Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلًا ذَكَرَ لِلنَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ يُخْدَعُ فِي الْبُيُوعِ، فَقَالَ: إِذَا بَايَعْتَ فَقُلْ لَا خِلَابَةَ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ وَالنَّسَائِيُّ.
وَزَادَ مُسْلِمٌ: فَكَانَ إِذَا بَايَعَ يَقُولُ: لَا خِيَابَةَ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘zining savdo-sotiqda aldanib qolishini zikr qildi. Shunda u zot alayhissalom: «Qachon savdo qiladigan bo‘lsang, «Aldash yo‘q», degin», dedilar (Uchovlari va Nasaiy rivoyat qilganlar).
Muslim: «U oldi-sotdi qilsa, «Aldash yo‘q» der edi»ni ziyoda qilgan.
Sharh: Ushbu rivoyatda zikri kelayotgan sahobiyning boshlari yorilib, biroz fikrlari va tillari og‘ir bo‘lib qolgan edi. Tutilib gapirar va oldi-sotdida aldanib qolar edilar. O‘zlarining bu hollaridan shikoyat qilganlarida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldi-sotdidan oldin savdolashayotgan odamga «Aldash yo‘q», deb, ogohlantirish berib qo‘yishni tavsiya qildilar. Ya’ni, Islom dinida savdo-sotiqda bir-birini aldash yo‘qligini eslatib qo‘yishni o‘rgatdilar. Ehtimol, shunda boshqa tomon o‘ziga aldashni ep ko‘rmasligi mumkin. Bundan savdo-sotiqda, moliyaviy muammolarda bir-birini aldash harom ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْحَلِفُ مُنْفَقَةٌ لِلسِّلْعَةِ مَمْحَقَةٌ لِلْبَرَكَةِ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.
وَلِمُسْلِمٍ: إِيَّاكُمْ وَكَثْرَةَ الْحَلِفِ فِي الْبَيْعِ فَإِنَّهُ يُنَفِّقُ ثُمَّ يَمْحَقُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qasam ichish savdo molini o‘tkazuvchi, barakani o‘chiruvchidir», dedilar (Uchovlari rivoyat qilganlar).
Muslimning rivoyatida: «Savdoda ko‘p qasam ichishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki u o‘tkazadi va o‘chiradi», deyilgan.
Sharh: Ba’zi bir savdogarlar o‘z molini o‘tkazish uchun yolg‘on gapiradilar, hatto qasam ham ichadilar. Ba’zi xaridorlar uning qasamiga ishonib, molini sotib oladi. Haligi savdogar savdoim yurishdi, deb xursand bo‘ladi. Aslida esa yolg‘on gapirgani, yolg‘on qasam ichgani uchun molining barakasi o‘chadi. Pulining miqdori ko‘payganga o‘xshagani bilan barakasi bo‘lmaydi. Foydasi kamayadi. Hatto boshqa tomondan balolar ham yetadi. Shuning uchun savdogar rostgo‘y bo‘lishi kerak, qasam ichib, molini o‘tkazishga urinmasligi lozim. Rostgo‘ylik bilan, birovni aldamasdan qilingan savdoda baraka bo‘ladi. Egasiga yuqadi, foyda beradi.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
#xabar #haj2025
Shu kunlarda Makkai mukarramada haj amallarini ado etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ziyoratchilar uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar bilan bir qatorda mutaxassis va otinoyilar tomonidan ham ma’rifiy suhbatlar uzviy davom ettirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim xodimi Munira Abubakirova va Toshkent shahar Yangihayot tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Sijoat Sharipova yurtimizning har bir hududidan kelgan ayol ziyoratchilar ishtirokida suhbatlar o‘tkazmoqda.
Shuningdek, oliy toifali shifokor Muhabbat Saatova ham tibbiy maslahatlar bermoqda.
Ma’rifiy uchrashuvlarda muborak zaminda toat-ibodat, duoyu zikr va ziyorat bilan mashg‘ul bo‘lib turgan diyorimiz ayollariga haj ibodati ruknlari, fazilatlari va safarda ayollarga oid tibbiy masalalar ham atroflicha tushuntirilmoqda. Ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati