Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
(hijriy 37, milodiy 657 yil)
Siffin jangi hazrati Aliy roziyallohu anhu bilan Muoviya roziyallohu anhu o‘rtasida bo‘ldi. Bu ikki sahoba orasidagi elchilarning borib-kelishlari natija bermadi. Ikki tarafning lashkari Furot daryosi bo‘yidagi Siffin pasttekisligida to‘qnashdi. Orada jang boshlandi. Ikki tarafdan ham juda ko‘p odamlar o‘ldirildi. Hazrati Aliy roziyallohu anhuning lashkarlari g‘alabaga erishishiga ozgina qolganda, Shom ahllari nayzalarning uchiga mus'haflarni bog‘lab, baland ko‘tardilar. Ular Alloh taoloning Kitobini hakam qilishni talab etdilar. Buni Muoviya lashkarining qo‘mondoni Amr ibn Os roziyallohu anhu o‘ylab topgan edi. Bu bilan u urushni to‘xtatishni xohlagan edi. Shunday bo‘ldi ham. Urush to‘xtadi. Ikki taraf hakamlari uchrashdilar, lekin kelishuvga erishilmadi. Hakamlik shartnomasi yozildi. Lashkarlar kelgan joylariga qaytdilar.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati