Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir birodarimiz savol beribdilar: «Fiqhiy mazhablarni o‘rganishning nima keragi bor? O‘n to‘rt asrdan beri shu ahvol. Nega zamonaviy, yangi fiqhga o‘ta qolmaymiz?»
Bu savolning javobi juda uzun. Savollarga javob berishni va’da qilganim uchun, qisqa bo‘lsa-da, javob beraman. Avvalo, umuman, fiqhiy mazhablar nima ekanini bilishimiz kerak.
Avvalo buyuk mazhabimiz – hanafiy mazhabi haqida gaplashsak.
Quyida bu haqda batafsil ma’lumotlar keltiriladi, hanafiy mazhabining qoidalar majmuasi tushuntiriladi. Bu qoidalar Qur’on va Sunnatdan olingan. Hozir esa tafsilotsiz, umumiy aytib o‘tamiz.
Hanafiy mazhabi Qur’on va Sunnatdan olingan qoidalar majmuasidir. Boshqacha qilib aytganda, hanafiy mazhabi Qur’on va Sunnatdagi qoidalarga asosan chiqarib olish mumkin bo‘lgan hukmlarning xulosasidir. Bu qoidalarni sahobalar, tobe’inlar va mujtahid imomlardan iborat ummatning eng katta ulamolari ishlab chiqishgan, Qur’on va Sunnatni o‘rganib, ushbu qoidalar majmuasiga asos solishgan. Ularning manhajini keyinroq bayon qilamiz.
Demak, hanafiy mazhabi ibodat, muomalot va boshqa barcha sohalarda Qur’on va Sunnatdagi qoidalarning xulosasi ekan. Buni qanday tushunish kerak? Masalan, bugungi kunda avtomashina, samolyot va poyezddan foydalanishning hukmini, aksiya muomalalari va boshqa masalalarning hukmini mana shu qoidalarga solib o‘rganamiz. Lekin Qur’on va Sunnatda aynan mashina yoki samolyotning, aksiyadorlikning hukmi yo‘q-ku? Uning hukmini qayerdan olamiz? Ularni Qur’on va Sunnat asosida ishlab chiqilgan qoida asosida olamiz. Bizga kerakli masalaning hukmi ana shu qoidadan kelib chiqadi. Buning tafsilotini keyinchalik o‘rganamiz.
Xullas, hanafiy mazhabi mana shu mashaqqatli vazifani bajardi. Sizu biz o‘tirib, o‘sha qoidalarni ishlab chiqishimizga, bugungi kundagi masalalar bo‘yicha hukm izlashimizga ehtiyoj qolmadi, buning o‘rniga mana shu mazhab «Marhamat» deb, bu qoidalarni taqdim qildi. Avvalgi avlodlar o‘z davridagi masalalarni bu qoidalarga qanday solgan bo‘lsa, biz ham yeyish-ichishdan tortib barcha masalalarni shu qoidalarga solishimiz mumkin bo‘ldi.
Ba’zi odamlarda «Fiqhdagi masalalar asosan o‘sha paytdagi, tarixdagi masalalar-ku, bugun ularning keragi yo‘q-ku», degan xato fikr bor. Fiqh Qur’on va Sunnatdan olingan qoidalardan iborat. Bugungi masalaga yechim topmoqchi bo‘lsak ham, baribir ana shu qoidalarga murojaat qilishimiz kerak bo‘ladi. Hayotimizda duch keladigan har qanday masalaning hukmini mana shu qoidalar yordamida bilib olishimiz mumkin.
Bir misol keltiraylik. Masalan, hanafiy mazhabida «Badandan chiqqan har qanday najosat tahoratni buzadi», degan qoida bor. Buni hammamiz bilamiz. Tahoratni buzadigan narsalarga oid qoidalar ham Qur’on va Sunnatdan olingan. Lekin shifoxonaga borib, donor sifatida yoki tahlil uchun qon topshirsam-chi? Bunda ham tahorat buziladimi? Bu narsalar tarixda bo‘lmagan, lekin hozir bor. Mana shu masalaning hukmi qanday bo‘ladi? Buni ham Qur’on oyatlaridan, hadislardan qidiramanmi? Albatta, yo‘q! Ilm o‘rgangan bo‘lsangiz, «Tanadan chiqqan qon tahoratni buzadi», degan qoidani bilasiz. Qon – bu najosat, u badandan chiqdi. Donorlikdanmi, tahlil uchunmi, farqi yo‘q. Mana, masalaning hukmi. Bir soniyadayoq bilib oldim. Agar «Tanadan chiqqan qon tahoratni buzadi» degan mana shu qoida bo‘lmasa, Qur’on va Sunnatdan yarim yil qidirsam ham, topa olmas edim.
Bu kabi ilgari bo‘lmagan, lekin hozir paydo bo‘lgan masalalar juda ko‘p. Xo‘sh, ularning javobini, hukmini qanday qilib topamiz? Sahobalar, tobe’inlar, mujtahid imomlar asrlar davomida ishlab chiqqan qoidalarni yangitdan ishlab chiqamizmi? Shunday qilishga haqqimiz bormi o‘zi? Yo‘q, biz bunday qila olmaymiz. Buning uchun bizda o‘zimiz ishlab chiqqan usulul-fiqh qoidalari bo‘lishi kerak. Shuning uchun bugungi kunda paydo bo‘layotgan barcha masalalarni mazhablarning qoidalari orqali bilib olamiz. Bu mavzuda juda uzoq gapirish mumkin. lekin hozir shu bilan kifoyalanib, o‘rni kelganda yana kengroq to‘xtalamiz.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Munosabat
Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.
Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.
Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.
Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.
Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.
E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.
Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.
Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.
Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.
Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.
Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.
Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.
Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.
Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy