Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Umaviylar davlatining zavolga uchrashi va Abbosiylar davlatining tiklanishi

8.12.2024   6198   12 min.
Umaviylar davlatining zavolga uchrashi va Abbosiylar davlatining tiklanishi

Yazid ibn Valid ibn Abdulmalik
(xalifalik davri: hijriy 126; milodiy 743)

Amakisining o‘g‘li Valid qatl qilinganidan so‘ng, hijriy 126 yilda Yazid ibn Validga bay’at qilindi. Uning xalifalik muddati juda qisqa va ayanchli bo‘ldi. O‘sha kundan boshlab xalifalik ishi bir kun ham tinchimadi. Fitnalar yuzaga keldi, Marvon oilasining ichida kelishmovchiliklar kelib chiqdi. Shu davrda Hims ahli, keyinroq falastinliklar qo‘zg‘alon ko‘tardi. Yazid ibn Valid ularni bostirdi. Undan keyin Qaysiyya, Yamaniyya va Xurosonda ham birin-ketin fitnachilar bosh ko‘tarishdi.

Yazid ibn Validning vafoti

Yazid ibn Validning xalifalik muddati olti oy davom etdi, so‘ng u o‘lat kasalidan vafot etdi.

 

Ibrohim ibn Valid ibn Abdulmalik
(xalifalik davri: hijriy 127; milodiy 744)

Yazid ibn Validning o‘limidan keyin uning ukasi Ibrohim ibn Valid xalifa etib saylandi. Marvon ibn Muhammad ibn Marvon unga qarshi chiqib, u kishilarni Valid ibn Yazidning o‘chini olishga, shu bilan birga, Valid ibn Yazidning ikki o‘g‘liga bay’at qilishga chaqirdi. Ibrohim esa Validning ikki o‘g‘lini qamoqda o‘ldirdi. Marvon Damashqqa yetib keldi. Ibrohim qochib ketdi. Uning hukmi yetmish kungina davom etdi. Shundan keyin Marvon ibn Muhammad xalifa bo‘ldi.

 

Marvon ibn Muxammad
(xalifalik davri: hijriy 127–132; milodiy 744–750)

Umaviylar davlatining zavolga uchrashi
Marvon ibn Muhammadning hayoti

Marvon ibn Muhammad ibn Marvon ibn Hakamning davlat boshqaruvidagi faoliyati, urushlardagi jur’ati uning xalq ichida «eshak»  degan laqab olishiga sabab bo‘ldi. Marvon ibn Muhammad xalifa bo‘lishidan oldin, hijriy 105 (milodiy 723) yilda Rum yerlariga hujum uyushtirdi. Qo‘niya (Ko‘nya) shahrini fath qildi, Armaniston va Ozarboyjon yurtlarining amiri bo‘ldi.


Marvon ibn Muhammadning xalifaligi

Marvon ibn Muhammad ibn Marvon ibn Hakam hijriy 127 (milodiy 744) yilda Damashqqa kirgach, unga xalifa sifatida bay’at qilindi.

Hodisalar

Marvon ibn Muhammad ibn Marvon ibn Hakam davridagi hodisalar bezovtalik va fitnalardan iborat bo‘lib, davlat zavolga uchrashi bilan bu fitnalar ham barham topdi.

Xavorijlar

Bu vaqtga kelib, xavorijlarning harakati shiddatli tus oldi. Ular Madinai munavvarani egallab olishdi. Xurosonda ham qo‘zg‘alonlar uyushtirildi, biroq ularning hammasi bostirildi.

 

Umaviylar davlatining zavolga uchrashi va Abbosiylar davlatining tiklanishi

Vaqt o‘tishi bilan abbosiylarning faoliyati, ularning da’vatlari tobora kuchaya bordi. Ular hijriy 129, milodiy 746 yilda ochiq da’vatlar bilan chiqishdi. Marvon ibn Muhammad qo‘lga olinib, Ibrohim qatl etilgach, Ibrohimning ukasi Abul Abbos Saffoh ishni o‘z qo‘liga oldi. U hijriy 132 (milodiy 749) yilda o‘z ahli bilan Kufaga qarab yurdi. O‘sha yerda unga xalifa sifatida bay’at qilindi.

Abbosiylar Iroq va Xurosonni o‘zlariga bo‘ysundirdilar. Marvon ibn Muhammad Zob daryosiga yaqin joyda, Mosul va Irbil shaharlari atrofida abbosiylar bilan to‘g‘nashdi va hijriy 132 yilda uning qo‘shini mag‘lubiyatga uchrab, askarlari har tomonga qochib ketishdi. Nihoyat hijriy 132 yilda abbosiylar Marvon ibn Muhammadni Misrda qatl etishdi. Marvon ibn Muhammadning o‘limi bilan Banu Umayyaning davlati qulab, abbosiylar davlati tiklandi.

Shu yergacha o‘tgan hamma gaplarimiz umaviylar davri xususida edi. Bu davr siyosiy va fikriy harakatlarga to‘la davr bo‘ldi. Hech shak-shubha yo‘qki, boshqa hech bir asr ular bilan bu borada tenglasha olmaydi, chunki aynan umaviylar davrida juda ko‘plab fathlar amalga oshirildi. Son-sanoqsiz kishilar Islomga kirdi. Islom tarixidagi o‘ziga xos yagona hisoblangan bu asr jamiki musulmonlar, butun yer yuzidagi Islom ahli uchun faxrlansa arziydigan bir davr edi.

Umaviylar xalifaligi davri haqida ba’zi mulohazalar

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratlarining 41-yilidan, shayx Abulhasan Nadaviy rahmatullohi alayhning ta’biri bilan aytganda, arab podshoxligi yoki musulmonlar podshoxligi davri boshlandi. Ushbu davrning avvalida musulmonlar tamadduni binosida bir darz paydo bo‘ldi. Keyin esa zamon o‘tishi bilan mazkur darz asta-sekin kattalashib bordi.

Insoniyat tarixida hech bir tamaddun Islom tamadduni kabi tez rivojlanmagan. Juda qisqa vaqt – qirq yil ichida kech bir davlat yoki tamaddun insoniyatni qoyil qoldiradigan darajada katta yutuqlarga erishmagan. Misol uchun, dunyodagi eng mashhur tamaddun hisoblangan Rim va Fors tamaddunini olib ko‘radigan bo‘lsak, ularning yuksalish davri, mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, ikki ming yil davom etgan. Oradagi mazkur katta farqning sababi – Islom tamadduni Xoliq taoloning ta’limotiga, mazkur ikki tamaddun esa maxluqning harakatlariga asoslanganidir.

Xoliq taoloning ta’limotiga asoslangan Islom tamadduni qirq yil davomida rivojlanib, so‘ng rivojlanishdan to‘xtagan bo‘lsa ham, hozirgacha yashab kelmoqda. Maxluqning harakatiga asoslangan Rim va Fors tamaddunlari esa ikki ming yil mobaynida rivojlangan bo‘lsa ham, ozgina muddatda tugab, tarix sahifalaridan o‘rin oldi.

Islom ummatida tamaddunning eng yuqori cho‘qqisiga tarixda misli ko‘rilmagan oz muddatda – qirq yil ichida chiqilgan bo‘lsa ham, pasayish holati sezilar-sezilmas bo‘lib boshlandi.

Alloh taoloning ta’limoti asosida yuqori cho‘qqilarni zabt etgan tamaddunning tanazzulga uchrashini, tobora pasayib borishini qanday tushunish mumkin?

Din, o‘z a’zolarining xolati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z-o‘zidan ishlab ketadigan jihoz emas. Agar Alloh taolo istasa, tabiatni O‘z izmiga yurgizgani kabi, odamlarni ham hidoyatga majburlashi, Islomga xilof qila olmaydigan, shariatiga amal qilishda susaymaydigan qilib qo‘yishi mumkin edi. Ammo U Zot bunday bo‘lishini iroda qilmadi. Balki insonga ixtiyor qilish, tanlash imkonini berib, uni ulug‘ladi. Istasa – hidoyatni, istasa – zalolatni tanlab oladigan qildi. Tanlab olgan yo‘liga va qilgan amaliga qarab jazo yoki mukofot beradigan bo‘ldi.

Alloh taolo Ra’d surasida shunday marhamat qiladi: «Albatta, Alloh bir qavmdagi narsani, toki ular o‘zlaridagi narsani o‘zgartirmagunlaricha, o‘zgartirmas» (11-oyat).

Ya’ni banda bir yaxshilikka erishmoqchi bo‘lsa, o‘sha yaxshilikka yetaklaydigan xislatlarni o‘zida mujassam etishi va unga erishish uchun urinishi lozim. Ana shundagina Alloh uning ishida yaxshi tomonga o‘zgarish xosil qiladi. Alloh taolo Anfol surasida marhamat qiladi:

«Bu Alloh bir qavmga O‘zi in’om etgan ne’matini, toki ular o‘zlaridagi narsani o‘zgartirmagunlaricha, o‘zgartiruvchi bo‘lmasligi va Alloh eshituvchi va biluvchi bo‘lganidandir» (53-oyat).

Alloh taolo Rum surasida marhamat qiladi:

«Qilgan amallarining ba’zisini tottirish uchun odamlarning qo‘llari kasb qilgan narsalar tufayli quruqlikda-yu dengizda buzg‘unchilik zohir bo‘ldi. Shoyadki, ular qaytsalar» (41-oyat).

Odamlardagi buzuq e’tiqod va tasavvurlardan fisqu fasod kelib chiqadi. Bu esa o‘z navbatida quruqlikdayu dengizda buzg‘unchilik ustun kelishiga sabab bo‘ladi. Odamlar qilgan gunohlar va fisqu fasod ularning o‘zlarining boshlariga balo-ofat keltiradi. Bu musibatlar ularga tanbeh bo‘lishi, zalolatdan hidoyatga, noto‘g‘ri yo‘ldan to‘g‘risiga qaytishlariga sabab bo‘lishi kerak.

Alloh taolo A’rof surasida marhamat qiladi:

«Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik» (96-oyat).

Alloh taolo An’om surasida marhamat qiladi:

«Eslatilgan narsalarni unutgan chog‘larida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. O‘zlariga berilgan narsalardan xursand bo‘lib turganlarida, ularni birdaniga tutdik. Qarabsizki, butunlay noumid bo‘ldilar» (44-oyat).

Demak, inson Alloh taoloning diniga amal qilsa, yaxshilikka erishadi, amal qilmasa, yomonlikka qoladi.

Shayx Abulhasan Nadaviy rahmatullohi alayh roshid xalifalar davridan keyingi holat haqida quyidagilarni yozadi:

«Yetakchilikning layoqatli odamlardan layoqatsiz odamlarga o‘tishi:

Ammo taassuflar bo‘lsinkim, bashariyatning baxtiga qarshi ushbu o‘ta og‘ir vazifa bu ishga layoqati yo‘q, yurtni boshqarishga tayyor bo‘lmagan va yetilmagan, oldingilar va o‘zlari bilan zamondosh bo‘lganlar hamda ota-bobolari singari diniy va axloqiy tarbiyani olmagan kimsalar qo‘liga o‘tib ketdi. Ular musulmon ummatini boshqarishga, unga rahbarlik qilishga o‘rgatadigan Islom ta’limotlariga ega emas edilar. Ularning onglari, nafslari eski tarbiyaning qoldiqlaridan tozalanmagan edi. Ularda Islom yo‘lida jiddu jahd qiilishga yetadigan darajada kuch, diniy va dunyoviy masalalarda ijtihod qiladigan darajada ilm hamda musulmonlarga xalifalik qilish libosini kiyishga yarasha quvvat yo‘q edi. Bu gap, odil xalifa Umar ibn Abdulazizdan boshqa, Banu Umayya na Banu Abbos xalifalariga ham taalluqlidir.

Yetakchilik roshid xalifalardan keyin umaviylarga o‘tdi. Ular hijriy 41–132 (milodiy 661–750) yillar davomida – to‘qson bir yil yetakchilik qilishdi.

Umaviylar davrida pasayish boshlangan bo‘lsa ham, unchalik ko‘p bo‘lmagan. Bu davrda mol-mulkning va joriyalarning ko‘payganini ko‘rish mumkin.

Umaviylar davrida olamshumul fathlar bo‘ldi. Islom sharqda Xitoygacha, g‘arbda Andalusgacha keng hududda yoyildi.

Bu davrda ko‘plab qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi, kanallar qazildi, shaharlar qurildi, obodonchilik va taraqqiyot yuksaldi. Roshid xalifalar asridan keyingi eng yaxshi asr hisoblangan umaviylar davri siyosiy va fikriy harakatlarga to‘la bo‘ldi.

Shu bilan birga, mazkur davrda oz bo‘lsa ham to‘g‘ri yo‘ldan og‘ish va avvalgi saviyadan pasayish kuzatildi.

Pasayish avvalo ikki narsada, odamlar unchalik sezmagan holda namoyon bo‘ldi:

1. Rahbarlik xalifalikdan podshohlikka o‘tdi. Imom Hasan roziyallohu anhu xalifalikdan voz kechib, Muoviya roziyallohu anhu boshliq bo‘lganida, keyinchalik u kishining o‘rniga o‘g‘li xalifa bo‘lishini hech kim xayoliga ham keltirmagan edi. Ammo shunday bo‘ldi. Keyin esa davlat rahbarligi Banu Umayya qabilasining odamlari qo‘liga o‘tdi. Ular o‘zlarining ichidagi eng yaxshisini davlat boshlig‘i qilib saylaydigan bo‘lishdi.

Roshid xalifalar davrida esa musulmon ummatining eng yaxshisi xalifa bo‘lar edi.

2. Musulmon ummati asta-sekin hokimlarning faoliyatini tekshirib borish xususiyatini yo‘qotdi. Roshid xalifalar davrida esa musulmon ummati hokimlarning faoliyatini diqqat bilan tekshirib borar, biror xato topsa, yuziga aytar edi.

Vaqt o‘tishi bilan yana ba’zi burilish va pasayishlar yuz berdi.

Umaviylar o‘zlarining siyosiy muxoliflariga qarshi kuch va qo‘pollik ishlatishni yo‘lga qo‘yishdi. Roshid xalifalar davrida bunday bo‘lmagan edi.

Davlat mulkini behudaga sarflashni, odamlarni o‘zlariga moyil qilish uchun ishlatishni o‘zlariga ep ko‘rishdi.

Umaviylarda arab millatchiligi ham paydo bo‘ldi. Bu ish ham avvalgi pasayish omillari kabi o‘ziga xos muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.

 

Keyingi mavzular:

Abbosiylar davlatining tiklanishi;
Abbosiylarning birinchi davri.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Ilm-fan va olimlar shahri

27.12.2024   3415   3 min.
Ilm-fan va olimlar shahri

Dunyo ilm-fan rivojida Islom ma’rifati va madaniyatining o‘rni beqiyosdir. Ko‘plab allomalar va ulamolarning ma’naviy-ilmiy asarlari o‘z davridan hozirgi vaqtgacha ahamiyatini yo‘qotmasdan ilm-fan taraqqiyotiga muhim manba sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Umumjahon e’zozlagan olimlar va ulamolar Bog‘dod, Damashq, Samarkand, Buxoro, Granada va Tripoli kabi shaharlarda yashab ijod qilganlar. Ular: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamahshariy kabi ulamolar dinimiz rivojiga hissa qo‘shgan. Abbosiylar davridan boshlab Tripoli shahri mana bir necha asrdirki ilm-fan markazi bo‘lib qolmoqda. Fotimiylar davrida esa Tripoli shahri poytaxt bo‘ldi. Halifa Ibn Ammor Tripolini ilm markaziga aylantirdi va o‘z davrining eng yirik kutubxonalaridan biri ochildi. Manbalarga ko‘ra unda yuz ming jild kitob mavjud edi. Uning davrida olimlar, ulamolar va yozuvchilar ulug‘langan. Ularga g‘amxo‘rlik qilingan va alohida halifa e’tirofida bo‘lishgan.
 

Hozirgi kunda ham Tripolida nufuzli xalqaro tashkilotlar, universitetlar, kutubxonalar va ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shahar ulamolar, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar bilan gavjum. Poytaxtning o‘zida 100 dan ko‘p nufuzli universitetlar mavjud. Tripoli universiteti esa o‘zida ham diniy va dunyoviy ilmlarni jamlagani bilan boshqa universitetlardan ajralib turadi. Ushbu dargoh “200 nufuzli Islom universitetlari” ro‘yxatiga kiritilgan. Tripoli universiteti 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 70 000 dan ortiq talabalar bu dargohda ta’lim olib kelishmoqda. U turli yo‘nalishdagi 20 ta kollejni birlashtiradi. Islomshunoslik, Ilohiyat, Fiqh, Huquqshunoslik, Tibbiyot, Xorijiy tillar va Iqtisodiyot kabi fakultetlardan tashkil topgan. Tripoli universiteti dinimiz qadriyatlari doirasida rivojlanishni va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llovchi ta’lim muassasasidir. Universitetning maqsadi talabalarga Islom dini va axkomlari asosida ilmiy va axloqiy ta’lim berish va turli dunyoviy bilimlarni o‘rgatishdir. Tripoli universitetining o‘ziga hos jixati shundaki har bir talaba moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlikni o‘rganishi shart. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi talabalar universitet tomonidan rag‘batlantiriladi.


Islomshunoslik yo‘nalishi talabalari o‘quv dasturi davomida Quroni karimni to‘liq yod olishi, shariat asoslarini o‘rganishi, Islom tarixi, Hadis ilmi, Meros taqsimoti, og‘zaki va yozma nutq san’ati kabi fanlarni o‘zlashtirishi talab qilinadi. Islomning sof fitratini namoyish etish, ilm olish va uni ulashish ushbu yo‘nalish fakultetining maqsadidir. Adashgan oqimlar va ekstremistik qarashdagi guruhlarni Quron va hadis orqali ezgu yo‘lga chorlash ularning vazifasidir.


Tripoli universitetida 3450 ta ilmiy nashr faoliyat ko‘rsatadi. Ularda talabalarning ilmiy ishlari, amaliyot va tadqiqotlar natijalari keltirilgan. Misol tariqasida, “Islom ta’limini o‘rganishda Qur’oni Karimning ta’siri”, Ahmad Abdul Salam Abu Moziriqning “Irshod al-Hiron” kitobi haqida, Shayx Abu Abdulloh Muhammad bin Ali al-Xorubiyning “Riyod al-Azhar” va “Sirlar xazinasi”ning lingvistik talqini kabi ilmiy izlanishlar va maqolalar nashrlar orqali keng ommaga berib boriladi.


Shohruh UBAYDULLOH