Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyun, 2025   |   9 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:27
Asr
17:35
Shom
19:56
Xufton
21:32
Bismillah
05 Iyun, 2025, 9 Zulhijja, 1446

Maxsiga mas'h tortish shartlari

06.12.2024   5571   16 min.
Maxsiga mas'h tortish shartlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Maxsiga mas'h tortishlik sunnat bilan joizdir.

عَنْ الْمُغِيرَةِ بْنِ شُعْبَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ :” كُنْت مَعَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم فِي سَفَرٍ فَقَضَى حَاجَتَهُ ، ثُمَّ تَوَضَّأَ وَمَسَحَ عَلَى خُفَّيْهِ ، قُلْت : يَا رَسُولَ اللَّهِ ! أَنَسِيت ؟ قَالَ : “بَلْ أَنْتَ نَسِيت بِهَذَا أَمَرَنِي رَبِّي عَزَّ وَجَلَّ”. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَأَبُو دَاوُد .

Mug‘ira ibn Shu’ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga safarda edim. Qazoi hajat qildilar so‘ng tahorat olib, ikki mahsilariga mas'h qildilar. Men: “Ey, Allohning rasuli! Unutdingizmi?” dedim. U zot: “Balki, sen esdan chiqarding, Robbim azza va jalla meni shunga buyurdi” dedilar” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

“Najoshiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir juft qora, sodda maxsi hadya qildi. Bas u zot ularni kiydilar, tahorat qildilar va mas'h tortdilar”.

Hazrati Ali roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

يمسح المقيم يوما و ليلة و المسافر ثلاثة ايّام و ليالها

“Muqim kishi bir kecha-kunduz, musofir kishi esa uch kecha-kunduz mas'h tortadi”, deganlar.

Hasan Basriy rahimahulloh aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan yetmish kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oyoq kiyimlariga mas'h tortganlarini ko‘rishganligini rivoyat qiladi”. Maxsiga mas'h tortishni joiz ekanligini tasdiqlashlik ahli sunna val jamoaning e’tiqodidandir. Shuning uchun Abu Hanifa No‘mon ibni Sobit rahmatullohi alayhi: “Kimda-kim maxsiga mas'h tortishni inkor qilsa, uning kufrga tushish xavfi bor, chunki maxsiga mas'h tortishlik haqidagi rivoyatlar ma’nan mutavotir darajaga yetgan”. Abu Yusuf rahimahulloh: “Maxsiga mas'h tortishlik rivoyatlariga o‘xshash rivoyatlar hatto Qur’on oyatini nasx qilishi mumkin”, deb aytdilar.

Islomda insonlar uchun osonlashtirilgan amallardan biri tahoratda oyoqni yuvish o‘rniga oyoq kiyimga, ya’ni maxsiga mas'h tortishdir. Ammo g‘usl vojib bo‘lgan kishi oyoq kiyimini yechib yuvadi. maxsi deb oyoqning oshig‘ini berkitadigan oyoq kiyimga aytiladi. Oyoq kiyimi bo‘lgan maxsiga mas'h tortish shariatimizda joizdir. U erkak va ayol uchun barobar, ularga xoh safarda bo‘lsin, xoh muqimlikda qishin-yozin mas'h tortishga ruxsat etiladi.

Maxsiga mas'h tortish shartlari:

1-Oyoqning oshiqlarini berkitgan bo‘lmoqligi.

2-Oyoqning kichik barmoqlaridan uchtasi ko‘rinadigan miqdorda yirtiq bo‘lmasligi.

3-Yurgan vaqtda oyoqdan yechilib ketadigan darajada bo‘lmasligi.

4-Suv o‘tmaydigan bo‘lishi. Bugungi kundagi paypoqlarga mas'h tortish joiz emas.

5-Kamida bir farsax miqdordagi yo‘lni bosib o‘tishi bilan yirtilib ketmasligi. Bir farsax taxminan 8 qilometrni o‘z ichiga oladi.

6-Maxsini to‘la tahoratli holda kiygan bo‘lmoqligi ham shart.

Mas'h tortishning farzi qo‘lning kichik barmoq uchtasi miqdoricha ikki qadamning ustiga ham qo‘l bilan silamoqlikdir. Oyoqning ostiga yo yonlariga mas'h tortish durust emas. Mug‘ira roziyallohu anhu: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki qo‘llarini ikki maxsilari ustiga qo‘yib, oyoqlarining barmoqlaridan boshlab, to‘piqning tepasigacha bir marta cho‘zib mas'h tortdilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maxsilari ustida qolgan chiziqlarni hozir ham ko‘rib turgandekman”, dedilar. Bu mas'h tortishning sunnat ko‘rinishi.

Mas'hning muddati tahorat buzilgan vaqtdan boshlanadi. Muqim uchun mas'h torib yurish muddati yuqoridagi paytdan boshlab bir kecha-kunduz, ya’ni yigirma to‘rt soat, musofir uchun yuqoridagi vaqtdan boshlab uch kecha-kunduz, ya’ni yetmish ikki soat hisoblanadi. Misol uchun bir kishi subhda tahorat oldida maxsini kiydi. Va shu tahorati peshinda sindi. Demak, bunda u yangi tahorat qiladi va oyog‘iga mas'h tortadi. Va keyingi kunning peshin namozigacha oyog‘iga mas'h torta oladi, agar musofir bo‘lsa, uchinchi kunning peshinigacha mas'h tortishi mumkin.

Agar muqimning mas'h muddati tugamay safarga chiqsa, uning mas'h tortish muddati musofirning mas'h tortish muddatiga aylanadi. Musofir bir kun o‘tib uyiga qaytsa, maxsini yechib oyog‘ini yuvadi. Chunki mas'h tortish muddatning oxirgi vaqtiga qarab e’tibor qilinadi. har tahorat singanda yangidan mas'h tortiladi. Mas'h tortmasdan o‘qilgan namoz qaytadan o‘qiladi.

Endi mas'hni buzadigan amallarni sanab o‘tamiz.

1-Tahoratni buzuvchi har bir amal mas'hni ham buzadi.
2-G‘usl vojib bo‘lgan kishilarga junub, hayz yoki nifos holatida mas'h tortish durust emas.
3-Bir qadamning aksar qismi maxsining to‘piqqacha bo‘lgan yeridan chiqib ketsa ham ikki oyoq yechib yuviladi.

4- Mas'h muddati tugasa ham oyoq yechib yuviladi.

Bir maxsidagi yirtiqlar jamlanadi. Lekin ikki oyoqni yirtiqlari jamlanmaydi. Bir oyoqni maxsisini yechilishi ikkinchi yechilmagan maxsini mas'hini ham sindiradi.

Maxsini ustidan kiyilgan jurmuqqa mas'h tortish joizdir. (Jurmuq — paypoq kabi matodan tiqilgan kiyim). Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlar. Bunga imom Shofe’iy roziyallohu anhu xilof qilganlar. Lekin sharti jurmuq tahorat buzilmasdan kiyilgan bo‘lishi shart.

Yana javrabga ham mas'h tortsa bo‘ladi, agar o‘sha javrab saxin bo‘lsa. “Saxin” deb paypoqni hech bir narsa bilan bog‘lamay o‘z holida qo‘yilganda to‘piqdan tushib ketmasligiga aytiladi. Lekin hozirgi paypoqlarga mas'h tortib bo‘lmaydi. Sallaga, qalpoqqa, do‘ppiga, ro‘molga mas'h tortishlik joiz emas. Chunki bularni yechishda qiyinchilik yo‘q.

Jabiraga (ya’ni, yara ustidan bog‘langan lattaga) mas'h tortishlik joizdir, garchi betahorat holda bog‘langan bo‘lsa ham. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlar ham shunday qilib, hazrati Ali roziyallohu anhuga ham shunday qilishni buyurganlar. Jabiraga mas'h tortishda uning ko‘piga mas'h tortish kifoya qiladi. Jabiraga mas'h tortishlikka tahoratda ham, g‘uslda ham ruxsat beriladi. Uning mas'hining muddati yo‘q. Agar jabira ostidagi yara bitmay tushib ketsa, mas'h buzilmaydi. Agar yara bitgan bo‘lsa, mas'h buzilib, yuvish vojib bo‘ladi.

همام قَالَ: رَأَيْتُ جَرِيرًا رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ تَوَضَّأَ مِنَ الْمَطْهَرَةِ، ثُمَّ مَسَحَ عَلَى خُفَّيْهِ، فَقِيلَ لَهُ: أَتَمْسَحُ عَلَى خُفَّيْكَ؟ قَالَ: إِنِّي رَأَيْتُ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم يَمْسَحُ عَلَى خُفَّيْهِ، فَكَانَ هَذَا الْحَدِيثُ يُعْجِبُ أَصْحَابَ عَبْدِ اللَّهِ، لأَنَّ إِسْلامَهُ كَانَ بَعْدَ نُزُولِ الْمَائِدَ.

Humom rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: “Men Jarir roziyallohu anhu tahorat olinadigan idishdan tahorat olganini, so‘ng ikki mahsisiga mas'h tortganini ko‘rdim. Shunda unga: “Ikki mahsinga mas'h tortasanmi?” deyildi. U: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ikki mahsilariga mas'h tortayotgan hollarida ko‘rdim”, dedi. Bu hadis Abdullohning sheriklarini xayratlantirar edi. Chunki, u Moida (6-oyat) nozi qilingandan keyin islomni qabul qilgan edi”.

Imom Zayla’iy ushbu hadisni o‘zining “Nasbur roya” kitobida zikr qilib, muhaddislar nazdida, ushbu hadis juda maqbul ekanini aytganlar.


Mahsiga mas'h tortishning haqiqati

Shar’iy istilohda tufuqgacha bo‘lgan miqdorni berkitib turadigan teri yoki teri kabi narsadan yasalgan oyoqda o‘z xolicha tik turadigan, shaffof bo‘lmagan va suv o‘tkazmaydigan oyoq kiyimga “xuff” deyiladi (Ma’orifus sunan. J. I. B. 321).

“Fayzul boriy”ning sohibi Anvar shoh Kashmiriy: “Xuffning tarjimasi mutloq poyafzal degani emasdir”, deganlar (Fayzul boriy. J. I. B. 303).

Shariat istilohida mutloq poyafzallarga xuff deb aytilmaydi. Balki, teri yoki teriga o‘xshash maxsus shartlari topilgan oyoq kiyimga “xuff” deyiladi. Biror muhaddis yoki faqih barcha oyoq kiyim “xuff” bo‘ladi degan emaslar (Muhammad Ruf’at Qosimiy).

Arab tilida mahsi deb “xuff”ga aytiladi. Hadisda “masaha a’lal xuffayni” deb, “xuff” so‘zini ikkilikda keltirgan. Chunki, uzursiz faqat bir mahsiga mas'h tortish joiz emas. Mahsiga arab tilida “xuff” so‘zini ishlatilishi mahsi tortuvchiga yengillik bo‘lgani uchundir. Chunki, “xuff” “yengil” degan ma’noni anglatadi. Zero, oyoqni yuvishga nisbatan, unga mas'h tortish yengilroqdir. Alloh taolo ushbu yengillikni O‘z payg‘ambari orqali bandalariga bildirdi. Bu yengillik ummati Muhammadiyaga xos ekanligi aytib o‘tilgan (Durrul muxtor. J. III. B. 32).


Mahsiga mas'h tortishning ta’rifi

“Mas'h”ning lug‘aviy ma’nosi qo‘l bilan biror narsani silash, artishga aytiladi. Masalan, bir kishi qo‘li bilan biror narsani silasa, unga arab tilida “مسح عليه (masaha alayhi – u falon narsani siladi yoki artdi)” iborasi ishlatiladi.

الْمَسْحُ هُوَ الْإِصَابَةُ.

“Mas'h u (namlikni) yetkazishdir” (Javharatun nayyira).

Mas'hning shariatdagi istilohiy ma’nosi:

والمسح على الخفّين : إصابة البلّة لخفّ مخصوصٍ في محل مخصوصٍ وزمن مخصوصٍ .

“Muayyan vaqtda, xos uslub bilan maxsus mahsiga namlikni yetkazishdir” (Mavsuatul fiqhiya).

Mahsiga mas'h tortish joiz amalardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erkak va ayollarga muqimlikda ham, safarda ham mahsilariga mas'h tortishga ruxsat berganlar. “Ruxsat” yengillik va osonlikdan iboratdir.

Sovuq o‘lkalarda yoki mavsumlarda tahoratda oyoqlarni yuvish mashaqqatdir. Shu bois Shori’ alayhis salom o‘z ummatlariga yengil bo‘lsin uchun mahsiga mahsi tortishga buyurganlar. Albatta, bu ummat uchun ulkan sharaf va ne’matdir. Bu orqali shaxs ummati muhammadiyalikni da’vo qiladi. Ushbu ne’matlarni inkor qilgan shaxs nonko‘r va noshukur bo‘lib qolmaydimi?

“Hidoya”da kimki mahsiga mas'h tortishni inkor qilsa, u bid’atchidir. Kim mahsiga mas'h tortsa joiz. Lekin, mahsiga mas'h tortish o‘rniga azimat (oyoq yuvish) amalni qilsa, ajr oladi deb, yozilgan.

Odamlar Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan ahli sunna val jamoa alomati haqida gapirib berishlarini so‘radilar.

Imom A’zam rahmatullohi alayh: “Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolarni sahobiylar orasida eng afzali deb tushunish. Usmon va Ali roziyallohu anhumolarni yaxshi ko‘rish va mahsiga mas'h tortishni joiz deb bilish. Mahsiga mas'h tortishni inkor qiluvchilar ahli sunna val jamoadan emaslar”, dedi (Tuhurul muslimiyn. B. 34).

“Ikki mahsiga mas'h tortish joiz. Uni inkor qilish fosiqlik. Lekin mahsiga mas'h tortishni inkor qilmay oyoqlaridan mahsini yechib, uni yuvish afzal. Agar mahsiga mas'h tortishni joiz deb bilmaydigan kishilar orasida bo‘lsa, mahsiga mas'h tortish afzaldir” (Imdodul muftiyn. J. I. B. 204, Durrul muxtor. J. I. B. 243).


Mahsiga mas'h tortishning siri

Odatda tahorat a’zolari tez-tez kir va chang bo‘lib qoladi. Shu bois ularni tahoratda yuvishga amr qilingan. Oyoqga mahsi kiygandan keyin oyoq botiniy a’zoga aylanadi. Arablar mahsi kiyishni odatga aylantirgan xalq hisoblanadi. Har namozda uni yechib, oyoqni yuvish mashaqqat va qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun mahsini kiygandan keyin oyoq yuvish soqit bo‘ladi. Mahsi ustiga mas'h tortish oyoq yuvishni eslatadi. Mas'h oyoq yuvishni bir namunasidir. Undan boshqa biror maqsad yo‘q (Asrori shari’at. J. I. B. 79).


Shariat nafsni befarq o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi

Shari’at berilgan ruxsat (yengillik) bilan ibodati matluba (azimat)ni e’tiborsiz tark qilib qo‘ymaydi. Shu bois Shori’ mahsiga mas'h tortish borasida uchta narsaga e’tibor qaratishni belgilab qo‘ydi.

Birinchisi, muqim (safarga chiqmagan kishi) uchun mahsiga mas'h tortish bir kun, musofir uchun uch kun deb belgilandi. Chunki bir kun ichida har bir ishni tartibga solish va uni amalga oshirish mumkin. Zero, biror narsani qilishni xohlasangiz, uni bajarish uchun ham muddat kerak. Musofirga uch kun deb belgilanishi mashaqqat va taklif taqsimotida muqim bilan bir xil bo‘lishi uchun.

Ikkinchisi, mahsini kiyayotgan vaqtda tahoratli bo‘lishi talab etiladi. Toki, mahsi kiyyuvchini dilida poklik naqsh kabi chizilib, chang va g‘ubordan deyarli holi holatda mahsi kiysin. Ushbu poklik bilan qalb tasalliy topadi.

Uchinchisi, mahsini ustiga mas'h tortiladi, toki oyoqni yuvishni eslatib tursin. Hazrati Ali Karramallohu” vajhahu dedilar: “Shari’atga aqlni aralashtirish mumkin bo‘lganida, albatta aql mahsini ustiga mas'h tortgandan ostiga tortish munosib deb hukm chiqargan bo‘lar edi”.

Yuqorida kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, mahsi ustiga mas'h tortish oyoqni yuvishni eslatib turish uchundir. Mahsi ostiga mas'h tortilsa, u yoq bu yoqga yurilganda mahsining ostki qismi nam bo‘lib qolgani bois iflos, chang bo‘lib qoladi. Shu bois ham Shori’ mahsini yuqori qismiga mas'h tortishga amr qildi. Ali Karramallohu vajhahu o‘zlarining yuqoridagi so‘zlari orqali dinga insonlar ta’siri o‘tkazishga urinmasin demoqchilar. Agar insonlar dinga ta’sir o‘tkazishsa, omi qatlam dinni izidan chiqarib buzib tashlaydilar (Hujjatullolhu bolig‘a. J. I. B. 280. Asrorish shari’a. J. I. B. 80).

Mahsiga mas'h tortishda aqlga o‘rin yo‘q

وَأَخْبَرَنَا أَبُو عَلِيٍّ الرُّوذْبَارِيُّ ، أَخْبَرَنَا أَبُو بَكْرِ بْنُ دَاسَةَ ، حَدَّثَنَا أَبُو دَاوُدَ ، حَدَّثَنَا مُحَمَّدُ بْنُ الْعَلاءِ ، حَدَّثَنَا حَفْصُ بْنُ غِيَاثٍ ، عَنِ الأَعْمَشِ ، عَنْ أَبِي إِسْحَاقَ ، عَنْ عَبْدِ خَيْرٍ ، عَنْ عَلِيٍّ ، قَالَ : لَوْ كَانَ الدِّينُ بِالرَّأْي لَكَانَ أَسْفَلُ الْخُفِّ أَوْلَى بِالْمَسْحِ مِنْ أَعْلاهُ ، وَقَدْ رَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَمْسَحُ عَلَى ظَاهِرِ خُفَّيْهِ.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Din rayga asosan bo‘lganida, albatta mahsining osti ustidan mahsi tortishga avlo bo‘lgan bo‘lar edi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni mahsilarini ustiga mas'h tortayotganlarini ko‘rdim” (Abu Dovud rivoyati).

Sharh: Mahsi ostiga najosat va turli g‘uborlar yopishadi. Shu bois aql mahsi ostini tozalashni va unga mas'h tortishni amr qiladi. Shariatga xoh omilarning aqli bo‘lsin xoh olimlarning aqli bo‘lsin hech qanday daxli yo‘qdir. Insonlar Alloh taolo hukmlarini idrok qilishdan ojizdirlar. Shu bois aqilliy va dono shaxslar aqllarini chetga qo‘yib, shariatning barcha ko‘rsatmalariga labbay deb quloq tutishlari darkor.

Kofir va xudosizlar o‘z aqillariga haddan ziyod erk berib yuborganlari uchun to‘g‘ri yo‘ldan adashdilar. Natijada aql yaxshi deb bilgan narsalarning tuzog‘iga tushib qoldilar (Mazohiru haqq. J. I. B. 468).

Shisha, temir yoki taxtadan yasalgan mahsiga mas'h tortish durust emas. Chunki, ushbu buyumlardan tayyorlangan oyoq kiyimni kiyib hotirjam, biror takallufsiz yurish mumkin emas (Durrul muxtor. J. III. B. I. 34, Olamgriya. J. I. B. 65).

Alimardon Mir Ahmad

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Minoda ibodatlar yakunlanib, Arafotga yetib kelindi

05.06.2025   2670   1 min.
Minoda ibodatlar yakunlanib, Arafotga yetib kelindi

Shu yil 5 iyun kuni - hijriy zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan erta tongdan guruh-guruh bo‘lib zamonaviy avtobuslarda Arafot maydoniga yetib kelishdi. Ushbu muborak joyda hamyurtlarimiz uchun alohida ajratilgan joyda barcha tayyorgarliklar hozirlab qo‘yilgan.  
 

Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda. 


Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini mabrur, elu yurt haqqiga qilgan duolarini qabul aylasin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Minoda ibodatlar yakunlanib, Arafotga yetib kelindi Minoda ibodatlar yakunlanib, Arafotga yetib kelindi Minoda ibodatlar yakunlanib, Arafotga yetib kelindi Minoda ibodatlar yakunlanib, Arafotga yetib kelindi Minoda ibodatlar yakunlanib, Arafotga yetib kelindi Minoda ibodatlar yakunlanib, Arafotga yetib kelindi
O'zbekiston yangiliklari