة قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: فرق بيننا وبين المشركين العمائم على القلانس
Salla o‘rash borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 833-cavolga javob bergan. Javobda shunday deyilgan:
“O‘tmishda ahli ilm va fazilatli kishilar va ko‘pchilik ma’rifatparvar ajdodlarimiz sallada yurishni odat qilganlar. Lekin shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, Rasuli akram alayhissalomning ushbu kiyinish odatlari shari’at buyrug‘i sifatida qabul qilinmagan. Biror bir olim salla kiymagan kishi gunohkor bo‘lishini aytmagan. Balki, Islom kelganida erkaklar sallada yurishlari urf-odatlardan biri bo‘lib, bu borada kofir ham musulmon ham barobar bo‘lgan. Bu haqda Iordaniya fatvo hay’ati ulamolari shunday deyishadi:
وأما لبس النبي صلى الله عليه وسلم العمامة وحمله العصا فهو فعل عادي وقع على عادة العرب ذلك الزمن، وليس فعلا تشريعيا يدل على الاستحباب ولا يتأسى به الناس.
“Payg‘ambarimiz alayhissalomning salla kiyishlari va hassa tutishlari odatiy fe’llaridan bo‘lib, o‘sha zamon arablarining urflariga binoan qilinar edi. Bu ishlar mustahablikka dalolat qiladigan va odamlar o‘rnak oladigan shar’iy hukmlardan emas”.
Bosh kiyimlaridan yana biri bu do‘ppidir. Har bir millatning o‘ziga xosligini bildirib turuvchi libosi bo‘lib, millatning madaniyati va ba’zi o‘rinlarda diniga ham dalolat qiladi. Shuning uchun ham har bir millat o‘zligini saqlab qolish uchun milliy kiyimlar, milliy urf-an’analar, bayramlarini saqlab qolishga harakat qiladi. Ayniqsa bosh kiyim boshqa liboslardan ko‘ra o‘ziga xos o‘rin tutadi, chunki inson tanasidagi a’zolar ichida bosh eng aziz a’zo hisoblanadi. Shu e’tibordan bosh kiyimni oyoq ostida qolib ketmasligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shar’iy kitoblarimizga ham do‘ppi masalasi kiritilgan bo‘lib, ulamolarimiz ba’zi oyatlar va hadislardagi ma’nolarning dalolatidan sababsiz bosh kiyim kiymay namoz o‘qish makruh deb aytganlar.
Alloh taolo A’rof surasi 26-oyatida: “Ey, Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar”.
Shayx Polonpuriy hazratlari oyatdagi taqvo libosi taqvodor kishi kiyadigan libosi deb tafsir qilgan.
A’rof surasining 31-oyatida: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringizni (kiyib) olingiz!”.
Mufassirlar ushbu oyatdagi ziynatdan murod – kishi uchun viqor bag‘ishlaydigan kiyimlar ekaniga ittifoq qilishgan.
Bosh kiyimsiz namoz o‘qish borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 109-cavolga javob bergan:
“Ko‘plab mo‘tabar ulamolar bundan bir necha asr muqaddam o‘z kitoblarida ushbu masalaga to‘xtalib, uning hukmini ochiq-oydin yozib ketganlar. Jumladan: Alloma Haskafiy o‘zining “Durrul muxtor” kitobida namozdagi makruh amallarni sanab, shunday degan:
وَصَلَاتُهُ حَاسِرًا رَأْسَهُ لِلتَّكَاسُلِ, وَلَا بَأْسَ بِهِ لِلتَّذَلُّلِ ، وَلَوْ سَقَطَتْ قَلَنْسُوَتُهُ فَإِعَادَتُهَا أَفْضَلُ إلَّا إذَا احْتَاجَتْ لِتَكْوِيرٍ أَوْ عَمَلٍ كَثِيرٍ
“Namozxon (bosh kiyim kiyishga) erinchoqlik qilib, yalangbosh holda namoz o‘qishi namozning makruhlaridandir. Agar o‘zini xokisor tutish uchun shunday qilsa, zarari yo‘q. Agar bosh kiyimi (namoz asnosida boshidan) tushib ketsa uni qaytarib olishi afzaldir. Lekin, uni o‘rashga yoki ko‘p harakat qilishga ehtiyoj bo‘lsa, bunday qilmaydi”.
Qolaversa, bosh kiyim bilan namoz o‘qish odob, namozga hurmat hisoblanadi. Shuning uchun namozni bosh kiyim bilan o‘qish afzal”.
Murtazoyev Arabxon,
Toshkent Islom instituti talabasi.