Bismillahir Rohmanir Rohiym
Muhaddis Ahmad Sheroziy rahimahulloh vafot qilgach, bir kishi uning o‘g‘lining oldiga kelib dedi:
- Tushimda otangni ko‘rdim. Sherozdagi masjid mehrobida turibdi. Egnida chiroyli kiyimlar, boshida turli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan toj bor edi. Men undan so‘radim:
- Alloh taolo senga qanday muomala qildi?
Otang dedi:
- Meni Alloh mag‘firat etdi, ikrom qilib jannatiga kiritdi!
- Nima sababdan?
- Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytganim sababidan!
Juma kuni salavotni ko‘paytiring!
Allohumma solli va sallim va barik ’ala Sayyidina Muhammad.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida imom-xatib va imom noiblari o‘rtasida “Zakovat” intellektual bellashuvi tashkil etildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari A. Qalandarov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili o‘rinbosari O. Avezov, Mir Arab oliy va o‘rta maxsus madrasasi ustozlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda ishtirokchilar qatnashdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar intellektual bellashuvlar diniy soha xodimlarining bilim va salohiyatini oshirish, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Bellashuvda viloyatning 13 ta hududidan saralangan ishtirokchilardan tashkil topgan “Abu Hafs Kabir”, “Muhaddislar”, “Faqihlar”, “Buxoriylar avlodi”, “Naqshbandiylar” va “Yangi O‘zbekiston” jamoalari o‘zaro bellashdi.
Musobaqa “Qur’on ilmlari”, “Tajvidga oid blis savollari” hamda “Topqirlik va chaqqonlik” shartlari asosida o‘tkazilib, ishtirokchilar diniy-ma’rifiy, tarixiy va umumiy bilimlarga oid savollarga javob berdilar.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra:
1-o‘rin — “Yangi O‘zbekiston” jamoasi;
2-o‘rin — “Abu Hafs Kabir” jamoasi;
3-o‘rin — “Buxoriylar avlodi” jamoasi.
G‘olib jamoaga “Qur’on tinchlikka buyuradi” intellektual bellashuvi kubogi tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, barcha faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, mazkur bellashuv diniy soha vakillari o‘rtasida bilim va tajriba almashish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatni oshirish hamda jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati