Sayt test holatida ishlamoqda!
22 May, 2025   |   24 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:45
Xufton
21:16
Bismillah
22 May, 2025, 24 Zulqa`da, 1446

Farzand ko‘rganda bajariladigan 6 amal

10.12.2024   3807   2 min.
Farzand ko‘rganda bajariladigan 6 amal

1. Chaqaloq qulog‘iga azon va takbir aytish.

Rofe’ roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoning farzandi Hasan ibn Alining qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon (Sibyon bolalarga ziyon yetkazadigan jin toifasi) zarar yetkaza olmas”, dedilar.

2. Munosib ism qo‘yish.

Nabiy alayhissalom: “Sizlar qiyomat kuni o‘z ismlaringiz va otalaringizning ismlari bilan chaqirilasizlar, shunday ekan farzandlaringizga chiroyli ism qo‘yinglar”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismlarning yaxshisi bandalik va hamdni bildirganidir”, deganlar (Abdulloh, Hamidulloh, Abdurahmon kabi).

3. Aqiqa qilish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bola o‘z aqiqasining evaziga garovdadir. Yettinchi kuni uning nomidan jonliq so‘yiladi va ism qo‘yiladi hamda sochi olinadi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Agar farzand tug‘ilganidan so‘ng yetti kunda aqiqa qilishga imkoniyat bo‘lmasa, 14 yoki 21 kunligida qilinadi. Bu muddat ichida ham imkoniyat topilmasa, boshqa xohlagan vaqtda qilsa ham bo‘ladi.
 

4. Chaqaloqning sochini olish.

Hazrat Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nabiralari Hasanga qo‘y so‘ydilar va “Ey Fotima uni sochini olgin va sochini og‘irligicha kumush sadaqa qilgin”, dedilar.

Keyin men uni o‘lchovdim bir yoki yarim dirham (og‘irligicha) chiqdi” (Imom Termiziy rivoyati).

5. Chaqaloqning tanglayini ko‘tarish.

Abu Muso roziyallohu anhu aytadi: “O‘g‘lim tug‘ilganda uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim. U zot alayhissalom o‘g‘limga Ibrohim deb ism qo‘ydilar va xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar. Unga baraka tilab duo qildilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


6. Xatna qilish.

O‘g‘il bolani xatna qilish sunnatdir. Uni kechiktirish makruh. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xatna qilish erkaklarga sunnat”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Ulamolar: “Farzand yetti yoshdan o‘n yoshgacha xatna qilinsa, yaxshi bo‘ladi”, deydilar.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Kataraktaning davosi

21.05.2025   988   7 min.
Kataraktaning davosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


(Qur’oniy dori)

Savol: Ko‘zga oq tushganda jarrohlik yoki dori tomizishdan boshqa muolajalar ham bormi?

Javob: Ilmiy qo‘llanma va ilmiy nazariyalarda umumiy urinishlar bor. Ular ko‘proq proteinni almashtirishga, xususan, oq tushgan ko‘zni avvalgi holatiga qaytarishga qaratilgan. Gohida kimyoviy yo‘l bilan imkon topiladi. Bu o‘zgartirish juz’iy xolos, mukammal bo‘lmaydi. Ammo kimyoviy yo‘lni ko‘z gavharidagi proteinga qo‘llash mumkin emas.


Savol: Mana shunday nuqsonli yechimlargina mavjud bo‘lgan kasallikka qanday qilib siz Qur’oni karim orqali davo topdingiz?

Javob: Yuqorida aytib o‘tganimdek, ko‘z gavharining tashqi yuzasi parda bilan qoplangan bo‘lib, unda protein bor. O‘sha proteinning tarkibi o‘zgarsa, gavharning holati ham o‘zgarib, oqibatda xiralik kelib chiqadi. Shuning uchun biz o‘sha proteindagi fiziologik o‘zgarishni tiklashning tabiiy uslubini qidirdik. Bunda bizga Yusuf surasidagi quyidagi oyatlar yordam berdi:

«U bulardan yuz o‘girib, «Esizgina Yusuf!» dedi va qayg‘udan ko‘zlariga oq tushdi. U dardini ichiga yutdi (ojiz bo‘lib qoldi)» (84-oyat). Yusuf alayhissalom Robbimizdan kelgan vahiy sababli akalaridan otalari huzuriga ko‘ylagini olib borishni talab qildilar:

«Mana bu ko‘ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, ko‘zi ochilur. So‘ng barchangiz ahlingiz ila huzurimga kelinglar. Karvon (Misrdan) yo‘lga chiqqan vaqtda otalari (Ya’qub alayhissalom o‘z uylarida turib, huziridagi kishilarga): «Meni aqldan ozgan demanglar u, lekin men Yusufning hidini sezmoqdaman», dedi. Ular: «Allohga qasamki, albatta, sen eski adashuvingdasan», dedilar. Xushxabarchi kelib, (ko‘ylakni) uning yuziga tashlagan edi, u yana ko‘radigan bo‘ldi. U: «Men sizlarga: «Allohdan sizlar bilmaydigan narsani bilaman», demaganmidim?» dedi» (Yusuf surasi, 93–96-oyatlar).

Yusuf alayhissalomning ko‘ylaklarida qanday shifo bo‘lishi mumkin edi? Bu haqda o‘ylab-o‘ylab, terdan boshqa narsani topmadik. Shundan so‘ng inson tanasidan ajraladigan terning tarkibiy elementlarini o‘rgandik. An’anaviy jarrohlik yo‘li bilan ko‘zdan chiqarib olingan, xiralashgan gavharni olib, terga botirib ko‘rganimizda uning biroz shaffoflashganini ko‘rdik. So‘ngra savol tug‘ildi: bu holatda terdagi barcha moddalarning shunday ta’siri bormi yoki undagi qaysidir bir moddaningmi? Javob shuki, bu uning tarkibidagi bir moddaning – karbamidning («mochevina») ta’siri ekan. Bu moddani kimyoviy usul bilan ham tayyorlab, laboratoriya sharoitida ko‘zi xiralashgan yoki ko‘ziga oq tushgan hayvonlarda sinab ko‘rildi. Biroq kuzatuvlar davomida kimyoviy yo‘l bilan tayyorlangan o‘sha malham bu kasallikni tuzatmadi, balki ko‘z gavhariga oq tushishiga sabab bo‘ldi. Bu narsa yo‘naltirilgan maxsus chiroq (slit lamp), ultratovush hamda ko‘z gavharidan akslangan ultrabinafsha nur yordamida tekshirib ko‘rildi. Bundan keyin kompyuterdagi fiziologik okulyarda 250 ming dollar to‘lab, yarim soat tajriba o‘tkazilganida uning yorug‘lik akslantirish darajasi 2 foizdan oshmadi. Lekin inson teridan tayyorlangan tomchi quyilganda 15 daqiqada 2 foizdan 60 foizga yorug‘lik darchasi ochildi. 20 daqiqada 90 foizga ziyodalashdi. 30 daqiqada 95 foizga ziyodalashdi. 60 daqiqada 99 foizga ziyodalashdi.


Savol: Bu tomchida nojo‘ya ta’sirlar kuzatildimi?

Javob: Mutlaqo. Ter tanadan ajralib chiqadigan modda bo‘lib, yuqorida aytganimizdek, uning tarkibi karbamidning tarkibi bilan deyarli bir xil. Shuning uchun bu malham konsentratsiyasini o‘n barobarga oshirib, hayvonlarda tajriba o‘tkazish lozim. Bunda malham organizmga og‘iz orqali yoki bevosita yurakning protein pardasiga kiritish orqali singdirildi. Ushbu tajribada ham nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi, malham jigar, buyrak, miyaga yoki qon tarkibiga umuman ta’sir ko‘rsatmadi.


Savol: Bu tajriba quyonlar ustida o‘tkazilgan ekan. Agar buni insonning fiziologik ko‘zi ustida o‘tkazilsa, nima bo‘ladi?

Javob: Bunday tajriba 250 ta ko‘ngilli ishtirokchi ustida o‘tkazilganida 90 foizdan ko‘proq kishilarning ko‘zidagi oqlik ketib, ko‘rishi avvalgi holiga qaytdi. Klinik tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, qolgan 10 foiz kishilarning ko‘z gavharida shaffoflik kuzatilgan, biroq ko‘z to‘rida boshqa kasallik bo‘lgani uchun ularning ko‘rishi yaxshilanmagan.


Savol: Ana shu tomchi ko‘zdagi kataraktadan boshqa ko‘z kasalliklariga shifo bo‘la oladimi?

Javob: Ha, ko‘zdagi shox pardaga ham shifo bo‘ladi. Ko‘z zaiflashganda oqlik yuzaga kelishi ana shu shox parda sirtida sodir bo‘ladi. Bu qon quyilgandagi yoki shox parda tarkibidagi proteinining tabiatida o‘zgarish bo‘lgandagi holatdir. Tajribalardan sobit bo‘ldiki, ushbu tomchini ikki hafta davomida har kuni ikki martadan quyib borilsa, ko‘rish xususiyati yaxshilanib, asl holiga qaytadi.


Savol:  Shox pardadagi oqlik avvallari qanday muolaja qilinar edi?

Javob: Avvallari o‘lgan kishining ko‘z shox pardasini ko‘chirib o‘tkazish orqali muolaja qilinar edi. Ilova qilib aytadigan bo‘lsak, bunda ko‘rish quvvati avvalgi holiga qaytmas edi.


Savol: Siz o‘zingizni qanday his qildingiz? Chunki siz butun insoniyatga Qur’on voqeligidan muolaja taqdim qildingiz. Vaholanki, ichimizdagi ba’zi kishilar dunyoviy ishlarga yoki ilmiy bahslarga Qur’onning aloqasi yo‘q deb hisoblashadi.

Javob: Men bu ishim bilan ilmning zakotini ado qildim, deb hisoblayman. Axir molning zakoti chiqarilganidek, ilmning ham zakoti chiqariladi-ku? Axir ilm insonlarning yaxshi kuniga xizmat qilishi kerak! Bundan tashqari, ushbu amaliy tajriba sababli Qur’oni karimning azamatini va ulug‘ligini yana bir bor his etdim. «Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas» (Isro surasi, 82-oyat). Shunga binoan, bu ulug‘ Kitobga qaytishni umid qilaman. Agar haqiqiy ma’noda qaytsakkina, avvalgi davrimizni qo‘lga kiritib, butun insoniyatni hidoyatga chorlay olamiz.


Savol: Bu dori bozorlarga chiqarilganida unga «Qur’oniy dori» deb ishora qilinadimi?

Javob: Ha, biz bu dorini ishlab chiqaruvchi shirkatga «Bu Qur’oniy dori», deb yozib qo‘yishni shart qilganmiz. Toki butun olam ana shu Qur’onning rostligini, dunyo va oxiratda odamlarni baxtli qilishda faol ekanini bilsin. Suhbatimiz oxirida yangi bir bahsni, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hadisi sharifda vasf qilganlaridek, ko‘z tibbiyotidagi boshqa bir dorini taqdim etmoqchiman. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) «Qo‘ziqorin ham bir ovqat turi bo‘lib, uning suvi ko‘z uchun shifodir», deganlar.

Inshaalloh, Allohning izni bilan mana shu bahs ham kelajakda keng qamrovli ilmlarni ochib beradi.

“Qur’on va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar” kitobidan