Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ فِي الْأَوَّلِينَ وَ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ فِي الآَخرينَ وَصَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ في النَّبِيِّينَ وَ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ فِي الْمُرْسَلِينَ وَ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ فِي الْمَلَاءِ الْأَعْلَىٰ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ اَللّهُمَ أَعْطِ مُحَمَّدًا الوَسِيلَةَ وَالْفَضيلَةَ وَ الشَّرَفَ وَ الدَّرَجَةَ الْكَبِيرَةَ
O‘qilishi: Allohumma solli ’ala Muhammadin fil avvaliyna va solli ’ala Muhammadin fil axiriyna va solli ’ala Muhammadin fin nabiyyiyna va solli ’ala Muhammadin fil mursaliyna va solli ’ala Muhammadin fil malail a’la ila yavmiddiyn. Allohumma a’ti Muhammadanil vasiylata val faziylata vash shapofa vad dapojatal kabiyrota!
Ma’nosi: Allohim! Avvalgilar orasida hazrati Muhammadga rahmat yog‘dir, keyingilar orasida hazrati Muhammadga rahmat yog‘dir, nabiy (payg‘ambar)lar orasida hazrati Muhammadga rahmat yog‘dir, mursal elchi rasullar orasida hazrati Muhammadga rahmat yog‘dir, malaul a’loda eng oliy, sharafli zotlar orasida to qiyomat kunigacha hazrati Muhammadga rahmat yog‘dir! Allohim! Hazrati Muhammadga vasiyla (jannatdagi eng oliy maqom), fazilat, sharaf va ulug‘ daraja ato qil! («Al-ad’iyatul-voridah», 64-s).
Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: «Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Vasiyla jannatdagi eng yuksak bir maqomdirki, unga faqat bir kishi erishadi. Umid qilamanki, o‘sha kishi men bo‘laman».
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z amrlariga muvofiq ul zotga vasiyla tilangani uchun bu salavot ham juda savoblidir.
«Eng go‘zal salavotlar» risolasidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi a’zolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va sanitariya-gigiyena talablari ham inobatga olingan.
Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni xotirjam ado etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Ayniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati