Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Muso roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Odamlar: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomdagi qaysi amal eng afzal?” deb so‘radilar. Shunda u zot: “Kishining tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lishlari”, deb javob berdilar” (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy, Dorimiy va Tabaroniy rivoyati).
Ushbu rivoyatda xoh til bilan, xoh qo‘l yoki boshqa a’zolar bilan bo‘lsin, odamlarga, xususan mo‘min-musulmonlarga zulm qilish va aziyat yetkazishdan qaytarilmoqda. Zero, Islom tinchlik, totuvlik va yaxshilik dinidir.
Bu yerda musulmonning imoni mukammal bo‘lishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fazilat haqida so‘z bormoqda. Tili va qo‘li bilan odamlarga ozor beradigan kimsalar imondan ajramasalarda, ularning imonlari komil hisoblanmaydi. Aslida mukammal imon shartlari ko‘p. Ammo tili va qo‘li bilan o‘zgalarga zarar yetkazishdan ehtiyot bo‘lish bu shartlarning eng avvalida turadi.
Shahodat kalimasi, besh vaqt namoz, zakot, ro‘za va haj ibodatlari dinimiz Islomning eng asosiy ustunlari hisoblanadi. Kim ushbu farz amallarni bekamu-ko‘st ado qilsa, bunday banda musulmon hisoblanadi. Ammo mazkur farz amallarni bajarish bilan bir qatorda musulmonlarga yaxshi muomala qilish ham talab etiladi. Kim besh farzni ado etsa va musulmonlarga boshqalardan chiroyli munosabatda bo‘lsa, u dinda afzal sanaladi. Zero, ham Alloh, ham bandalar haqqini ado qilish bilan banda o‘z mas’uliyatini to‘liq ado etgan bo‘ladi.
Muhtaram o‘quvchilarimiz e’tibor bergan bo‘lsalar, mazkur hadisda odamlarga aziyat yetkazuvchi vosita sifatida avval til, keyin qo‘l zikr qilinmoqda. Chunki odamlar orasida qo‘l bilan zarar yetkazishdan ko‘ra til bilan ozor berish ko‘p kuzatiladi. Til bilan o‘zgalarga ziyon keltirish osonroq va ayni paytda zarari ko‘proq hisoblanadi. Zero, moddiy zarar tuzalib, o‘rni bitib ketishi mumkin. Ammo til bilan keltirilgan ma’naviy zarar banda qalbida uzoq vaqt saqlanadi. Ikkinchidan, tilni tiya bilmasdik qo‘lning harakatga kelishiga sabab bo‘ladi. Masalan, qo‘l bilan yetadigan zararlar: turtish, urish va shunga o‘xshash noma’qul harakatlar aksar hollarda tilga erk berish, gap talashish va janjallashish natijasida kelib chiqadi. Shuning uchun ham har bir inson o‘z tiliga ehtiyot bo‘lishi, uni har xil so‘zlardan tiyib turishi lozim. Agar til to‘g‘ri bo‘lsa, qo‘l ham zulmdan yiroq bo‘ladi. Agar til tiyilmasa, unga qo‘shilib qo‘l ham ziyon yetkazishni boshlaydi.
Demak, hadisda avval til, keyin qo‘l zikr qilinishiga asosiy sabab ikkita. Bular:
1. Til qo‘ldan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazadi;
2. Til tiyilmasligi qo‘l bilan zulm qilinishiga olib boradi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Musulmonlar tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishi (haqiqiy) musulmon, Alloh qaytargan narsalardan chetlashgan banda esa (haqiqiy) muhojirdir” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Tilida Allohga ishondim, deyish bilan banda musulmon sanaladi. Ammo uning musulmonligi haqiqiy va sof bo‘lishi uchun bandada ba’zi sifatlar bo‘lishi kerak. Quyidagi rivoyatda bu narsa yanada ta’kidlab aytilgan.
Jobir roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Musulmonlar tili va qo‘lidan salomat bo‘ladigan kishi mo‘minlar ichida eng imoni komilidir” (Hokim rivoyati).
Bandaning imoni komil bo‘lishi uchun avvalo uning xulqi chiroyli bo‘lishi kerak. Chiroyli xulqning asosi bu tilni behuda va zararli so‘zlardan, qo‘lni birovlarga zulm qilishdan tiyishdir.
Ba’zilar qo‘li bilan hech kimga zarar yetkazmay, tashqi tarafdan beozor, yuvosh bo‘lib ko‘rinsalar-da, ammo ular musulmonlarga ko‘p aziyat yetkazadi. Ko‘pincha ularning o‘zlari buni bilmaydilar yoki tan olishni xohlamaydilar.Tilni g‘iybat va bo‘hton so‘zlardan tiymay, ko‘pchilikka ozor yetkazish gunohi kabiralardan ekani hammamizga ma’lum. Mana shu kichik til inson boshiga katta-katta kulfatlarni soladi. Mana shu tilni tiya bilmaslik oqibatida banda qiyomat kuni jahannamga yuztuban holda sudrab olib boriladi. Ayni paytda mana shu til vositasida banda Allohni eslaydi, tili bilan odamlarni yaxshilikka chaqiradi, yomonlikdan qaytaradi. Demak, har bir narsani ezgulik yo‘lida ishlatish o‘zimizga bog‘liq. Shunday ekan, biz tilni faqat yaxshilik yo‘lida ishlatsak, befoyda so‘zlardan tiya bilsak, najot topuvchi bandalardan bo‘lamiz!
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.
Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.
Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi