Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir badaviy Madina ko‘chalariga kelib, shahardagi eng saxiy inson kim ekanini so‘radi. Odamlar: "Husayn ibn Aliy", deyishdi. Badaviy Husayn roziyallohu anhuni masjidda namoz o‘qiyotganida topdi. Husayn roziyallohu anhuning namoz o‘qib bo‘lishini kutib, ikki tomonga salom berishi bilan dardini tushuntirib: "Sizga ishongan odam pushaymon bo‘lmaydi, deyishdi", dedi. Husayn roziyallohu anxu darhol o‘rnidan turib, uyiga qarab ketdi, badaviy ham uning orqasidan ergashdi.
U uyiga yetib kelib, xizmatkori Kanbardan: "Hijoz mulkidan biror narsa qolganmi?" deb so‘radi. Kanbar: "Ha, to‘rt ming dinor qolgan", dedi. Husayn roziyalloxu anxu: "O‘sha pulni olib kel, bu molga bizdan ham munosibroq odam keldi", dedi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Husayn roziyallohu anhu qo‘lida to‘rt ming dinor bilan qaytib keldi va uni badaviyga berib, agar oz bo‘lsa, uni kechirishini so‘radi. Bo‘lgan voqeadan hayron bo‘lgan badaviy dinorlarni qo‘liga oldiyu, yig‘lab:
"Bir kun kelib, shunday mard odamning yer bag‘riga ketishi nadomat bo‘lmaydimi?" dedi. Keyin quyidagi she’rni o‘qidi:
O‘lurmi shijoat, o‘lurmi mardlik?!
Yer ostida qolurmi yoki saxiylik?!
Yerga ko‘milurmi yo odamiylik?!
Mardlik odamlarning yo‘lin yoritur!
Mardlik tunni aylar xuddi kunduzdek.
«Millioner sahobalar» kitobidan
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov