Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyun, 2025   |   10 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:56
Xufton
21:33
Bismillah
06 Iyun, 2025, 10 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Madinaning eng saxiy insoni

06.12.2024   4741   1 min.
Madinaning eng saxiy insoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bir badaviy Madina ko‘chalariga kelib, shahardagi eng saxiy inson kim ekanini so‘radi. Odamlar: "Husayn ibn Aliy", deyishdi. Badaviy Husayn roziyallohu anhuni masjidda namoz o‘qiyotganida topdi. Husayn roziyallohu anhuning namoz o‘qib bo‘lishini kutib, ikki tomonga salom berishi bilan dardini tushuntirib: "Sizga ishongan odam pushaymon bo‘lmaydi, deyishdi", dedi. Husayn roziyallohu anxu darhol o‘rnidan turib, uyiga qarab ketdi, badaviy ham uning orqasidan ergashdi.

U uyiga yetib kelib, xizmatkori Kanbardan: "Hijoz mulkidan biror narsa qolganmi?" deb so‘radi. Kanbar: "Ha, to‘rt ming dinor qolgan", dedi. Husayn roziyalloxu anxu: "O‘sha pulni olib kel, bu molga bizdan ham munosibroq odam keldi", dedi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Husayn roziyallohu anhu qo‘lida to‘rt ming dinor bilan qaytib keldi va uni badaviyga berib, agar oz bo‘lsa, uni kechirishini so‘radi. Bo‘lgan voqeadan hayron bo‘lgan badaviy dinorlarni qo‘liga oldiyu, yig‘lab:

"Bir kun kelib, shunday mard odamning yer bag‘riga ketishi nadomat bo‘lmaydimi?" dedi. Keyin quyidagi she’rni o‘qidi:

O‘lurmi shijoat, o‘lurmi mardlik?!
Yer ostida qolurmi yoki saxiylik?!
Yerga ko‘milurmi yo odamiylik?!
Mardlik odamlarning yo‘lin yoritur!
Mardlik tunni aylar xuddi kunduzdek.

«Millioner sahobalar» kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

04.06.2025   2471   4 min.
Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

Arafot so‘zi lug‘atda – bilish, tanish ma’nolarini bildiradi.

Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.

Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.

Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.

Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).

Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.

Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).

Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:

“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.

Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn.

Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.

Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar.

Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin.

A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai.

Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib,  barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda  Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.

Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!

Davron NURMUHAMMAD