Bismillahir Rohmanir Rohiym
Afsus
Bizning doimiy orzuimiz: mo‘min-musulmonlar orasida ixtilof chiqmasin va ba’zi chiqqan ixtiloflar ham tezroq barham topsin.
Ammo hamma narsa har doim biz orzu qilganimizdek bo‘lavermasligi ham ma’lum...
Bir kuni ba’zi ziyoratchilarning savollariga javob berib, suhbatlashib o‘tirgan edik. Uch kishi kirishga ruxsat so‘rayotganlarini aytishdi. Suhbatdoshlarning roziligi bilan ularning ham kirishlariga izn berdim. Salom-alikdan so‘ng uch kishining yetakchisi ziyorat bahona tashakkur aytgani kelganlarini izhor qildi va «Ixtiloflar haqida» kitobi uchun samimiy tashakkurlar aytib, suhbatining yakunida jumladan shunday dedi:
«Bu kitob bizni o‘ylantirib yurgan ko‘pgina muammolarni yechib berdi. Alloh taolo ko‘pgina ixtiloflarning barham topishiga aynan shu kitobni sababchi qildi. Ammo Allohning O‘zi hidoyat bermasa, qiyin ekan. Ba’zi bir odamlar hali ham tan berganlari yo‘q. Johilliklariga yopishib olganlaricha yuribdilar. Biz o‘shalarning kattalaridan birining oldiga bordik. «Og‘ayni, bizning boshimizni yolg‘on-yashiq bilan aylantirib yurgan ekansizlar-ku?! «Hanafiy mazhabining aytganlariga Qur’on va Sunnatdan birorta ham dalil yo‘q», der edingiz. Mana, ko‘ring, bu mazhabning dalilsiz gapi yo‘q ekan. Har bir gapning Qur’ondan yoki Sunnatdan dalili turibdi», dedik. U esa o‘zining eski safsatasini takrorlashdan nariga o‘tmadi. Shunda men unga:
«Hozir-ku, musiqa eshitish harom deb, «tiring» etgan tovushni eshitmaysan. Ammo avvallari birgalikda eshitar edik, esingdami?» dedim.
«Ha, u vaqtda johiliyatda edik-da», dedi.
«Nimada bo‘lsak ham maza qilib eshitarding, to‘g‘ri-mi?! Men hozir sendan buni emas, boshqa narsani so‘ramoqchiman. Ayt-chi, musiqaning qanaqasini eshitar eding?» dedim.
«Qo‘ysang-chi, o‘tib ketgan ishlarni qo‘zg‘ama», dedi. «Sen aytmasang, men aytaman. O‘shanda ham sen chet elning musiqasini eshitar eding. Ha, ma’nosini tushunmasang ham, chet elnikini izlab yurib, eshitarding. O‘zimizniki senga yoqmas edi. Hozir ham o‘sha eski holingdasan. Islom haqidagi gaplarning ham faqat chet eldan kelgani senga yoqadi. Nimaligini bilmasang ham, chet eldan kelgani bo‘lsa, bo‘ldi», - deb aytdim unga».
O‘tirganlarning barchasi uning oqilona gaplarini qo‘lladilar. Men esa dinimizni qunt bilan o‘rganib boraversak, ixtiloflar o‘z-o‘zidan barham topishini aytdim. Shu bilan birga, ba’zi kishilar ixtilofning tuzalmas xastaligiga uchragan bo‘lishadi. Ular «xilof qilsang, tanilasan» qoidasiga binoan, tanilish uchun xilof qilishni o‘zlariga kasb qilib olishlarini aytib o‘tdim. «Lekin musulmonlar unday nus'halarni tanib oladilar va gaplariga quloq solmay qo‘yadilar», dedim.
Xuddi mana shu toifadagi ixtilofning tuzalmas xastaligiga uchragan bemazhablar keyinchalik ham o‘zlarining ixtilof qilish faoliyatlarini davom ettirishdi.
Ixtilofchilarning ish uslubi
Musulmonlar orasida turli ixtiloflarni qo‘zg‘ayotgan bemazhablarning faoliyatlari ham o‘ziga xos. Odatda ixtilofni qo‘zg‘agan shaxs odamlarga ko‘rinmaydi. Balki o‘z odamini yuborib, «Falonchiga mana bu savolni ber, u unday desa, sen bunday degin» qabilida gap o‘rgatadi. Haligi odam uning aytganini qilib, musulmonlar ichida ixtilof qo‘zg‘aydi. Bu holat bir emas, bir necha kishidan, bir necha marta takrorlanganidan keyin, ixtilof tarqalib, o‘z kuchini ko‘rsata boshlaydi. Ba’zi odamlar, biz shu paygacha noto‘g‘ri ish qilib yurgan ekanmiz deb, ixtilofchiga ergashadi. Boshqalari shubhaga tushadi. Uchinchisi: «Shu paytgacha qilgan ibodatimiz nima bo‘ldi?» deb xafsalasi pir bo‘ladi va hokazo. Oxiri odamlar orasida nihoyatda noxush holat yuzaga keladi.
Bu paytda ixtilofchilarning «mulla»si o‘zining yugurdaklariga yana boshqa bir ixtilofni o‘rgatib, ularni kishilar ichiga yuborishga tayyorlanayotgan, yugurdaklar esa o‘zlariga aytilgai, ixtilof qo‘zg‘ash uchun to‘qilgan safsatani to‘tiqushdek takrorlashga oshiqayotgan bo‘ladilar. Ammo asta-sekin ularning sirlari fosh bo‘lib, haqiqiy basharalari ko‘pchilik ichida iamoyon bo‘lmoqda.
Muhtaram imom domlalarimizdan birlari masjidda namozxonlarga bir masalani bayon qilibdi. U kishining oldiga bir odam kelib: «Siz xato qildingiz, aslida bunday bo‘ladi», debdi. Domla: «Bu gapni qayerdan oldingiz?» desa, «Kitobda bor», debdi. Imom domla: «O‘sha kitobni olib keling, o‘qib ko‘raylik», debdi. Haligi odam kitobii olib kelib, mazkur masala yozilgan joyini qo‘li bilan ko‘rsatibdi. Domla o‘qib ko‘rsalar, «Bu masalada mana bu gapni aytganlar ham bor», deb ixtilofchining gapi keltirilgan va davomida: «Ammo gapning to‘g‘risi bunday», deb domlaning gapi yozilgan ekan. Domla: «Mana, men aytgan gap to‘g‘ri ekan-ku», deb ko‘rsatsalar, ixtilofchi: «Men o‘qishni bilmayman», der emish. Arab tilini bilmaydigan odam o‘sha tildagi kitobni ko‘tarib olib, olim odam bilan tortishgani kelibdi!
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ixtilofchilarning «mulla»lariga ham ko‘rsatmalar chet eldagi xo‘jayinlaridan kelar ekan. Boshqacha qilib aytadigai bo‘lsak, dunyo musulmonlari orasida ixtilof qo‘zish ishlari xalqaro markazdan boshqarib borilmokda. Endilikda ixtilofchi bemazhablarning «mulla»lariga markazdan faks, elektron pochtada yoki internet orqali ko‘rsatmalar kelmoqda. Ular mazkur ko‘rsatmalarni tarjima qilib, yugurdaklariga berishmoqda. Yugurdaklar ana shu tarjimalarni ko‘tarib olib, mo‘min-musulmonlar ichida ixtilof urug‘ini sochmoqdalar. Ushbu satrlarda zikr qilinayotgan ixtiloflar nafaqat O‘zbekiston, O‘rta Osiyo yoki MDH davlatlarida, balki butun dunyoda musulmonlarning boshini qotirmoqda. Turli noxushliklarni keltirib chiqarmoqda. Biz «ixtilofchilar» va «bemazhablar» deb atayotgan muxoliflarimiz kimlar o‘zi?
Ixtilofchi bemazhablar
Insof bilan aytadigan bo‘lsak, ixtilof bilan ixtilofning farqi bor. Odamlar orasida ixtilof bo‘lishi turgan gap. Jumladan, diniy matnlarni anglashda ham ixtilof bor va bu tabiiy holat. Ammo tabiiy ixtiloflar yaxshi niyat ila urinish oqibatida kelib chiqadi va yaxshilik bilan tugaydi. Bunga sahobalarning, olim tobe’inlarning, jumladan, barcha musulmonlarning ehtiromiga va e’tirofiga sazovor bo‘lgan to‘rt fiqhiy mazhablarning ixtilofi yorqin misoldir. Ularning ixtilofi haqiqat izlagan mujtahidlarning haq yo‘ldagi ijtihodi o‘laroq ummat uchun rahmatdir.
Ammo biz «ixtilofchi» deb atayotgan kimsalar ixtilofni o‘zlariga kasb qilib olgan shaxslardir. Ularning ummat ichida ixtilof chiqarishdan boshqa tashvishlari ham, ishlari ham yo‘q. Ular mujtahidlik darajasining yaqiniga ham bora olmaydilar, lekin da’volari olamni tutadi. O‘zlaridan boshqa barcha musulmonlarni xatokorlikda, zalolatda, Qur’on va Sunnatni tark qilishda ayblaydilar. Ularning ixtilofchilikdan ham ko‘ra ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan belgilari bemazhablikdir. Garchi ularning o‘zlari ko‘pchilikning orasida, tang holda qolganlarida, «Biz mazhabni tan olamiz», desalar ham, aslida faoliyatlari bemazhablikka asoslangandir.
Ular Islom ummati qadimdan aqiyda va fiqh masalalarida ergashib kelayotgan mazhablarni inkor qilish bilan birga, o‘zlari yangi mazhab paydo qilishga o‘tganlar.
Albatta, ular tag-tugi bilan yangi mazhab tuzish imkoniga ega emaslar. Bor mazhabdan ko‘p narsani o‘rganganlar, zotan, busiz dinimizni o‘rganish ham mushkul. Misol uchun, mazkur bemazhablar namozni va boshqa barcha ibodatlarni musulmonlar orasida qadimdan tarqalgan fiqhiy mazhablardan boshqacha tarzda taqdim qila olmaydilar. Balki o‘zlari ham ushbu mazhablar asosida ta’lim olgan bo‘ladilar. Ammo keyinchalik, bemazhablik dardiga chalinganlaridan keyin bir-ikki masalani ro‘kach qilib, «Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida yo‘q edi, biz mazhab egalarining aytganiga emas, Alloh va Rasulning aytganiga amal qilishimiz kerak», degan gapni ayta boshlaydilar. Bu gapga amal qilishda o‘zlari namuna bo‘lishga urinib, Qur’on va Sunnatdan o‘zlaricha yangi hukmlar chiqarishga o‘tadilar va xatolarga yo‘l qo‘yib, ixtiloflarga sabab bo‘ladilar. To‘g‘rirog‘i, eski bemazhablar bu borada xatolarga yo‘l qo‘yib, ixtiloflarga sabab bo‘lganlar. Hozirgi bemazhablarning o‘zlari biron-bir gapni yangidan aytish imkoniga ega emaslar, eski bemazhablarning gaplarini takrorlashdan boshqaga yaramaydilar. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, bemazhablar musulmonlar ommasini hamma e’tirof etgan ulug‘ mujtahidlar asos solgan mazhablarni tark etib, mujtahidlik ko‘chasidan ham o‘tmagan, quruq da’vodan boshqa narsasi yo‘qlarning «bemazhablik» degan mazhabiga ergashishga majburlamoqchi bo‘ladilar.
E’tiborli ulamolarning ta’kidlashlaricha, bemazhablar Qur’oni Karim va Sunnatdan shar’iy hukmlarni chiqarishda o‘zlarining qadimgi maslakdoshlari bo‘lmish «zoxiriylik» mazhabining yo‘lini tutganlar.
Qur’on va sunnatdan shar’iy hukmlarni chiqarish usullari
Hammaga ma’lumki, Allohning oxirgi va mukammal dini Islom insoniyatni ikki dunyo saodatiga boshlash uchun yuborilgandir. Bu din barcha zamonlar va makonlar uchun salohiyatlidir. Uning ta’limotlari insoniyatni ikki dunyo saodatiga erishtirish uchun ma’lum maqsadlarni va manfaatlarni ko‘zlagandir. Ana o‘sha asosiy maqsadlarni yuzaga chiqarishda Qur’oni Karim va Sunnat dasturulamaldir. Shuning uchun ham Alloh taoloning Kitobini va Nabiy alayhissalomning sunnatlarini tushunishda hamda ularga amal qilishda mazkur asosiy va javhariy maqsadlarning yuzaga chiqishi ko‘zlanadi. Har bir oyati karima va hadisi sharifning sababi, mohiyati, maqsadi va turli dalolatlari chuqur o‘rganiladi. Agar shariatning asosiy maqsadlari bir tarafda qolib, har bir oyat yoki hadisni alohida tushunishga harakat qilinsa, asosiy maqsad hosil bo‘lmasligi ayon.
Ahli sunna val jamoa mazhabiga mansub mo‘tabar to‘rt mazhab – hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazablarining asoschilari va ularning izdoshlari bo‘lgan mujtahid ulamolar yuqorida aytib o‘tilgan va aytib o‘tilmagan boshqa nozik taraflarni e’tiborga olib ijtihod qilganlar va diniy matnlar – oyat hamda hadislardan hukmlarni chiqarish qoidalarini ishlab chiqqanlar. Fiqh ilmidagi bu mislisiz urinishlar samarasi o‘laroq «usulul fiqh» deb atalgan buyuk ilmga asos solingan. Bu ilmni bilmagan odamning fiqh bilan shug‘ullanish imkoni yo‘qligini undan xabardor kishilargina bilishadi.
Usulul fiqh ilmining haqiqatidan biroz bo‘lsada xabardor bo‘lish uchun mazkur ilm bo‘yicha yozilgan kitoblarning biridan mujtahid bo‘lish uchun qo‘yilgan shartlardan bittasigina – Alloh taoloning Kitobi ilmi bayon etilgan jumlalarni misol keltiramiz.
«...Quyidagi olti ilmni jamlagan inson mujtahid bo‘ladi:
1) Alloh taoloning Kitobi ilmi;
2) Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnati ilmi;
3) Usulul fiqh ilmi;
4) Salaflarning qavllari, ijmo’ va ixtiloflari ilmi;
5) Lug‘at ilmi;
6) Qiyos ilmi.
Quyida ana shu shartlar qisqacha izohlab o‘tiladi.
1. Birinchi shart: Alloh taoloning Kitobi ilmi.
Ma’lumki, Alloh taoloning «Kitobi» deganda, albatta Qur’oni Karim ko‘zda tutiladi. Qur’oni Karim Islomning dasturi, asosiy qonuni hisoblanadi. Ushbu asosiy qonunni yaxshi bilmagan odam mujtahid bo‘la olmaydi. Binobarin, unday odam Islom jamiyatida olimlik yoki faqihlik da’vosini qila olmaydi.
Demak, mujtahidlik yoki faqihlik da’vosini qiluvchi kishi Qur’oni Karimda vorid bo‘lgan shar’iy ahkomlarni yaxshi bilsin. Oyatlardagi har bir so‘zning ma’nosini yaxshi bilsin, ulardan tarkib topgan arabcha jumlalarning ma’nosini yaxshi bilsin. Ularning ma’noni ifoda etishdagi xususiyatlarini yaxshi bilsin.
Shu bilan birga, faqatgina ma’noni bilib qolmasdan, ana shu so‘zlar va jumlalarning shar’iy ma’nolarini ham yaxshi bilsin. Ularning illatini, sababini va nima uchun ulardan shar’iy ahkomlar chiqarilayotganini bilsin.
Shuningdek, lafzning dalolat qilish taraflarini yaxshi bilsin. Iborat yuzasidan dalolat qilyaptimi yoki ishorat yuzasidanmi, dalolat yuzasidanmi yoki taqozo yuzasidanmi? Hukm mantuqdan olinadimi yoki mafhumdanmi? Lafzning omi bor, xosi bor, mushtaraki bor, mujmali bor, mufassali bor, mutashobihi va boshqalari bor. Bularning hammasini juda yaxshi bilish kerak.
Ahkom oyatlari ko‘p emas. Ularni ibodat haqida kelgan oyatlar, muomalot haqida kelgan oyatlar, uqubat haqida kelgan oyatlar, jazolar haqida kelgan oyatlar va oilaviy ahvollar to‘g‘risida kelgan oyatlar kabi qismlarga taqsimlash va majmualarini osonlik bilan bilib olish mumkin. Shu bilan birga, Islom jamiyatining o‘zidan boshqa jamiyatlar bilan yoki yakka kishilar bilan ichkarida va tashqarida qiladigan muomalalari, aloqalari to‘g‘risidagi oyatlar bo‘ladi...»
Shunday qilib, musulmonlarning faqihlari Qur’on va Sunnatni atroflicha, chuqur va har tarafdan o‘rganib chiqib, bu ijtihodlarining samarasini ummatga o‘z darslari va kitoblarida oson yo‘l bilan bayon qilib berdilar. Musulmon ummati mujtahid faqihlarning bunday xizmatlarini to‘g‘ri anglab yetdi va ularni o‘zining imomi, ya’ni yo‘lboshchisi deb tan oldi. Mazkur mujtahidlardan to‘rttasining – Abu Hanifa, Molik, Shofe’iy va Ibn Hanbalning Qur’on va Sunnatdan va boshqa e’tirof qilingan manbalardan shar’iy hukmlarni chiqarish yo‘llari – mazhablari mo‘min-musulmonlar orasida keng tarqaldi. Ummat ularning to‘rtovini ham birdek ko‘radi. Mazkur to‘rt mazhablarning ijtihodidagi ba’zi ixtilof (xilma-xillik)ni o‘zi uchun rahmat deb bildi. Ushbu mazhablar orasidagi ayrim juz’iy ixtiloflar joiz deb ittifoq qilindi hamda mujtahidlarning mazkur ixtiloflari asosida nizo chiqarish harom deb e’lon qilindi. Mana, bir ming to‘rt yuz yilga yaqin vaqt bo‘libdiki, musulmonlarning asosiy ommasi fiqhiy masalalarda ularning ijtihodlaridan foydalanib kelmoqdalar, ularning haklariga duolar qilmoqdalar.
Shu bilan birga, Qur’on va Sunnatni anglash va ulardan shar’iy hukmlarni chiqarishda yuqorida aytib o‘tilgan, ummatning e’tirofini qozongan mujtahidlarning yo‘lidan boshqacha yo‘l tutgan oz sonli kishilar ham bo‘lgan. Ular «zohiriylar» deb ataladi.
Keyingi mavzular:
Zohiriylik mazhabi.
Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.
Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir.
Qur’oni Karimning “Kavsar” surasida: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib, qurbonlik qiling”- deyiladi. (Kavsar surasi, 2-oyat).
Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Aytish joizki, hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zulhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning (ya’ni, hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunning) Shom namozi vaqti kirgunigacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qurbon hayiti kuni musulmonlar bir-birlarini qutlab, so‘yilgan qurbonliklarini o‘zaro baham ko‘radilar, bu esa albatta, mehr-muruvvat va saxovat hislarini yana-da orttiradi.
Qur’oni karimda bu haqda: “Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilib bermaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta Alloh uni bilur”. (Oli Imron surasi, 92-oyat)
Insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli va saxovatli bo‘lishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “To mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kirolmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muruvvatli bo‘lmaguningizgacha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”. (Imom Muslim rivoyati)
Mazkur oyat va hadislar barchamizni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqiradi. Avvalo mehribon ota-onalarimiz hamda yoshi ulug‘ yaqinlarimizni Hayit ayyomi bilan tabriklab duolarini olib, so‘ngra farzandlarimizni ham ko‘ngillarini shod qilishimiz fazilatlidir.
Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, xususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir.
Qurbon hayiti - ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmandu muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.
Bu yil ham Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Masjidlar, diniy markaz va xonadonlarda maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham yurtimizda katta shodlik va farah bilan kutib olinadigan ushbu kun, xalqimizning birligi, mehr-oqibati va bag‘rikengligining yana bir bor yorqin ifodasi bo‘ldi.
Alloh taolodan so‘raymizki, Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va farovonlikda xayru barakali o‘tsin!
Abduqahhor domla Yunusov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi