«... Imom Abu Mansur Moturidiy hayoti, ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishmiz. Buyuk islomshunos olim islom dinining ma’rifatparvar din ekanini 9-10 asrlarda yoqlab chiqqan. Islomni o‘z mohiyatidan chetlab qilingan turli talqinlarga qarshi turgan. Allomaning fikrlari hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
O‘zbekiston – Xorazmiy, Beruniy, Farobiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk allomalar vatanidir. Butun Islom dunyosi bu shaxslarni O‘zbekiston marvaridlari, deb tan oladi. Chunki ular islom ta’limoti bilan birga, matematika, algebra, tibbiyot, astronomiya, jamiyatshunoslik, huquq, antropologiya va boshqa fanlar rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shganlar».
Malayziya Milliy universiteti professori,
Islom sivilizatsiyasi instituti asoschisi Mohd Yusuf Hoji Usmon
— Haj vaqtida ziyoratchilarimiz shaytonga tosh otishadi. Tosh nima uchun otiladi?
— Darhaqiqat, haj vaqtida qilinadigan amallardan biri bu – Minoda shaytonga tosh otishdir. Shayton hamma yerda ham bo‘lishi mumkin. Aynan hajda va ma’lum joylarda shaytonga tosh otish, shayton o‘sha vaqt va joylarda Ibrohim alayhissalomga qutqu solganda u zot uni tosh otib quvganlari uchundir. Bunda shaytonga qarshi kurashning ramzi bordir.
Shaytonga tosh otish, avvalo ichdagi shaytonni toshbo‘ron qilish ila boshlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Shaytonga tosh otish va Safo bilan Marva orasida say’ qilmoq, faqat Allohning zikrini qoim qilmoq uchun amr qilingandir”.
Yana tosh otishdan maqsad, shaytonni yomon ko‘rishdir. Tosh otilar ekan, shayton qalbga vasvasa solganida “A’uzubillahi minashshaytonir rojim” (toshbo‘ron qilingan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman) ifodasi bilan bartaraf etish lozim.
Mo‘minlar shaytonning har turli fasodlariga qarshi o‘yg‘oq bo‘lishga harakat qilishi zarur. Haj safari asnosida esa vasvasalarga yengilmaslik, sabr qilish va imtihon ekanini tushunib, haj ibodatini mukammal ado etishdir.
Ustoz Muhammad Ayyub Homidov