Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Farzand – Allohning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan ne’matlari ichidagi bir ne’matdir. U dunyo hayotining ziynatidir. Alloh taolo bu haqda bunday marhamat qiladi: “Mol-mulk va farzandlar dunyo hayotining ziynatidir...”.
Farzand qalb rayhonasi, gulidir. Yoshlik chog‘larida ularni erkalab ko‘nglimiz huzur qiladi. Katta bo‘lganlarida yordamlaridan bahramand bo‘lamiz. Vafot qilganimizdan keyin esa ularning sa’y-harakatlari tufayli nomai a’molimizdagi savoblarimiz ziyoda bo‘ladi.
Alloh taolo O‘zining Kitobida farzandlar dunyo hayotining, oila turmushining ziynati ekanini ta’kidlash bilan birga bolalar sababidan ota-onalarga yuklanadigan burch va mas’uliyatlarni ham eslatadi: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz...”.
Sog‘lom va rivojlangan jamiyat birinchi o‘rinda inson haqida qayg‘uradi. Unda yaxshilikka intilishni va yomonlikka qarshi chiqishni tarbiyalaydi.
Yangi avlodni to‘g‘ri tarbiya qilish bu yo‘ldagi ilk odimlardir, chunki ular bizning kelajagimiz.
Yuqoridagi oyati karimadan ma’lumki, ota-onaga va o‘qituvchilarga Alloh taolo tarafidan katta mas’uliyat yuklatilgan. Farzandlarimiz bizga berilgan Allohning ne’mati va omonatidir. Bu omonat uchun Qiyomat kunida Uning huzurida javob beramiz.
Bola kichik ekan uni tarbiya qilish osonroq. Chunki inson shaxsiyati kichik ekan atrof muhit ta’sirida shakllana boradi. U o‘lg‘aygan sari unga ta’sir ko‘rsatish va o‘zgartirish qiyinlasha boradi. Yumshoq shamga istagan shaklingizni berishingiz mumkin va bu sizning shakl berish mahoratingizga bog‘liq. Ammo sham qattiq bo‘lsa undan kukundan boshqa narsa qilish amri mahol. Yaxshi tarbiya mahsuliga osonlikcha erishilmaydi va bu uzoq surunkali mehnat va muruvvatni, sabr, aqlni talab qiladi.
Farzandlar tarbiyasidan birinchi galda otaonalar mas’uldirlar. Ota-ona o‘z farzandiga go‘dakligidan boshlab, bosqichma-bosqich ravishda diniy, axloqiy, jismoniy, intellektual, ruhiy, ijtimoiy va jinsiy tarbiyani berib bormog‘i lozim bo‘ladi.
Muqaddas va mukammal dinimiz Islom o‘gitlarini diqqat bilan o‘qisak mazkurlarning har biriga bevosita va bilvosita ishoralar borligiga guvoh bo‘lamiz.
Nabiy alayhissalom: “Tug‘ilajak zurriyotlaringiz uchun munosib onani tanlang”, deganlarida tarbiyaning ilk bosqichiga dalolat qilgan edilar. Zero, farzand asosiy tarbiyani onasidan oladi. Shunday ekan, onaning ma’rifatli va tarbiyali bo‘lishi ayni muddaodir.
Har bir bola toza fitratda tug‘iladi. Ya’ni har bir inson tug‘ilishida Islomga moyil bo‘lib tug‘iladi. Bu narsa uning firatida, xilqatida bordir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif shunga dalolat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Har bir go‘dak albatta toza fitratda (ya’ni Islom fitratida) tug‘iladi. Lekin ota-onasi uni yo yahudiy, yo nasroniy, yo majusiy qiladi. Buning misoli shuki, chorva hayvoni barcha ’zolari mukammal bo‘lgan hayvonni tug‘adi. Yoki sizlar quloq-burni kesilgan holda tug‘ilgan hayvonni bilasizlarmi?!”.
Boshqacha qilib aytganda bola ona qornini tark qilar ekan, keraksiz fikru uylar, noto‘g‘ri urf odatlar, zararli illatlardan xoli tarzda dunyo eshiklarini ochadi. Uning qalbi toza, beg‘ubor, aldamqaldam, yovuzlik, hasad, razillik kabi illatlarni bilmaydi. Uning qalbi toza bir oq qog‘oz misol, aynan ota ona uni o‘rab turgan olam haqida tasavvur beradi, din tanlaydi. (Ma’lum bir din asosida tarbiyalay boshlaydi). Aynan shuning uchun ham Alloh taolo huzurida farzandi uchun javobgardir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil: keksalikdan oldin yoshlikni, betoblikdan oldin salomatlikni, faqirlikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtingni, o‘limingdan oldin tiriklikni g‘animat bil!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisdan, xulosa shuki, ota-onalar farzandlariga har bir kunni g‘animat bilib, hayotdan foydalanish zarurligini o‘rganishlari kerak. Ularni yoshlik davridan boshlab mehnatga o‘rgatib, halol mehnat, peshona teri bilan topilgan rizq-ro‘zida baraka bo‘lishi haqida pandu nasihatlar qilishlari ayni muddaodir.
Ma’lumki, salomatlik va bo‘sh vaqt ulardan unumli foydalanuvchilar uchun katta ne’matdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Ikki buyuk ne’mat borki, ko‘p odamlar ular borasida aldanib, chuv tushib qoladilar. Ular: sihhat-salomatlik va bo‘sh vaqtdir”.
Buning ma’nosi shuki, odamlarning ko‘plari mazkur ikki ne’mat shukrini ado qilishda kamchilikka yo‘l qo‘yadilar, ularning haqqini ado qilmaydilar. Kimki, o‘z vojibini ado qilmas ekan, ne’mat shukrini qilmas ekan, u mag‘bun – chuv tushgan, ziyon ko‘rgan kishidir.
Arab tilida “g‘abn” deb atalmish “aldanib qolish, ziyon ko‘rish, chuv tushib qolish” ma’nolarini anglatuvchi so‘z aslida tijorat va oldi-sotdiga taalluqli so‘z hisoblanadi. Arzon narsani o‘ta qimmatga sotib olgan yoki aksincha qimmatbaho narsani bilmasdan arzon bahoga sotib yuborgan kishi araba tilida “mag‘bun” deyiladi. Tojirlar o‘z sarmoyalarini e’tiborsizlik bilan nobop narsalarga ishlatib qo‘ysalar, chuv tushadilar, aldanadilar. Xuddi shunga o‘xshab vaqt bilan salomatlik ham dunyo tijoratxonasiga kelgan inson sarmoyasi ekan. Shu bois, ham hadisda bu ikki narsada ko‘plar aldanib qolishi, chuv tushishi xabar berilmoqda.
Mazkur hadisdan kelib, chiqib, Alloma Munoviy hazratlari har bir insonni tijoratchiga, salomatlik bilan bo‘sh vaqtni esa sarmoyaga o‘xshatgan ekanlar. Inson qo‘lidagi salomatlik va bo‘sh vaqt atalmish sarmoyasini chiroyli tadbir bilan tasarruf qilsa, foyda ko‘radi. Aks holda chuv tushadi.
Lekin, afsuski, inson bolasi kuch-quvvatga to‘lib, sog‘-salomatligi yaxshi paytida umrining qadriga yetmaydi. Dunyoning hamma ishlariga bemalol ulguradigandek yuraveradi. Alisher Navoiy bobomiz iborasi bilan aytganda “Umr gulshanining bahori” va “hayot shabistonining nahori”ni kechirayotgan yoshlik yillari zavq-shavqlari favvorasi jo‘shqinligidan kishi umr bahori va uning munavvar tongi juda tez o‘tib ketganini payqamay ham qoladi.
Vaqt inson ega bo‘lgan narsalarning eng nafisi va qiymatlisidir. Balki, vaqt insonning hayotidir. Ibn Habira o‘z shogirdi IbnulJavziyga nasihat qila turib, shunday deydi:
Vaqt asrashing kerak bo‘lgan narsalarning eng qimmatlisidir,
Agar hushyor bo‘lmasang, eng oson zoye bo‘luvchi narsa ham vaqtdir!
Farzandlarimizni mehnatga ham targ‘ib qilaylik, kasb-hunar o‘rganishlariga imkoniyat yaratib, kelajak hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun hozirdan ularga zamin yarataylik. Lekin, bu so‘zlarimizni to‘g‘ri tushunishingizni istardik. Bu bilan o‘qishdan olib, mehnatga solish kerak demoqchi emasmiz albatta. Balki, ta’til vaqtlarida, bekorchilikning oldini olish uchun biroz mehnatga ham o‘rgatish foydadan xoli emasligi aytmoqchimiz xolos.
Aslida esa Farzandlarimiz uchun birinchi galda o‘qish muhim. Ayrim nodon ota-onalar, gumroh kishilar farzandlarini umuman o‘qib, kelajakda oliy o‘quv yurtlarini bitirishlarini istamaydilar. “O‘qib shahar olib berarmidi,”, “o‘qiganlarni ko‘ryapmiz, bozorda ishlab yuripti” degan mantiqsiz gaplar bilan o‘z farzandlarini ham o‘qishdan sovutib, o‘qishga yubormay ishlab pul topishga majbur qiladilar. Shu tariqa xuddi o‘zlari kabi bolalarining ham hayotini, kelajagini bo‘g‘adilar. Aslida esa, ota-ona: “bizlarga institutlarda o‘qish, oliy ma’lumoli bo‘lish nasib bo‘lmadi, endi farzandlarimiz o‘qisin”, deya farzandlari uchun yaxshi kelajak poydevorini qurishlari nur ustiga nur bo‘lardi.
Biz farzandlarimiz uchun bugun qayg‘urmas ekanmiz, millat ravnaqi, millat kelajagi haqida ertayu kech va’z o‘qishimizning sariq chaqachalik foydasi yo‘q.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bolalarni “jannat rayhonlari”, deb aytganlar. Ularning jannat rayhonlari bo‘lib yetishishlari esa o‘g‘il-qizlarimizning chiroyli xulqli, diyonatli, el-yurtiga sadoqatli, millatiga munosib etib tarbiyalashga bog‘liq.
Shunday ekan, Alloh taolo barchalarimizni farzandlar tarbiyasi haqida hamisha o‘ylaydigan insonlardan qilsin, ularni Vatanga, xalqimizga, dinimizga munosib kishilar qilib tarbiyalashda tavfiq va himmat ato etsin, farzandlarimizning ikki dunyo saodatiga musharraf aylab, solih mo‘minlardan bo‘lishlarini nasib aylasin.
Alloh taolo barchalarimizni hidoyatidan adashtirmasin! Vatanimizni tinch, osmonimizni musaffo aylab, turli xil balo-ofatlardan O‘z panohida saqlasin.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz