Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qur’oni Karim Alloh taoloning kitobi. Uning ta’limotlari dunyo va oxirat saodatiga kafildir. Har bir lafzida nur bor. Uning ma’nosini tushunmasdan, faqat tilovat qilish ham savob va xayr-barakaga sababdir.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh taoloning kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir yaxshilik bo‘ladi. Bu bir yaxshilik o‘nta yaxshilikka tengdir. Men «alif, laam, miim»ni bir harf demayman, balki, «alif» bir harf, «laam» bir harf va «miim» bir harfdir», dedilar (Imom Dorimiy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, agar biror kimsa faqat «alif, laam, miim»ni tilovat qilsa, shuning o‘zidan uning nomai a’moliga o‘ttizta yaxshilik yoziladi.
Yana ushbu hadisi sharifdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bu savob oyatlarning ma’nolarini tushunmasdan o‘qisa ham beriladi. Chunki, «alif, laam, miim» shunday lafzki, uning ma’nosini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Uning haqiqiy ma’nosini bilishga hech kimda imkon yo‘q. Chunki, bular «hurufi muqattaot» jumlasidan bo‘lib, mutashobih oyatlarga kiradi. Ularning ma’nosini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam «alif, laam, miim»ni misol qilib, shuni ham ochiq bayon qildilarki, Qur’oni Karim tilovatining savobi uning ma’nosini tushunishga bog‘liq emas, balki, ma’nosini tushunmasdan tilovat qilishga ham savob beriladi.
Demak, faqat «alif, laam, miim»ni o‘qishga o‘ttizta savob bo‘lsa, Qur’oni Karimning bir necha oyati yoki biror surasini o‘qishga qancha savob bo‘ladi? Shuning uchun har bir musulmon har kuni ertalab boshqa ishlarga mashg‘ul bo‘lishdan oldin biroz bo‘lsa ham Qur’oni Karim tilovatini odat qilib olsin. Agar ko‘proq o‘qishning iloji bo‘lmasa, chorak pora, buning ham imkoni bo‘lmasa, hech bo‘lmasa, bir necha oyatlarni o‘qib tursin. Shunda har kuni uning nomai a’moliga ming-minglab yaxshiliklar yozilib boraveradi.
Shuningdek, har bir musulmon Qur’oni Karimning bir necha surasini yodlab olsin. Shunda, qachon imkon topsa, Qur’oni Karimni ochmasdan ham yoddan o‘qiyveradi. U yurib ketaveradi, tilovat tufayli nomai a’moliga yaxshiliklar yozilib boradi.
Bomdod namozidan keyin har bir mo‘min ozgina bo‘lsa-da, Qur’oni Karimni o‘qishni odat qilsin. Biror kuni tilovatsiz qolmasin. Qur’oni Karimda yetti manzil bor. (Bir manzil - haftiyak, ya’ni Qur’onning yettidan bir qismi). Oldingi zamonlarda odamlar har kuni bir manzil (ya’ni, Qur’oni Karimning yettidan biri, taxminan, to‘rt yoki to‘rt yarim pora) tilovat qilishga odatlanishgan edi. Shunda ular har yetti kunda xatm qilishgan. Bizlar esa, ancha zaif odamlarmiz. Qur’onni bu qadar ko‘p o‘qishga bardoshimiz yetmasligi aniq. Lekin imkon qadar harakat qilaylik. Xoh bir pora bo‘lsin, xoh yarim pora bo‘lsin, o‘qiylik. Hech yo‘g‘i, Hakimul ummat qoddasallohu sirroh aytganlaridek, agar kimgadir yarim pora ham mushkul bo‘lsa, u holda chorak pora yoki ikki-uch ruku’ni o‘qisin. (Bir ruku’ - bir ma’no to‘liq tugagan yoki bir rak’atda o‘qiladigan miqdor). Lekin biror kuni Qur’oni Karim tilovatidan holi o‘tmasin.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
#xabar #haj2025
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati