Ar-Rohman – Allohning go'zal ismlaridan biri. Surada Alloh taolo insonlarga, jinlarga bergan behisob ne'matlari eslatilgan, o'ttiz bir marta: “Parvardigoringizning qaysi bir ne'matini inkor etasizlar?!” – deb xitob qilingan.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlar oldiga chiqib, Ar-Rohman surasini boshidan oxirigacha o'qib berdilar. Sahobalar qiroatga quloq solib jim o'tiraverishdi. Bu holni ko'rgan Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam jinlar qanday javob qaytarganini aytdilar. Jinlar bilan uchrashilgan tunda u zot alayhissalom Ar-Rohman surasini o'qib berganlar. Har safar “Parvardigoringizning qaysi bir ne'matini yolg'onga chiqarasizlar?!” oyati o'tilganda, jinlar: “Parvardigoro, Sening bironta ham ne'matingni inkor qilmaysiz. Barcha maqtovlar Sengagina xos!” deb javob qaytarishgan.
Har narsaning ziynati bo'ladi. Qur'onning ziynati – Ar-Rohman surasi. Bu surada dunyo va oxirat ne'matlari, hurlar vasf etilgan, ularning zeb-ziynatlari haqida ma'lumot berilgan.
Hazrati Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Har bir narsaning kelichagi bor. Qur'onning kelinchagi Ar-Rohman surasidir”(Imom Bayhaqiy rivoyati).
Fotima roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda: “Hadid, Voqea, Ar-Rohman suralarini o'qiydigan qori osmonlaru er malakutida “Firdavsda yashovchi” deb chaqiriladi”, deyilgan (Imom Bayhaqiy rivoyati).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati