Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Xalqimizning go‘zal tashbehlari, iboralari bisyor. Shulardan biri «O‘zi yo‘qning ko‘zi yo‘qmi?» jumlasi bo‘lib, bu ibora birovning ortidan yomon ish qilganlarga dakki berishda aytiladi. Ya’ni «bir kimsa yoningda bo‘lmasa, u ko‘rmayapti, deb bilganingni qilaverasanmi», deganidir. Bu iborani telefonda xabar almashadigan ayrimlarga ham qo‘llasak ham bo‘lar ekan deb o‘ylab qoldim.
Ba’zan bir kishi bilan yozishib tursam, u xabarimga javob bermasdan tarmoqdan chiqib ketadi. Suhbatdoshim meni bu borada ogohlantirmagani uchun hamda o‘zaro fikr almashishimiz yakunlanmagani uchun xayolim bo‘linib qoladi. Oradan biror soat o‘tib haligi kishidan kutgan xabarimga javob keladi. Unga «Nega chiqib ketdingiz, sizga savol berib turgan edim?» desam, «Yonimda odam bor edi, uzr», deydi. Yonidagi odamning hurmati bor-u, yonida bo‘lmaganniki yo‘qmi?! Uzrini oldinroq so‘rab qo‘ysa bo‘lar edi-ku!
Shunday vaziyatda yoningizdagi kishiga «Uzr, bir daqiqaga ruxsat bersangiz» deb, keyin messenjer orqali sizga yozib turgan kishiga: «Uzr, yonimda odam bor edi, keyinroq javob beraman», deb xabar yuborsangiz olam guliston bo‘ladi! Ikkala tomon ham haqqini halol qilganingiz uchun sizdan mamnun!
Ba’zilar yonidagi kishining rioyasini qilmay, uning gapiga bosh irg‘ab, boshqa bilan yozishib turaveradi. Ko‘pchilik esa «vaqtim bo‘lganda javob beraman» degan o‘yda yonida bo‘lmagan kishining rioyasini qilmaydi. Bu esa odobsizlikdandir.
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoq orqali xabarlashish kundalik odatlarimizga aylanib bo‘lgan. Juda ko‘p ishlarimizni shunda bitiramiz, yaqinlarimizdan ijtimoiy tarmoq orqali hol so‘raymiz. Shunday ekan, kichik ko‘ringan bu odobga ham rioya qilishimiz kerak. O‘zi yo‘qning ko‘zi yo‘q deb bilmang.
G‘iyosiddin Yusuf
«Hilol» jurnali 4(61) son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari bilan xalqimizning bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida "Qurbon hayiti" (Eid al-Adha) munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi.
Insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi "Astras" kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan.
Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llashdi.