Konstitutsiya insoniyat tafakkuri va maʼrifiy taraqqiyoti hamda huquqiy madaniyati hosilasidir. Har qanday Konstitutsiya jamiyat madaniy hayoti va taraqqiyotining darajasini aks ettiradi. Har bir davlat oʻz taraqqiyoti jarayonida umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq normalari ustunligini tan olgan holda milliy qonunchiligini unga yaqinlashtirishga harakat qiladi, urf-odat, anʼana va qadriyatlarini qonunchilikka singdiradi.
Shuning uchun ham har bir davlat Konstitutsiyasi bir-biridan farq qilib, dunyo konstitutsionalizmi mazmunan boyib bormoqda. Konstitutsiya har bir mamlakatning tashrif qogʻozidir.
Jonajon yurtimiz mustaqilligining 33 yillik taraqqiyot yoʻliga nazar tashlasak, davlat va jamiyat qurilishi, inson huquq va erkinliklari, daxlsizligi va boshqa ajralmas huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yuzlab normalarning qabul qilinib amalga kiritilganligiga guvoh boʻlamiz.
Konstitutsiyaning muqaddimasidayoq Oʻzbekistonning yagona xalqi inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligini eʼlon qilib, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatini namoyon etib, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatni anglagan holda, oʻzbek davlatchiligi rivojining uch ming yildan ortiq tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarning ilmiy, madaniy, maʼnaviy merosiga tayanib, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining farovonligini, gullab yashnashini taʼminlashni maqsad qilgan holda Konstitutsiya qabul qilganini eʼtirof etgan.
Konstitutsiyani oʻrganish, uni tushunish, uning normalariga amal qilish shaxsning siyosiy-huquqiy uygʻoq ekanligi, ertangi kuniga befarq emasligi dalilidir. Mamlakatda turli usul va vositalar orqali fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirib borishga intilish va harakatlar esa haqiqiy maʼnoda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish garovidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Kostitutsiyasi qabul qilinganidan buyon har yili 8-dekabr yurtimizda yuqori kayfiyatda bayram qilib nishonlanadi. Jinoyat sodir etib jazo muddatini oʻtayotgan fuqarolarga nisbatan bayram munosabati bilan davlat rahbari farmoni asosida afv eʼlon qilinadi yoki amnistiya akti qabul qilinadi. Bu ham inson huquqlari ustuvorligi, oʻz aybiga iqror boʻlib tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarga nisbatan kechirimlilik siyosatining namunasidir.
Bayram arafasidagi yana bir goʻzal anʼanalarimizdan biri Prezidentimizning yurtimiz faollari, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, elchilar oldida maʼruza bilan chiqishidir. Ushbu maʼruza qaysidir maʼnoda, xalqimizning yildan-yilga oʻsib borayotgan siyosiy ongi, tafakkuri, iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli, yuz berayotgan oʻzgarishlar, koʻzlangan maqsadlarning sarhisobi boʻlsa, yana bir tomondan, kelgusi yilda qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, uning muammolariga yechim topish yoʻllariga qaratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida: “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi” degan tushuncha fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur oʻrin egallashi hamda ijtimoiy ehtiyojga aylanishi uchun quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlaydi.
Birinchidan, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan koʻra bilish, qonun buzilishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga bunday holatni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirish, ayniqsa, dolzarbdir.
Ikkinchidan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq.
Uchinchidan, ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat koʻzgusi”ga aylanishi kerak.
Toʻrtinchidan, qabul qilinayotgan qonunlar olib borayotgan islohotlarimiz bilan uygʻun boʻlgan taqdirdagina ishlaydi.
Beshinchidan, biz qanchalik mukammal qonunlar yaratmaylik, qanday islohotlar oʻtkazmaylik, agar fuqarolarimizning huquqiy bilimi, ongi va madaniyati yetarli boʻlmasa, kutilgan natijalarga erishish mushkul boʻladi.
Haqiqatan, mukammal qonunlarni yaratish masalaning bir tomoni boʻlsa, uning ijrosini taʼminlash ikkinchi muhim tomonidir. Lekin huquqiy ong va madaniyat bir kunda shakllanib qolmaydi. Buning uchun mustahkam iroda, shaxsiy namuna, sabot kerak boʻladi. Dunyodagi biror davlat taraqqiyoti oʻz-oʻzidan boʻlmagan. Ommaviy axborot vositalariga ramziy jihatdan toʻrtinchi hokimiyat maqomi berilishi ham bejiz emas. Ular jamiyatda sanitar vazifasini bajarishi, mavjud illatlarni jurnalistik odobi va etikasidan chiqmasdan turib fosh etishi, sogʻlom muhit va raqobat shakllanishiga munosib hissa qoʻshmogʻi lozim.
2019-yil 9-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezident farmoni bilan qabul qilingan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi”da ham “Yuksak huquqiy madaniyat – malakat taraqqiyoti kafolati” gʻoyasi ustuvor ekanligi eʼtirof etilib jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs – oila – mahalla – taʼlim muassasasi – tashkilot – jamiyat” prinsipi boʻyicha tizimli va uzviy tashkil etilishi belgilangan.
Umumtaʼlim maktablari uchun “Konstitutsiya alifbosi”, “Konstitutsiya saboqlari”, “Konstitutsiya asoslari” kabi darsliklarni yaratish, oliy taʼlim muassasalari talaba va tinglovchilari uchun esa “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari” kabi maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Huquqiy ong va madaniyatni shakllantirishning eng samarali yoʻllaridan biri bu shaxs oʻzi oʻzligini anglab olishidan boshlanishi, u oilada tarbiya topib kamol topishi, yaxshi inson boʻlishida ota-ona, oilaviy muhitning oʻrni beqiyosligi, mahalla noyob sharqona qadimiy institut boʻlib, oilalarda sogʻlom ijtimoiy muhit qaror topishida muhim rol oʻynashi, taʼlim muassasalari esa yoshlarni raqobatbardosh qilib kelajakka tayyorlashi, yetarli bilim koʻnikmaga ega boʻlgan yoshlar tashkilotlarda faoliyat olib borib, jamiyat koriga yarashi masalalari uzviylik asosida tizimli tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Demak, huquqlarni bilish uni talab qilishdan tashqari burch va majburiyatlarni ham bilish, unga amal qilish, shaxsiy namuna koʻrsatish bugun har doimgidanda dolzarb va muhimdir. Zero, faqat huquqlarini bilgan uni talab qilgan inson emas, balki oʻzi, oilasi, mehnat jamoasi, jamiyat va davlat oldidagi burch va majburiyatlarini ham anglagan unga ogʻishmay amal qilgan insongina haqiqiy maʼnodagi yuqori huquqiy ong va madaniyat sohibidir.
Firuz Rashidov,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi oʻqituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi kunda ko‘plab musulmon yurtlarida jamiyat ichida tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri – takfir, ya’ni musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko‘payganligidir. Bu masala keyin paydo bo‘lgan masalalardan hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilgani hech kimga ma’lum emas. Bu mavzu juda nozik va o‘ta xatarli masala bo‘lib, mavzuni yaxshi anglash uchun avvalo kufrning ma’nosi va ta’rifini tushunib olish lozim.
Kufr tushunchasi va uning ta’rifi
“Kufr” imonning ziddi bo‘lib, u lug‘atda “berkitish” va “yopish” ma’nosini anglatadi. Ibn Foris shunday deydi: “Kufr – iymonning ziddidir. U haqiqatni yopish va berkitish ma’nosida ishlatiladi”. (Maqoyis al-lug‘a, 5/191). Ulamolar kufrni ta’riflashda turli iboralarni aytib o‘tganlar, jumladan Ibn Hazm rahimahulloh shunday deydi: “Kufr – Allohning Rob ekanligini inkor qilish, Qur’onda nubuvvati tasdiqlangan biror payg‘ambarning payg‘ambarligini inkor qilish yoki Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan, butun ummatning ittifoqi bilan sahih ekani ma’lum bo‘lgan narsani inkor qilishdir. Shuningdek, biror amalni bajarish kufr ekani dalillar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shu amalni bajarish ham kufr hisoblanadi” (Al-Fasl fil-milal val-ahvo van-nihal, 3/118).
“Al-Mavsuatul-Fiqhiya”da shunday deyilgan: "Shariatda kufr – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinidan ekani aniq va zaruriy ravishda ma’lum bo‘lgan narsani inkor etishdir. Masalan, Allohning borligini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarligini yoki zinoning haromligini inkor qilish shu jumladandir" (Al-Mavsuatul-Fiqhiya. 15/34)
Takfirning tarixiy ildizlari
Endi bu masalaning tarixiga nazar tashlasak, musulmonlarni kofirga chiqarishga birinchi bo‘lib jur’at qilganlar “xavorijlar” firqasi hisoblanadi. Ular “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofirga aylanadi”, “Yomon amal qilgan musulmon Islomdan chiqadi”, deb hisoblaganlar. Xo‘sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan “jahannam itlari” deb nomlangan, musulmonlarni kofirga chiqarib, ularning qonini halol sanaydigan bu toifa qayerdan kelib chiqqan? Bu borada Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh o‘zlarining “Talxis al-Xobir” asarlarida qisqacha to‘xatalib, shunday deganlar: Aslida xavorij so‘zi “xuruj”, ya’ni “qarshi chiqish” so‘zidan olingan bo‘lib, ular Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular avvaliga Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafida edilar va Hazrati Ali roziyallohu anhu bilan birga Jamal va Siffin janglarida ishtirok etishgan edi. Siffin jangining nihoyasida shom ahli mag‘lubiyat yaqinligini sezgach mus'haflarni nayzalarga ilib, qarshi tomonni Allohning kitobini orada hakam qilishga chaqirishni maslahat berishdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu avvaliga bu fikrni unchalik ma’qul ko‘rmadilar. Lekin U zotning safdoshlari orasida Allohning kitobini hakam qilishga rozi bo‘lganlar ko‘pchilik edi. Natijada, Hazrati Ali roziyallohu anhuning musulmonlar qonini to‘kmaslik haqidagi istaklari ustun kelib, hakamlikka rozi bo‘ldilar. Ammo xavorijlar keyinroq bu qarorni inkor qildilar va: “Hakamlikni qabul qilib, xato qilibmiz! Endi xatoni tuzatishimiz kerak! Allohning hukmidan boshqa hukm yo‘q! deb baqira boshladilar”. Ular Hazrati Ali roziyallohu anhu va hakamlikka rozi bo‘lganlarning barchasini kofir deb “fatvo” chiqardilar va faqat tavba qilib, ularga qo‘shilganlarni imonda qolgan deb hisobladilar. Hattoki bu gumrohlar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannat bashoratini eshitgan Hazrati Alidek zotga: “Sen o‘zingni kofir deb tan ol, so‘ngra tavba qil, ana shunda biz senga itoat qilamiz”, deyishgacha bordilar. Albatta, Ali roziyallohu anhu bunga rozi bo‘lmadilar. Shundan so‘ng xavorijlar U zotga qarshi chiqib, urush ochdilar (Talxis al-Xobir, 6/2709).
Bora-bora xavorijarning qiladigan ishi musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa bo‘lmay qoldi. Ularning bu ashaddiy mavqiflari qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Eng yomoni, aqida bobida keraksiz ixtiloflar avj oldi. Natijada aqida poydevori darz ketdi. Faqat Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari jasorati va ulkan mehnati evaziga bu darz qaytadan to‘g‘rilandi.
Takfirning xatarlari
Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Bu ishning juda nozik va o‘ta xatarli ekanini tushunish uchun quyida Qur’on va Sunnat hamda ulamolarimizning so‘zlaridan bir qancha dalillarni keltirib o‘tamiz. Alloh taolo aytadi:
يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا إِذَا ضَرَبْتُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَتَبَيَّنُوا وَلَا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلَامَ لَسْتَ مُؤْمِنًا
“Ey iymon keltirganlar! Alloh yo‘lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad rahimahulloh, hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: “Banu Salim qabilasidan bir odam bir guruh sahobaning oldidan qo‘ylarini boqib o‘tib qoldi va ularga salom berdi. Sahobalar: “Bizdan qo‘rqqanidan salom berdi, bo‘lmasa, bermas edi”, dedilar-da, uni o‘ldirib, qo‘ylarini Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga haydab bordilar. Shunda Alloh taolo: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”, oyatini nozil qildi. (Tafsir Ibn Kasir, 2/337). Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarni shoshqaloqlik bilan birovni imonsiz deb hukm qilishdan qaytarmoqda, Zero birovning qalbida imon bor yo‘qligini faqat Alloh taologina biladi. Shuning uchun har qanday shubha yoki taxmin asosida insonni mo‘minlikdan chiqarish, unga dushmanlarcha munosabatda bo‘lish mutlaqo noto‘g‘ri va haromdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham musulmonni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: «إِذَا كَفَّرَ الرَّجُلُ أَخَاهُ فَقَدْ بَاءَ بِها أَحَدُهُمَا.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi birodarini kofirga chiqarsa, albatta, ikkisidan biri kufrga duchor bo‘ladi”, dedilar (Sahihi Muslim, 123-hadis).
Ya’ni, kim, mo‘min birodarini kofir deyish mumkin, degan e’tiqodda kofir desa, o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki halolni harom deb bilish kufr bo‘ladi. Bu holatda kimningdir iymoniga, shahodatiga hamla qilib, uni kofirga chiqarmoqda. Natijada uning o‘zi kofir bo‘ladi. Ikkinchi fikr shuki: Birovni “Ey kofir”, deyish kishini kufrga olib boradi. Ya’ni bunday deyishda kofir bo‘lib qolish xavfi bor. Bu inson bugun kofir bo‘lmasa-da, bora-bora bir kun dindan chiqib qoladi (Sharhi Navaviy 2/50).
Shunday ekan, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini yaxshilab o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganar:
عَنْ أَنَسِ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «ثَلَاثٌ مِنْ أَصْل الْإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا الله ، وَلَا نُكَفِّرُهُ بذَنْبٍ، َلَا تُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلَامِ بِعَمَل
Uch narsa iymonning aslidir: “Laa ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Abu Dovud rivoyati 2532-hadis). Ya’ni kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. “Laa ilaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, nari borsa osiy mo‘min bo‘ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida mana shu!
Takfirga shoshilmaslik borasida ulamolarning so‘zlari
Ahli sunna val-jamoa ulamolari musulmonni kufrda ayblash masalasida nihoyatda ehtiyot bo‘lishga buyurganlar. Buyuk muhaddis va faqih Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh o‘zining Al-Aqida at-Tahoviya asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz” (Al-Aqida at-Tahoviya). Bu esa shuni anglatadiki, agar bir musulmon gunohga qo‘l urgani bilan uni halol deb bilmasa, u hanuz Islom doirasida qoladi. Zero, gunoh boshqa, kufr boshqa.
Mulla Ali Qoriy rahimahulloh ham bu borada mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym rahimahullohning so‘zlarini keltiradilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (Sharh ash-Shifa).
Bu so‘zlar musulmonni osonlikcha takfir qilish naqadar katta xatarlarga olib borishini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda. Islom shariatida kishining imonidan chiqishi faqat aniq va qat’iy dalillarga tayanishi lozim. Gumon yoki noto‘g‘ri talqin asosida birovni kofirga chiqarish jamiyatni ulkan fitna sari yetaklaydi. Shu bois, mo‘min kishi doimo o‘z birodari haqida yaxshi gumonda bo‘lishi lozimdir.
Bugungi kunda takfir muammosi
Yuqoridagi dalillar va tarixiy misollar takfir masalasining naqadar nozik va xatarli ekanini ta’kidlaydi. Afsusuki, bugungi kunda takfir masalasi yana dolzarb muammolardan biriga aylanib, ba’zi guruhlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrim ekstremistik harakatlar va radikal oqimlar musulmonlarni osongina kofirlikda ayblab, jamiyatda bo‘linish va fitnaga sabab bo‘lyapti. Ularning targ‘iboti natijasida yoshlar orasida mutaassiblik kuchayib, o‘zini haq, boshqalarni esa botil deb biladigan kayfiyat shakllanmoqda. Bu holatning asosiy sabablaridan biri – ilmsizlik, Qur’on va Sunnatni noto‘g‘ri tushunishdir. Ko‘pchilik mutaassib kishilar islomiy ilmlarni mustahkam o‘rganmasdan, ayrim shubhali manbalar yoki noto‘g‘ri targ‘ibotlar ta’sirida qolib, noto‘g‘ri qarashlar girdobiga tushib qolishmoqda.
Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Islom aqida bobida ham, ibodat bobida ham, o‘zini tutish bobida ham va boshqa boblarda ham mo‘tadillikka asoslangan. Bunday mo‘tadillikning chegarasini bilish uchun esa asosli ilmiy mezon kerak. Ana shu asosli mezonga ega bo‘lish uchun esa islomiy ilmlarning barchasini asl masdarlardan, yetuk va taqvodor ulamolardan to‘liq o‘rganish kerak. Bu narsalarga odob-axloq, hilm va bosiqlik hamda har bir narsani o‘z o‘rnida to‘g‘ri baholay bilish omillari qo‘shilgandagina, o‘ng yoki so‘lga burilib, halokat jari yoqasiga kelib qolish xavfining oldi olingan bo‘ladi.
So‘zimiz so‘ngida Robbimizdan so‘raymizki: Ey Robbimiz, bizni dunyo va oxiratda hidoyat topgan bandalaring qatoriga qo‘shgin! Bizni fitnalardan uzoq, haq yo‘lda sobit qilingan va Sening rizoyinga erishgan zotlardan qilgin. Amin!
Azimjon RIXSIBOYEV,
Toshkent Islom instituti talabasi.