Bismillahir Rohmanir Rohiym
Har qancha urinmang odamlarning tilidan omon qolish mumkin emas. Shuning uchun ularga e’tibor bermang, Alloh bilan mashg‘ul bo‘lishda davom eting.
Imom Hasan Basriy rahmatullohi alayhdan so‘raldi:
"Odamlar sizning majlisingizga so‘zlaringizdagi kamchiliklarni topishga va sizga qarshi ishlatish uchun kelishadi. Bu haqda nima deysiz?".
Shunda u zot bunday javob berdilar:
"Xotirjam bo‘ling, men nafsimni Allohga yaqin bo‘lishiga umidlantirdim, u umid qildi. Jannatga kirishiga umidlantirdim, umid qildi. Hur qizlarga umidlantirdim, umid qildi. Lekin odamlardan omon qolishga har qancha umidlantirmay, lekin bunga yo‘l topolmadim. Odamlar o‘z Yaratganlaridan rozi bo‘lmaganlarini ko‘rib, ular o‘zlari kabi maxluqdan hecham rozi bo‘lmasliklarini angladim".
Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahullohdan so‘rashdi:
"Odamlardan salomat bo‘lishning yo‘li qanday?".
Imom javob berdi: "Ularga berasan, lekin ulardan olmaysan. Senga ozor bersalarda, sen ularga ozor bermaysan. Ularning hojatlarini chiqarasan, lekin ulardan hojatingni so‘ramaysan".
Odamlar "Bu juda qiyin ish, ey imom" deyishdi.
"Unda salomat bo‘lmaysiz", dedi imom (Siyaru a’lom an-nubalo).
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi