Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Muso roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Odamlar: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomdagi qaysi amal eng afzal?” deb so‘radilar. Shunda u zot: “Kishining tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lishlari”, deb javob berdilar” (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy, Dorimiy va Tabaroniy rivoyati).
Ushbu rivoyatda xoh til bilan, xoh qo‘l yoki boshqa a’zolar bilan bo‘lsin, odamlarga, xususan mo‘min-musulmonlarga zulm qilish va aziyat yetkazishdan qaytarilmoqda. Zero, Islom tinchlik, totuvlik va yaxshilik dinidir.
Bu yerda musulmonning imoni mukammal bo‘lishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fazilat haqida so‘z bormoqda. Tili va qo‘li bilan odamlarga ozor beradigan kimsalar imondan ajramasalarda, ularning imonlari komil hisoblanmaydi. Aslida mukammal imon shartlari ko‘p. Ammo tili va qo‘li bilan o‘zgalarga zarar yetkazishdan ehtiyot bo‘lish bu shartlarning eng avvalida turadi.
Shahodat kalimasi, besh vaqt namoz, zakot, ro‘za va haj ibodatlari dinimiz Islomning eng asosiy ustunlari hisoblanadi. Kim ushbu farz amallarni bekamu-ko‘st ado qilsa, bunday banda musulmon hisoblanadi. Ammo mazkur farz amallarni bajarish bilan bir qatorda musulmonlarga yaxshi muomala qilish ham talab etiladi. Kim besh farzni ado etsa va musulmonlarga boshqalardan chiroyli munosabatda bo‘lsa, u dinda afzal sanaladi. Zero, ham Alloh, ham bandalar haqqini ado qilish bilan banda o‘z mas’uliyatini to‘liq ado etgan bo‘ladi.
Muhtaram o‘quvchilarimiz e’tibor bergan bo‘lsalar, mazkur hadisda odamlarga aziyat yetkazuvchi vosita sifatida avval til, keyin qo‘l zikr qilinmoqda. Chunki odamlar orasida qo‘l bilan zarar yetkazishdan ko‘ra til bilan ozor berish ko‘p kuzatiladi. Til bilan o‘zgalarga ziyon keltirish osonroq va ayni paytda zarari ko‘proq hisoblanadi. Zero, moddiy zarar tuzalib, o‘rni bitib ketishi mumkin. Ammo til bilan keltirilgan ma’naviy zarar banda qalbida uzoq vaqt saqlanadi. Ikkinchidan, tilni tiya bilmasdik qo‘lning harakatga kelishiga sabab bo‘ladi. Masalan, qo‘l bilan yetadigan zararlar: turtish, urish va shunga o‘xshash noma’qul harakatlar aksar hollarda tilga erk berish, gap talashish va janjallashish natijasida kelib chiqadi. Shuning uchun ham har bir inson o‘z tiliga ehtiyot bo‘lishi, uni har xil so‘zlardan tiyib turishi lozim. Agar til to‘g‘ri bo‘lsa, qo‘l ham zulmdan yiroq bo‘ladi. Agar til tiyilmasa, unga qo‘shilib qo‘l ham ziyon yetkazishni boshlaydi.
Demak, hadisda avval til, keyin qo‘l zikr qilinishiga asosiy sabab ikkita. Bular:
1. Til qo‘ldan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazadi;
2. Til tiyilmasligi qo‘l bilan zulm qilinishiga olib boradi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Musulmonlar tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishi (haqiqiy) musulmon, Alloh qaytargan narsalardan chetlashgan banda esa (haqiqiy) muhojirdir” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Tilida Allohga ishondim, deyish bilan banda musulmon sanaladi. Ammo uning musulmonligi haqiqiy va sof bo‘lishi uchun bandada ba’zi sifatlar bo‘lishi kerak. Quyidagi rivoyatda bu narsa yanada ta’kidlab aytilgan.
Jobir roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Musulmonlar tili va qo‘lidan salomat bo‘ladigan kishi mo‘minlar ichida eng imoni komilidir” (Hokim rivoyati).
Bandaning imoni komil bo‘lishi uchun avvalo uning xulqi chiroyli bo‘lishi kerak. Chiroyli xulqning asosi bu tilni behuda va zararli so‘zlardan, qo‘lni birovlarga zulm qilishdan tiyishdir.
Ba’zilar qo‘li bilan hech kimga zarar yetkazmay, tashqi tarafdan beozor, yuvosh bo‘lib ko‘rinsalar-da, ammo ular musulmonlarga ko‘p aziyat yetkazadi. Ko‘pincha ularning o‘zlari buni bilmaydilar yoki tan olishni xohlamaydilar.Tilni g‘iybat va bo‘hton so‘zlardan tiymay, ko‘pchilikka ozor yetkazish gunohi kabiralardan ekani hammamizga ma’lum. Mana shu kichik til inson boshiga katta-katta kulfatlarni soladi. Mana shu tilni tiya bilmaslik oqibatida banda qiyomat kuni jahannamga yuztuban holda sudrab olib boriladi. Ayni paytda mana shu til vositasida banda Allohni eslaydi, tili bilan odamlarni yaxshilikka chaqiradi, yomonlikdan qaytaradi. Demak, har bir narsani ezgulik yo‘lida ishlatish o‘zimizga bog‘liq. Shunday ekan, biz tilni faqat yaxshilik yo‘lida ishlatsak, befoyda so‘zlardan tiya bilsak, najot topuvchi bandalardan bo‘lamiz!
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
#xabar #haj2025
Makka shahrida ziyoratchilar joylashgan mehmonxonalarda ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilib, ulug‘ ibodat ahkomlari va hojilik odoblari haqida mav’izalar qilinmoqda. Yurtimizda keyingi yillarda haj va umra safarlarini yuqori darajada tashkil etilayotgani, yurtdoshlarimizga ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun har tomonlama qulaylik va sharoitlar hozirlashga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Qur’on va tajvid bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulla Maxdum o‘g‘li, Fatvo markazi direktori o‘rinbosari G‘ulomjon domla Xolboyev, Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov, Toshkent shahar vakili o‘rinbosari Abdulloh domla Yo‘ldoshev, “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi Muhammadamin domla Alixonov, “Eshon Boboxon” jome masjidi imom-xatibi Tavakkal domla Kenjayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Muhammadbobur domla Yo‘ldoshev kabi ulamolar hojilarga suhbatlar qilib berishmoqda.
Uchrashuvlarda tabarruk shaharlar qadr-qimmati, bu yerlarda ziyorat va ibodat qilish ulkan saodat ekani, bu ulug‘ joylarda Rasul alayhissalom yurganlari, Islom tarixidagi muhim voqealar sodir bo‘lgani, haj ulug‘ ibodatligi, bunday sharafga yetkazgani uchun Alloh taologa shukronalar aytish, har bir ziyoratchi haqiqiy hojilik maqomiga yetishish yo‘lida yuksak ixlos, go‘zal odob bilan harakat qilish tavsiya etilmoqda.
Shuningdek, ma’rifiy suhbatlar chog‘ida, avvalo, niyatni to‘g‘ri qilish, doimo Alloh taoloning zikpi bilan band bo‘lish, ictig‘fop, dyolar va Qyp’oni kapimni tilovatini ko‘paytirish, tilni behyda co‘zlapdan tiyilish, qo‘lidan kelganicha odamlapga yaxshilik qilish, qalbni mashg‘yl qiluvchi narsalardan xoli bo‘lish, o‘zini kamtar tytish, zeby ziynatga e’tibop bepmaclik singari haj odoblariga amal qilish hajning mabrur bo‘lishiga sabab bo‘lishi haqida shar’iy dalil va hayotiy misollar asosida eslatib o‘tilmoqda.
Suhbatlar nihoyasida ziyoratchilar bilan haj ibodatiga doir savol-javoblar ham bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati